Samgasi.uz



O‘zbekiston Respublikasi davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi

Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti

2018 yil 29 may seshanba kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o’tkaziladigan “Axborot soati va murabbiylik soati” materiallari

Samarqand- 2018 y

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY,

IJTIMOIY-SIYOSIY VOQEALARGA DOIR

MA’LUMOTLAR

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VA ROSSIYA FEDERATSIYASI PREZIDENTLARINING TELEFON ORQALI MULOQOTI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 may kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar qildi. 

Muloqot avvalida davlatimiz rahbari Vladimir Putinni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti lavozimiga kirishgani bilan yana bir bor samimiy tabrikladi va faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi. 

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanayotgani va izchil mustahkamlanib borayotgani, shuningdek, o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikda erishilgan yuqori natijalar chuqur mamnuniyat bilan alohida qayd etildi. 

Muloqot davomida davlat rahbarlari Rossiya Federatsiyasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifiga tayyorgarlik doirasidagi dolzarb masalalarni muhokama qildilar. 

Savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya faoliyati doirasida avval erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni amalga oshirish muhim ekani ta’kidlandi. 

Shu munosabat bilan Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida energetika majmui, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika sanoati va boshqa yuqori texnologik tarmoqlarda istiqbolli loyihalarni tayyorlash masalalariga e’tibor qaratildi. 

Hududlar darajasida faol muloqotlarni davom ettirish hamda joriy yil kuzida Toshkent shahrida O‘zbekiston va Rossiyaning birinchi hududlararo forumini o‘tkazish bo‘yicha kelishib olindi. 

Turizm va madaniyat sohalaridagi almashinuvlarni yanada kengaytirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida o‘zaro manfaatli dasturlarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi. 

Davlat rahbarlari xalqaro siyosatning dolzarb masalalarini ham muhokama qildilar. Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. 

Muloqot so‘nggida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Prezidentlari turli formatlarda yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar. 

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QOZOG‘ISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI BILAN TELEFON ORQALI MULOQOTI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 may kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar qildi. 

Davlat rahbarlari oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar va muloqotlar davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar. 

O‘zaro savdo hajmi barqaror sur’atlarda ortib, nomenklaturasi kengayib borayotgani, bu joriy yilning o‘zidayoq o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichini 3 milliard dollarga, yaqin yillarda esa 5 milliard dollarga yetkazish imkonini berishi chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi. 

Mamlakatlarimizning iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorligida mavjud ulkan salohiyatdan samarali foydalanishga qaratilgan hududlararo aloqalarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi. 

Tomonlar sanoat, energetika, transport sohalarida va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan birdek manfaatdor ekani ta’kidlandi. 

Davlat rahbarlari Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning samarali faoliyatini, shuningdek, Qozog‘istonda O‘zbekiston yili doirasida birgalikda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan tadbirlarni yuksak baholadilar. 

Shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. 

Muloqot so‘nggida Prezidentlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishda intilishi qat’iy ekanliklarini ta’kidladilar. 

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI ROSSIYA FEDERATSIYASI MUDOFAA VAZIRINI QABUL QILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 may kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Sergey Shoyguni qabul qildi. 

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani, shuningdek, amaliy hamkorlik tomonlarni qiziqtirgan barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi. 

Mamlakatlarimiz idoralari, hududlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasida aloqa va almashinuvlar faollashgani, iqtisodiyotning turli tarmoqlari va ijtimoiy sohada istiqbolli kooperatsiya dasturlari va loyihalari birgalikda amalga oshirilayotgani, madaniy-gumanitar yo‘nalishda samarali hamkorlik qilinayotgani alohida ta’kidlandi. 

Suhbatda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni, jumladan, idoralararo sheriklikni yanada kengaytirish, ikki tomonlama tadbirlar o‘tkazish, harbiy kadrlar tayyorlash va boshqa masalalar muhokama qilindi. 

Shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. 

Mudofaa vaziri davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. 

O‘zbekiston Qurolli Kuchlarini modernizatsiya qilish va mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda O‘zbekistonning mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashga doir tashabbuslari yuqori baholandi. 

Rossiya mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligiga xizmat qiladigan ikki tomonlama keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga tayyor ekani ta’kidlandi. 

O‘ZBEKISTON VA ROSSIYANI URUSH YILLARIDA JASORAT KO‘RSATGAN OTA-BOBOLARIMIZ XOTIRASI BOG‘LAB TURADI

Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Sergey Shoygu mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘ldi. Rossiya harbiy mahkamasi rahbarining O‘zbekistonga tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha yo‘nalishlarda, jumladan, harbiy sohada mustahkamlanib borayotgan strategik sheriklikning mantiqiy davomidir. Zero, urush yillarida jasorat ko‘rsatgan ota-bobolarimizning yorqin xotirasi xalqlarimiz va mamlakatlarimizni bog‘lab turadi. 

O‘zbekiston mudofaa vaziri, general-mayor Abdusalom Azizov Rossiya mudofaa vaziri bilan uchrashuvda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilda Moskvaga qilgan tashrifidan so‘ng ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib, yangi mazmun bilan boyiganini ta’kidladi. Bu munosabatlarga zamin ota-bobolarimiz yelkama-yelka turib, dunyoni fashizmdan qutqarayotgan paytlarda asos solingan. Shuningdek, Rossiya armiyasining tajribasi ham muhim ahamiyatga ega. 

Rossiya mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu, o‘z navbatida, samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlik aniq mazmun va muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. “Bu, avvalo, O‘zbekiston chegaralari yonida mavjud bo‘lgan tahdid va xatarlar bilan bog‘liq, albatta. Suriyadan qo‘shni mamlakatlarga, mintaqalarga, shu jumladan, O‘zbekistonga xavf solayotgan xalqaro terrorizm tahdidi tobora kuchayib borayotganini qayd etmay bo‘lmaydi. 

Bugun biz Afg‘onistondagi vaziyat barqarorlashmoqda, xavfsizroq bo‘lmoqda, deb ayta olmaymiz. Shuni hisobga olish kerakki, Suriyadan ketayotgan guruhlar Afg‘onistonga ham o‘tmoqda. Albatta, bunday vaziyatda zarurat tug‘ilganda davlat manfaatlari himoyasiga turishga qodir harbiy mutaxassislarni tayyorlash alohida o‘rin tutadi”, deb ta’kidladi Rossiya mudofaa mahkamasi rahbari. 

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Rossiya bilan harbiy, harbiy-texnik hamkorlikni davom ettirdi. 

2000 yildan buyon O‘zbekiston – Rossiya harbiy hamkorligi ikki davlat mudofaa vazirliklari tomonidan har yili tasdiqlanadigan harbiy hamkorlik rejalari asosida amalga oshirilmoqda. Ularni ro‘yobga chiqarish doirasida harbiy xizmatchilarning tezkor va jangovar tayyorgarligi darajasini, malakasini oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash, havo transporti harakatini boshqarish va parvozlar xavfsizligini ta’minlash, harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, tibbiy ta’minot bo‘yicha qo‘shma tadbirlar tashkil etilmoqda. O‘tgan davrda yuqorida tilga olingan rejalar doirasida ikki davlat hududida 290 dan ortiq qo‘shma tadbir uyushtirildi. 

2005 yil 23 sentyabr kuni “Forish” tog‘-dala o‘quv poligonida O‘zbekiston – Rossiya aksilterrorchilik o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi, ularda har tomondan 200 nafardan harbiy xizmatchi ishtirok etdi. 2006 yil 21 sentyabr kuni Krasnodar o‘lkasining poligonlaridan birida “Jangovar hamjamiyat – 2006” Rossiya – O‘zbekiston qo‘shma aksilterrorchilik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. 

2017 yilning 29 iyulidan 12 avgustiga qadar harbiy xizmatchilarimizning bir guruhi Ozarbayjon, Belarus, Rossiya, Xitoy va Qozog‘iston hududida MDH mamlakatlari harbiy xizmatchilari o‘rtasida o‘tkazilgan "ArMI-2017" xalqaro armiya o‘yinlarida ishtirok etdi. 

Harbiylarimiz ushbu musobaqada ilk bor ishtirok etishiga qaramay, o‘zini munosib ko‘rsatdi: dunyoning 28 mamlakati vakillari o‘rtasida kechgan bellashuvlarda ular "Harbiy razvedka a’lochisi", "Xavfsiz yo‘lak", "Sodiq do‘st", "Yo‘l patruli" tanlovlarida faxrli uchinchi o‘rinni egalladi. 

O‘tgan yil oktyabr oyida Jizzax viloyatidagi "Forish" poligonida O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma maxsus taktik o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Ularda Rossiya tomonidan Markaziy harbiy okrugning tog‘ o‘qchilari brigadasi harbiy xizmatchilari ishtirok etdi. Mashg‘ulotlar davomida terrorchilar yo‘lini to‘sish va ularni yo‘q qilish ko‘nikmalari mustahkamlandi. 

2017 yil 24 oktyabr kuni Toshkentda Mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha O‘zbekiston – Rossiya maslahatlashuvlarining beshinchi raundi bo‘lib o‘tdi. 2017 yil sentabr oyida esa O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasida harbiy attashe lavozimi ta’sis etildi. 

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro muloqotlar joriy yilda ham davom etdi. Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor B.Qurbonov boshchiligidagi mamlakatimiz harbiy delegatsiyasi Rossiya armiyasining Markaziy harbiy okrugida bo‘ldi, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini tashkil etish tajribasi bilan tanishdi. O‘zbekiston harbiy xizmatchilari MDH mamlakatlari o‘rtasidagi turli armiya musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Xususan, O‘zbekiston, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya jamoalari ishtirokida Moskva shaxridagi SSKA sport majmuasida o‘tkazilgan "Qo‘mondonlar startlari"da yigitlarimiz ikkinchi o‘rinni egalladi. Harbiy sportchilarimiz jami 1 oltin, 14 kumush va 5 bronza medalini qo‘lga kiritdi. Sankt-Peterburgda o‘tgan informatika bo‘yicha xalqaro olimpiadada Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti maxsus fakulteti kursantlari uchinchi o‘rinni egalladi. 

Joriy yil 17 aprel kuni Toshkentda MDHga a’zo mamlakatlar Mudofaa vazirlari Kengashi huzuridagi Harbiy hujumdan mudofaa masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi qo‘mitaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir mamlakatlarimiz o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi. 

Rossiya mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida ham bo‘ldi. 

Mudofaa vaziri Rossiya O‘zbekistondan yanada ko‘proq harbiy xizmatchilarni o‘qitish, shuningdek, xalqaro terrorizm tahdidi tarqalayotgani munosabati bilan harbiy mutaxassislar tayyorlash uchun mamlakatimizga o‘qituvchilar yo‘llashga tayyor ekanini ta’kidladi. "Biz nafaqat tajribamiz bilan bo‘lishish, balki mutaxassislar tayyorlashga tayyormiz. Aynan shu sababli bugun Rossiya o‘quv muassasalarida tahsil olayotgan harbiy mutaxassislar sonini bir necha barobar ko‘paytirishni rejalashtirmoqdamiz", deya keltiradi Shoyguning so‘zlarini TASS axborot agentligi. 

Rossiyalik mehmon qadimiy Samarqandga ham tashrif buyurib, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabriga gul qo‘ydi, shaharning tarixiy yodgorliklari bilan tanishdi. 

Rossiya mudofaa vazirining O‘zbekistonga tashrifi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning mamlakatimizga bo‘lajak davlat tashrifi oldidan amalga oshirilayotgani muhim ahamiyatga egadir. Zero, yuqorida ta’kidlanganidek, mamlakatlarimizni urush yillarida jasorat ko‘rsatgan ota-bobolarimiz yodi, shuningdek, barqarorlikni mustahkamlashga doir qarashlarning o‘xshashligi, xalqaro ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish muammosiga yondashuvlarning mushtarakligi bog‘lab turadi. 

KAPITAL QURILISHDA LOYIHA VA QURILISH ISHLARINI AMALGA OSHIRISH TARTIBINI OPTIMALLASHTIRISH BO‘YICHA QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, loyiha-smeta hujjatlarini kelishish va tasdiqlash hamda qurilish-montaj ishlarini olib borish tartibini soddalashtirish, shuningdek, kapital qurilishda pudratchilarning roli va javobgarligini kuchaytirish maqsadida: 

1. Belgilab qo‘yilsinki: 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasining davlat rivojlanish dasturlariga kiritilgan loyihalarni foydalanishga “tayyor holda topshirish” sharti asosida (Engineering Procurement Construction) (keyingi o‘rinlarda – EPC-pudratchilar) “fast-track” uslubida (bir vaqtning o‘zida loyihalash, xarid qilish va qurilish ishlari) realizatsiya qilishda pudratchilarga, jumladan, xorijiy pudratchilarga qurilish sohasidagi tegishli litsenziyalar va (yoki) ruxsatnomalarni olmasdan, loyihalarni sifatli amalga oshirish bo‘yicha to‘liq javobgarlikni EPC-pudratchilarga yuklash sharti bilan bir martalik ruxsat berishga haqli; 

EPC-pudratchilar “fast-track” uslubida loyihalarni realizatsiya qilish uchun ruxsat olishda shu kabi loyihalar bo‘yicha amaliy tajribaga, muayyan moliyaviy ko‘rsatkichlar va malakali muhandislar tarkibiga ega bo‘lishi hamda Agentlik tomonidan belgilangan boshqa mezonlarga mos kelishi shart; 

Arxitektura va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish faoliyatini litsenziyalash Agentlik tomonidan amalga oshiriladi. 

2. Qurilish loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish faoliyatini litsenziyalash bekor qilinsin. 

3. Belgilab qo‘yilsinki: 

ushbu Farmon ilovasida nazarda tutilgan qurilish sohasidagi ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan Agentlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi; 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Akkreditatsiya markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish loyihalarini ekspertizadan o‘tkazadigan shaxslarni akkreditatsiyalashga mas’ul organ hisoblanadi; 

Agentlik davlat buyurtmachisi va “fast-track” uslubida loyihalarni realizatsiya qilishga ruxsat olgan EPC-pudratchisi o‘rtasida davlat xaridlari haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga ruxsat berishga haqli. 

4. Markazga “fast-track” uslubida loyihalarni realizatsiya qilishga ruxsat olgan EPC-pudratchilar tomonidan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi xalqaro va (yoki) milliy normativ hujjatlardan foydalanish talablarini belgilash hamda kelishish huquqi berilsin. 

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 apreldagi “Qurilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5392-son Farmoni uchinchi bandining beshinchi xatboshisi hamda uning 1-ilovasi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin. 

6. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda: 

arxitektura va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish faoliyatini litsenziyalash tartibi hamda qurilish sohasidagi ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash uchun kiritishni; 

qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni kiritishni ta’minlasin. 

7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori SH.M.Sadikov zimmasiga yuklansin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018 yil 22 may 

O‘ZBEKISTON JURNALISTIKA VA OMMAVIY KOMMUNIKATSIYALAR UNIVERSITETINI TASHKIL ETISH TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Jahon axborot makoni globallashuvining kuchayishi ommaviy axborot vositalari sohasida dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarga tez va mos ravishda munosabat bildirish, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik qayta o‘zgarishlar haqida respublika aholisini, dunyo hamjamiyatini o‘z vaqtida va xolisona xabardor qilish tizimini takomillashtirish masalasi eng dolzarb vazifalardan biriga aylanib bormoqda. 

Ommaviy axborot vositalarining rivojlanishi, davlat va nodavlat davriy bosma nashrlar, teleradiostudiyalar, tahririyat-matbaa komplekslarining miqdor va sifat jihatidan o‘sishi, fuqarolik jamiyati institutlari, reklama agentliklari, axborot xizmatlari, media kommunikatsiya, internet jurnalistikasining shakllanishi raqobatbardosh, yangicha shart-sharoitlarda ishlay oladigan jurnalist kadrlarni tayyorlash zaruratini taqozo etmoqda. 

Jamiyatimiz hayotida demokratik prinsiplarni mustahkamlashda ommaviy axborot vositalari muhim va ta’sirchan omil hisoblanadi. Bu borada chinakam milliy jurnalistika maktabini shakllantirish, xususan, nodavlat ommaviy axborot vositalarini, axborot va Internet tarmog‘idagi tahliliy saytlarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratish muhim ahamiyatga egadir. 

Bugungi kunda yurtimizda 1500 dan ziyod ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning barchasiga yuqori malakali kadrlar zarur. Biroq, mamlakatimizda bunday keng ko‘lamli vazifani hal etadigan tayanch oliy ta’lim muassasasi mavjud emas. 

Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosini ta’minlash, shuningdek, hozirgi tez o‘zgarayotgan globallashuv davrida jurnalistikaning o‘ziga xos xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy- tadqiqot va ijodiy ishlar samaradorligini ta’minlash hamda ushbu soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish maqsadida: 

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti (keyingi o‘rinlarda Universitet deb yuritiladi) tashkil etilsin. 

2. Belgilab qo‘yilsinki, Universitet ommaviy axborot vositalari sohasi uchun jurnalist kadrlar, shu jumladan, yuqori malakali, bir necha xorijiy tillarni mukammal biladigan xalqaro jurnalistlar hamda ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, respublikada mediata’lim tizimini yaratish, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, mazkur yo‘nalishlarda ilmiy va o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. 

3. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari etib belgilansin: 

jurnalistika sohasini, uning o‘ziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy, falsafiy-estetik asoslari, zamonaviy mediatexnologiyalarni chuqur o‘zlashtirgan, yuqori malakali jurnalist kadrlarni milliy va xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta’minlash; 

mamlakatimizning ommaviy kommunikatsiya va jurnalistika sohasida erishgan yutuqlari, xorijiy mamlakatlar ta’lim muassasalarining tajribasi va hududlarda faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalarining talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda, tegishli yo‘nalishlar hamda mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quv-uslubiy adabiyotlarni yaratish, shuningdek, o‘quv jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini va masofadan o‘qitish usullarini joriy etish; 

jurnalistika sohasi ta’limini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilg‘or xorijiy texnologiyalarni joriy qilishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etish; 

o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ta’lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida pedagogika sohasidagi etakchi respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish; 

istiqbolli yosh bitiruvchilarni xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarining magistratura va doktoranturasida ta’lim olish uchun muntazam yuborish orqali Universitetning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish; 

respublika ommaviy axborot vositalari mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ilmiy-metodik bazasini shakllantirish va o‘quv-metodik rahbarlikni amalga oshirish. 

4. Quyidagilar: 

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq; 

2018-2021 yillarda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini rivojlantirish chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziriga, zarur hollarda, Universitet tuzilmasiga oliy ta’lim muassasasi uchun belgilangan normativlarga muvofiq xodimlarning umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin. 

5. 2018/2019 o‘quv yilida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida bakalavrlar va magistrlar tayyorlash bo‘yicha qabul kvotalari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

Qayd etilsinki: 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tavsiyasi asosida Universitetning tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha abiturientlarni oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish kirish test sinovlari bilan bir qatorda ularning kasb layoqatini aniqlashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon (yozma va suhbat shaklida) o‘tkazish orqali amalga oshiriladi; 

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Jurnalistika (faoliyat turlari bo‘yicha)” ta’lim yo‘nalishi va uning negizidagi magistratura mutaxassisliklari, shu jumladan, “Oliy jurnalistika kurslari” bo‘yicha qabul to‘xtatiladi hamda ushbu ta’lim yo‘nalishi va uning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalar o‘qishni bitirgunlariga qadar mazkur oliy ta’lim muassasalarida o‘qishini davom ettiradilar; 

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Universitetga talabalarni bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul qilish soni har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi. 

6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlarini o‘rganib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga Universitetning sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha qabul kvotalarini shakllantirish yuzasidan bir oy muddatda taklif kiritsin. 

Qayd etilsinki, sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha qabul kvotalari 2018/2019 o‘quv yilida Universitet bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun belgilangan qabul kvotalarining o‘ttiz foizigacha bo‘lgan miqdorda belgilanadi. 

7. Belgilansinki, Universitet uchun bir nafar o‘qituvchi hisobiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni nisbatining cheklangan normativi 1:6,0 nisbatda o‘rnatiladi va Universitet professor-o‘qituvchilarining bazaviy lavozim maoshlari miqdoriga o‘ttiz foiz ustama qo‘shib hisoblanadi. 

8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi: 

bir oy muddatda Universitet ustavining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi choralarini ko‘rsin; 

2018 yil 15 iyunga qadar Universitetning bo‘limlari, fakultetlari va kafedralarini shakllantirishni, tasdiqlangan tuzilmaga muvofiq professor-o‘qituvchilar tarkibini yuqori malakali, ta’lim tizimida zamonaviy bilimlarga, shuningdek, amaliy ish tajribasiga ega mutaxassislar bilan to‘ldirilishini, professor-o‘qituvchilarning kasbiy mahorati va darajasini uzluksiz oshirish uchun sharoitlar yaratilishini, o‘quv jarayoniga yuqori malakali xorijiy olimlar, professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar keng jalb etilishini ta’minlasin; 

2018 yil 15 iyulga qadar jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlashga oid ilg‘or xorijiy tajriba asosida o‘quv rejalari va fan dasturlari, o‘quv-metodik materiallar va qo‘llanmalar ishlab chiqilishini va kafedralarga etkazilishini ta’minlasin; 

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda talabalarning malakaviy amaliyotlarini belgilangan tartibda milliy, shuningdek, ilg‘or xorijiy ommaviy axborot vositalari bazasida tashkil etish choralarini ko‘rsin; 

Universitetning boshlang‘ich faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida uning bino va inshootlarini joriy ta’mirlash va jihozlash (mebellar, kompyuter texnikasi, o‘quv adabiyotlari va boshqa moddiy-texnika vositalari) uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan foydalansin. 

9. Universitet kadrlar buyurtmachilari ro‘yxati va ularga biriktiriladigan talabalar soni 4-ilovaga hamda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining amaliyot o‘tash ob’ektlariga biriktirilishi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

10. Quyidagilar Universitetda yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha kadrlar buyurtmachilarining asosiy vazifalari etib belgilansin: 

korxona va tashkilotlar ob’ektlarida talabalarning amaliyotini tashkil qilish va “ustoz-shogird” tizimi asosida o‘talishini ta’minlash hamda talabalarni ishlab chiqarishning yangi me’yoriy hujjatlari, zamonaviy axborot dasturiy ta’minot mahsulotlari bilan yaqindan tanishtirish; 

ishlab chiqarish korxona va tashkilotlaridan tayinlangan malakaviy amaliyot rahbarlariga asosiy ish joyidan qo‘shimcha ish haqlarini tayinlash; 

manfaatdor vazirlik va idoralar tasarrufidagi boshqarmalar va ularning tarkibidagi korxona va tashkilotlardan malakali, tajribali mutaxassislarni ta’lim jarayonida ishtirokini ta’minlash; 

korxona va tashkilotlarda professor-o‘qituvchilarning stajirovkalari uchun shart-sharoitlar hamda kafedralarning filiallarini tashkil etish va amaliy mashg‘ulotlar o‘tish imkoniyatini yaratish. Kadrlar buyurtmachilari talaba bilan o‘qishni bitirganidan so‘ng 5 yil ishlab berish majburiyatini belgilovchi shartnoma tuzish orqali uning bazaviy to‘lov kontraktini 2-bosqichda kamida 50 foiz, 3-bosqichda kamida 75 foiz va 4-bosqichda 100 foiz miqdorda to‘lab berishi mumkinligi qayd etilsin. 

11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot markazi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Universitetning professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlarini xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlariga malakasini oshirish va doktoranturaga yuborish, talabalarning malakaviy amaliyot o‘tashini muntazam tashkil etsin. 

12. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Universitetda jurnalistika sohasi bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash ochish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin. 

13. Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin: 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari; 

to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar; 

xo‘jalik faoliyatidan va shartnomalar asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar; 

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari; 

xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari; 

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar. 

14. Toshkent shahar hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Markaz-5, 88-uyda joylashgan Yunusobod dizayn kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birga Universitetga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin. 

Belgilab qo‘yilsinki, Yunusobod dizayn kasb-hunar kollejining o‘quvchilari o‘qishni bitirgunlariga qadar Universitet binolarida o‘quv jarayonini davom ettiradilar. 

15. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bir oy muddatda: 

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Universitetni onlayn ma’ruza hamda masofaviy ta’lim uchun telekommunikatsiya jihozlari va infratuzilmasi bilan ta’minlash, shuningdek, Internet hamda elektron ta’lim milliy tarmog‘iga ulash choralarini ko‘rish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin; 

Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Universitetning bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash hamda jihozlash ishlarini 2019 yil va keyingi yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilishi bo‘yicha asoslangan takliflar ishlab chiqsin. 

16. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi: 

Universitetni saqlash xarajatlarini 2018 yilda ijtimoiy soha bo‘yicha tasdiqlangan byudjet parametrlari doirasida ajratishni, 2019 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin; 

Universitetga 2 ta, shu jumladan, 1 ta xizmat va 1 ta maxsus engil avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratsin. 

17. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi: 

bir oy muddatda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Vasiylik kengashining tarkibini tasdiqlasin; 

Universitetning moddiy-texnika bazasini yaratish, shu jumladan, talabalar turar joyini qurish va jihozlash, kichik bosmaxona va o‘quv telestudiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zarur choralar ko‘rsin. 

18. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.V.Akmalov va O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U.Madjidov zimmasiga yuklansin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018 yil 24 may 

................
................

In order to avoid copyright disputes, this page is only a partial summary.

Google Online Preview   Download

To fulfill the demand for quickly locating and searching documents.

It is intelligent file search solution for home and business.

Literature Lottery

Related download
Related searches