O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY TA’LIM VAZIRLIGI



O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI

OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI

TOSHKENT DAVLAT SHARQSHUNOSLIK INSTITUTI

A.ISMOILOV

ERON FILOLOGIYASIGA KIRISH

fanidan ma’ruza matnlari

TOSHKENT – 2009

I. MAVZU

ISH REJASI:

1. Muqaddima.

2. O‘zbekistonda eronshunoslik.

3. Eronshunoslik markazlari.

4. Eron filologiyasi va eronshunoslik.

5. Istorizmning eron filologiyasi uchun ahamiyati.

6. Eronshunoslik va Eron filologiyasi sharqshunoslik fanlari tarkibida.

MUQADDIMA

Eron filologiyasiga kirish maxsus fanini o‘qitishdan maqsad eroniy tillar va bu tillarda yaratilgan adabiyotlarni o‘rganuvchi o‘quvchilarni shu fan bilan bog‘liq boshqa fanlar olamiga olib kirishdir. Bu fan eroniy tillarni o‘rganuvchi hamma mamlakatlarning ilmiy markazlarida o‘qitilib kelinmoqda.

Rossiyada 1804-yildan beri Moskva va Sank-Peturburg universitetlarida mashhur rus eronshunoslari A.A.Freyman, L.A.Xentagurov, I.M.Oranskiy va boshqalar mazkur fanni o‘qiganlar. Toshkent davlat sharqshunoslik institutining Sharq filologiyasi fakulteti “Eron-afg‘on filologiyasi” kafedrasida bu fan 1955-yildan beri o‘qitilmoqda. Fanni o‘qitishda I.M.Oranskiyning 1960 va 1988-yillarda nashr etilgan “Vvedenie v iranskuyu filologiyu” kitobi asosiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Yillar o‘tishi bilan Eron filologiyasiga kirish faniga oid materiallar kengayib bormoqda. Shuning uchun jamlangan hamma materiallarni bir maxsus fanga ajratilgan darslarda yoritib berish qiyin. Ayniqsa:

a) qadimgi yozma yodgorliklar;

b) Eron tilshunosligi;

v) Eroniy tillar shevashunosligi shular jumlasidandir.

Yuqoridagi muammolar bo‘yicha fors, rus, ingliz va boshqa tillardagi nashr qilingan monografik va kollektiv ilmiy ishlar qayd qilib o‘tiladi xolos[1].

Bundan tashqari eroniy tillarga bag‘ishlangan davriy jurnallarda ham ko‘plab ilmiy materiallar berib borilmoqda. «Iranskoe yazikoznanie» (Rossiya), «Studia Iranika» (Fransiya), Studien zur Indologie und “Iranistik” (Germaniya) “Acta Iranika” (Teheran – Liege) hamda «Avstriya fanlar akademiyasining «Eron komissiya»si shular jumlasidandir.

Keyingi 20-25 yillar ichida Afg‘onistonda sodir bo‘lgan siyosiy o‘zgarishlar natijasida afg‘onshunoslikka bo‘lgan qiziqish ham ortib bormoqda. Afg‘onistondagi mahalliy tillarni o‘rganish bo‘yicha bir qator ilmiy kitoblar nashrdan chiqdi, hamda “Afghanistan journal” (qraz), “Afqhan Sfudies” (London), “Bibliofheca Afqhanica” (Liestal) davriy nashrlari ham chop etib kelinmoqda.

Eroniy tillar guruhiga kiruvchi xalqlarning adabiyotlari va ayniqsa, hozirgi zamon adabiyotini o‘rganishga oid materiallar deyarli chetlab o‘tiladi.

Mazkur ma’ruza matni o‘zbek tilida ilk bor yozilayotgani va bunga O‘zbekistondagi eronshunoslarning ilmiy faoliyati kiritilinayotgani sababli kamchiliklar bo‘lishi tabiiy holdir.

O‘zbekistonda eronshunoslik

Eroniy tillarda gaplashuvchi xalqlar bilan turkiyzabon xalqlar azal-azaldan yonma-yon yashab, ko‘plari deyarli ikki tillik bo‘lganliklari haqida ko‘plab ma’lumotlarga egamiz. O‘zbek mumtoz adabiyoti fors-tojik adabiyoti bilan hamnafas bo‘lib, ularning o‘zaro ta’siri haqida olimlarimiz ko‘p va xo‘b yozishgan.

O‘zbekistonda olimlarimiz eronshunoslik bilan 1920-28-yillarda Turkiston davlat universitetida va 1944-yildan Toshkent Davlat universitetining sharq fakultetida, 1991-yildan esa Toshkent davlat sharqshunoslik institutida eron-afg‘on filologiyasi va xorijiy sharq mamlakatlari adabiyoti kafedrasida shug‘ullanishmoqda.

Ular fors-dariy-pashtu tillarining xususiyatlari va adabiyotini o‘rganadilar. Ushbu sharqshunoslik maktabida yetishib chiqqan hozirgi zamon fors adabiyotining chuqur bilimdoni, Firdavsiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindori O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, f.f.doktori, professor, Shoislom Shomuxammedov, f.f.d. professor Abdurahim Mannonov, f.f.d. Orif Usmonov, dotsentlar S.Yuldasheva, Rahmonxo‘ja Inomxo‘jaevlar fors-dariy, pashtu tillari adabiyoti bilan shug‘ullanishsa, f.f.d., professorlar A.G‘.G‘aniev, A.Quronbekov, M.Imomnazarov, dotsentlar N.A.Muhammedova, M.Abdusamatov, Z.Umarov, A.Ismoilov, O.Shokirov, A.Vohidov va boshqalar fors, dariy tillarining grammatik, leksik-semantik va sotsio-lingvistik xususiyatlarini o‘rganish bilan mashg‘uldirlar. Tarix fanlari doktori professor M.Ishoqov, Asqar Maxkamov O‘rta Osiyoda birinchilardan bo‘lib, avestoshunoslik va So‘g‘dshunoslik yo‘nalishida ilmiy ishlar olib borishmoqda.

Eronshunoslik markazlari

Eroniy tillarning xususiyatlari ularning adabiyoti, tarixi va etnografiyasini o‘rganish bilan jaxonning turli mamlakatlarida ko‘plab olimlar mashg‘uldirlar. Eronning o‘zida Tehron, Isfahon, Shiroz, Tabriz, Mashhad shaharlarida faoliyat ko‘rsatayotgan universitetlarda, ilmiy-tekshirish markazlarida eroniy tillarning, xususan, fors tilining adabiyoti va tarixi o‘rganilmoqda.

Afg‘onistonda Kobul universiteti va FAda pashtu, dariy va Afg‘onistonda mavjud bo‘lgan tillarning xususiyatlari, folklori va adabiyoti o‘rganilmoqda.

Tojikistonda Tojikiston davlat universiteti, FA huzuridagi Sharqshunoslik institutida eroniy tillar bilan bir qatorda tojik tilining xususiyatlari va adabiyoti o‘rganilmoqda.

Rossiyada eroniy tillar bilan Sankt-Petrburg va Moskva Davlat universitetlari va Rossiya FA huzuridagi sharqshunoslik instituti xodimlari shug‘ullanmoqdalar.

Eronshunoslik bilan Yevropada Germaniya, Angliya, Fransiya, Shvesiya va Norvegiya davlatlarida, sharqda esa HHindiston, Pokiston, shuningdek, hamdo‘stlik mamlakatlaridan: Gruziya, Armaniston va Ozarbayjon, hamda Amerika Qo‘shma Shtatlarida olimlar muvaffaqiyatli shug‘ullanib kelishmoqda.

Transkripsiya

Ma’ruza matnida uchraydigan qadimgi va o‘rta eroniy tillar va dialektlarga oid materiallarni berishda biz M.Oranskiyning «Vvedenie v iranskuyu filologiyu» kitobidagi (12-14-betlar) transkripsiya va shartli belgilardan foydalanishni ma’qul ko‘rdik. Chunki, eronshunoslikda hozirgi kunlarda transkripsiyaning turli variantlaridan foydalanilmoqda.

Eron filologiyasi va eronshunoslik

Istorizmning eron filologiyasi uchun ahamiyati

«Filologiya – yunoncha so‘z bo‘lib, so‘zga muhabbat, fikrlash», degan ma’noni anglatadi. (Filo – mehribon, sevguchi, do‘st va logos – so‘z, fikr, mulohaza).

Qadimgi Yunonistonda differensiallanmagan antik fan davrida hamma olimlarni, qanday fan olamida ish olib borishlariga qaramay, filologlar, ya’ni “so‘zga mehribonlar”, deb atashgan. Keyinchalik fanning rivojlanishi va boyishi natijasida hamda fanlarning ma’lum sohalarga bo‘linishi oqibatida filologiya tushunchasining hajmi va mazmuni ma’lum darajada o‘zgardi.

Ma’lumki, o‘rta asrlarda va uyg‘onish davrida filologlar, asosan, qadimgi mualliflarning asarlarini o‘rganardilar, shuning uchun filologiya nomi ostida qadimgi yodgorlik asarlarini o‘qish va izohlashni tushunganlar. Buning uchun esa asar qaysi tilda yozilgan bo‘lsa o‘sha tilni chuqur o‘rganish va o‘sha davrning tarixiy – madaniy vaziyatini yaxshi bilish lozim edi. Shuning uchun filologiya vaqt o‘tishi bilan biror xalqning tarixiy, madaniy vaziyatini yozma adabiyot bilan birga o‘rganishi uchun yaratilgan fan sifatida maydonga chiqdi.

Hozirgi paytda filologiya fanining asosiy o‘rganish ob’ekti – qadimgi yozuv yodgorliklari bo‘lib, ular turli ijtimoiy-tarixiy bosqichlarda biror xalqning og‘zaki adabiy ijodi va tilini aks ettiradi. Mana shu turli tarixiy bosqichlarda adabiyotning o‘sishi tarix fani bilan bog‘liqdir. Bu esa filologiya bilan tarix fanlarining bir-biri bilan chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatadi. Ana shuni Eron filologiyasiga tatbiq qilib, shunday deb ayta olamiz: Eron filologiyasi – eroniy tillar bilan tillarda yaratilgan adabiyotni (xalq og‘zaki ijodini hisobga olgan holda) o‘zining tarixiy taraqqiyotida jamiyat tarixi bilan bo‘lgan munosabatini o‘rganadigan fandir. Eron filologiyasi ham o‘z navbatida ikki qismga bo‘linadi:

1) eroniy tillar tilshunosligi;

2) eroniy xalqlar adabiyoti.

Agar biror qadimiy asarni tekstologik o‘rganilsa bu adabiyotshunoslikka kiradi, uning tilini o‘rganish esa tilshunoslikning vazifasidir. Shunday qilib, eron filologiyasi eronshunoslikning bir bo‘lagi bo‘lib, eroniy tillar guruhida gaplashuvchi xalqlar, elatlarning madaniy tarixi va umumiy tarixi bilan shug‘ullanuvchi fandir.

Eronshunoslik va eron filologiyasi sharqshunoslik fanlari tarkibida

Eron filologiyasi faqat eronshunoslik fanlari bilan emas, balki sharqshunoslikning ko‘pgina fanlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Masalan, hindshunoslik, semitologiya, turkologiya va h.k. Bularni bir-biridan ajratib o‘rganish mumkin emas, balki ular qadimiy yozma yodgorliklarni o‘rganishda va ularni tarjima qilishda katta ahamiyatga ega.

Tayanch iboralar

Tarix va filologiya, eron filologiyasi, transkripsiya va transliteratsiya, sharqshunoslik fani.

Savollar

1. Eron filologiyasiga kirish fani qachon va qaerda birinchi marta o‘qitila boshlandi?

2. O‘zbekistonda sharqshunos-eronshunoslardan kimlarni bilasiz?

3. Sharqshunoslik fani qaysi fanlar bilan chambarchas bog‘liq?

II. MAVZU

ISH REJASI:

1. Eroniy tillar va shevalar. Eroniy tillar oilasi haqida tushuncha. Eron tilshunosligi.

2. Qadimgi eroniy tillar.

3. O‘rta eroniy tillar.

4. Eroniy tilshunoslikda tarixiy-qiyosiy uslub.

Eroniy tillar va shevalar. Eroniy tillar oilasi (guruhi) haqida tushuncha.

Eroniy tilshunoslik

Til kishilar o‘rtasidagi o‘zaro muomala qurolidir. Ma’lum tarixiy davrda ma’lum sabablarga binoan muomaladan chiqqan tillarga o‘lik tillar deyiladi. Shunga binoan eroniy tillar ikki gruppaga ajratilinadi.

1. Qadimgi o‘lik eroniy tillar.

2. Hozirgi zamon (tirik) eroniy tillar.

Tirik tillarni o‘rganish oson, chunki, ma’lum aniq qurollar bilan shu tilning fonetikasi, dialektlarini va leksik-grammatik xususiyatlarini o‘rganish mumkin.

Lekin o‘lik tillar esa buning tamoman aksidir, chunki o‘rganuvchi ob’ekt kishi qo‘lida tirik tilga o‘xshab to‘la material bo‘lmaydi. O‘lik tilni fan faqat shu holda o‘rganishi mumkinki, agar shu tilda biror yozma yodgorlik asari mavjud bo‘lsa. Bundan tashqari o‘sha davr shohidlarining guvohligi ham ma’lum rol o‘ynaydi. Lekin bu yozma yodgorliklar o‘rganilayotgan tilni grammatikasi, strukturasi, so‘z tarkibi va lug‘at boyligi haqida hech qanday ma’lumot bermaydi, chunki bu asarlarda atoqli otlar yoki biror shohning urushdagi g‘alabalari haqida yozilgan bo‘ladi. Qancha qadimgi davrga kirib borsak shuncha yozma yodgorliklar kam uchraydi. Chunki ko‘pgina qo‘lyozmalar har xil sabablar bilan yo‘qotib tashlangan. Masalan, O‘rta Osiyoda, Eronda va Afg‘onistonda arablar bostirib kelishi bilan bu yerlardagi juda ko‘plab qo‘lyozmalar yo‘qotib yuborilgan. Xatto shu kunlarda ham Afg‘onistonda Toliblar hukumatining qarori bilan Kushoniylar sulolasi davriga oid yodgorliklar buzib tashlandi. Bu esa qadimgi davrga oid yodgorliklarni o‘rganishni mushkullashtirib yuboradi. Garchi lotin, qadimgi yahudiy, qadimgi yunon tillari muomaladan chiqqan bo‘lsa ham, lekin ular hozirgi kunda diniy va ilmiy sohalarda qo‘llanib kelinmoqda, qadimgi eroniy tillar esa umuman muomaladan siqib chiqarilgan. Shunday tillar ham borki ulardan hech qanday yozma yodgorliklar qolmagan. Fanda esa ular haqida boshqa tillarda yozilgan asarlardan keltirilgan ba’zi ma’lumotlar bor xolos. Qadimgi eroniy tillar davriga kiruvchi ba’zi tillar shular jumlasiga kiradi.

Qadimgi eroniy tillar

Avesto tili. Bu til nomi emas, balki Avesto kitoblar to‘plami bo‘lib, unda diniy «goh»lar-gimnlar va qadimiy eroniy tillarda gapiruvchi xalqlarning tashkil topishi bayon qilingan. Avesto tili shartli nom bo‘lib, har xil davrda va har xil sharoitda yozilgan, I qismlari er. avvalgi II minginchi yillarda og‘zaki holda to‘qilgan bo‘lib, og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurgan. Diniy hikoyalar, gimnlar, odatlar eramizning birinchi yillari qisqartirilgan holda yozilgan bo‘lsa kerak. Bu davrda Avesto tili o‘lik til bo‘lib, hech kim bu tilda gapirishgan emas va Sosoniylar davrida (eramizning III-VII asr). Tavrot, Injil va Qur’onga o‘xshash muqaddas kitob sifatida o‘qilgan. Avesto kitobining juda oz qismi bizgacha yetib kelgan bo‘lib, u ham VIII-IX asrlarda yozilgan. Avesto tili ham yetarli darajada o‘rganilmagan, faqat Eronda mashhur avestoshunos Pur Dovud uning tili va tarjimasi bilan shug‘ullangan va nashr ettirgan.

Qadimgi eroniy til. Eramizdan avvalgi I minginchi yillarda Eron yassi tog‘liklarida yashagan fors qabilalarining tili bo‘lib, mixxatdan foydalanishgan. Er.avvalgi VI-IV asrlarda Ahamoniylar sulolasi shu xatda yozishgan.

Sak (skif) tili. Shimoliy qora dengiz bo‘yida yashovchi qabilalarning tili bo‘lib, er.avvalgi VIII-VII asrlardan to eramizning IV-V asrlariga taaluqlidir.[2]

Midiy tili. Eramizdan avvalgi I minginchi yillarning yarmida Eron yassi tog‘ligining Kaspiy dengizining janubiy tomon ketgan hududida yashagan midiy qabilalarining tili bo‘lib, uning tili haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Faqat ayrim midiy so‘zlari yunon tarixchi-olimi Geredotning «Tarix» va boshqa asarlarida va qadimgi eron matnlarida uchraydi.

O‘rta fors tili. Eramizning III-VII asrlarida Eron hududida oromiy yozuvining turli variantlarida yozilgan ko‘plab yodgorliklarning tili shartli ravishda yuqoridagi termin bilan ataladi. Sosoniylar sulolasi Eronda hukumronlik qilgan paytda o‘rta fors tili davlat tili bo‘lib, u ibodatxonalarda otashparastlik dinining tili bo‘lib ham xizmat qilgan. Bu tilda ko‘plab diniy (otashparastlik) va dunyoviy adabiyotlar yaratilgan.

Sharqiy Turkistonning Turfan qal’asida topilgan Moniylar xarakatini aks ettiruvchi xujjatlar ham shu tilda yozilgan. O‘rta fors tilini ko‘pincha pahlaviy tili deb ba’zi adabiyotlarda beriladiki, bu xatodir.

Parfyan tili. er.avvalgi I minginchi yilning oxirlarida va eramizning I minginchi yillarining boshlarida O‘rta Osiyo va Xurosonda yashagan qabila – xalqlarning tilidir. Bu tildagi so‘zlarning ayrimlari hozirgi arman tilida uchraydi. Parfyan tilidagi yozuvlarning ko‘pchiligi toshga yozilgan.

So‘g‘d tili. Zarafshon daryosi vohasida yashovchi sug‘diyon xalqlari tili bo‘lib, ular VIII asrga oiddir. Sug‘d tiliga oid materiallar Tojikistonning Panjikent va Zahmatobod tumanlarida olib borilgan qazish ishlarida ko‘plab topilgan. So‘g‘d tilida zarb etilgan tangalar sharqiy Turkistonda topilgan.

Xorazm tili. Amudaryoning quyi oqimidagi pasttekistlikda yashagan xalqning tili. Xorazm tili haqida ma’lumotlar juda kam, faqat arabiy manbalarda Xorazm tilida qo‘llanilgan so‘zlar va iboralar uchrab turadi. (VIII-XIV asr) Xorazm tilida yozilgan ko‘plab epigrafik yodgorliklar qadimgi Xorazm tuprog‘ini qazish ishlari olib borilganda topilgan.

Sak (xo‘ton) tili. Eramizning I minginchi yillariga oid sharqiy Turkiston hududida, asosan Xo‘tonda, topilgan buddiy dini asosida yozilgan diniy va dunyoviy adabiyotlar va xujjatlar tiliga aytiladi.

Baqtriya tili. Amudaryoning yuqori oqimi shimoldagi hisor tizmalari va janubda hinduqush tog‘lari orasida yashagan qadimgi baqtriya xalqlarining tili. Fors tilidagi adabiyotlarda “tohar” deb ham nomlanadi. hozirgi Baqtriya tilida yozilgan matnlar (XX asrning 50-yillari) Shimoliy Afg‘onistonda (So‘rx Ko‘tol) topilgan. Ularning biri nisbatan katta, ikkinchisi esa yozuv parchalaridan iboratdir. Bu xristian dinining boshlanishi davrida yozilgan bo‘lib, yunon alifbosining o‘zgargan variantida yozilgan.

Alan tili. O‘rta asrlarda janubiy Rusiya va shimoliy Kavkazning cho‘l zonalarida joylashgan alan qabilalarining tili. O‘rta asr olimlarining asarlarida alan tilidagi ba’zi so‘zlar va iboralar uchrab turadi.[3]

Hozirgi zamon eroniy tillar

Hozirgi zamon eroniy tillar oilasiga tojik, fors, afg‘on, osetin, kurd, baluj kabi ko‘p sonli xalqlar bilan birga nufuzi kichik parachi, ormuri, munjon, tat, talish, yag‘nob va pamir tillaridan – shug‘non, ravshan, yazg‘ulom, vaxan, ishkashim kabi tillar hamda Erondagi lur, baxtiyor, mazandaron, kumzori va kaspiybo‘yi shevalari kiradi. Bu tillar va shevalar haqida keyingi boblarda alohida to‘xtalamiz.

Eron tilshunosligida tarixiy-qiyosiy uslub (metod)

Eron tilshunosligining asosiy uslubi bu tarixiy – qiyosiy uslubdir. Bu uslubning asosiy vazifasi til yoki tillarning tarixini tiklashdir. Bunda o‘rganilayotgan til yoki tillar guruhini qarindosh tillar bilan qiyoslash asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Eng qadimgi eroniy tillarning yodgorligi bo‘lmish Avesto, Ahamoniylar davrining mahsuli mixxat yozuvlarini deshifrofka qilish, o‘rta fors, So‘g‘d, parfyan, xorazm tillarini o‘rganishda bu uslubning ahamiyati juda katta bo‘ldi. Shu uslubni qo‘llash natijasida osetin, afg‘on, pamir, skif va boshqa tillarning eroniy tillar guruhiga taaluqli ekanligi aniqlandi va eroniy tillar o‘rtasidagi munosabatlar hamda ularning taraqqiyotini ichki qonunlari ochib berildi.

Tayanch iboralar

O‘lik tillar, tirik (jonli) tillar, qadimgi eroniy tillar, o‘rta eroniy tillar, eramizdan avvalgi, milodgacha bo‘lgan davr, tarixiy qiyosiy uslub.

Savollar

1. Tillar oilasi haqida nimani bilasiz?

2. Eroniy tillar oilasiga kiruvchi qadimgi va o‘rta eroniy til davriga oid tillar haqida qaysi kitoblarda ma’lumotlar bor?

III. MAVZU

ISH REJASI:

1. Eroniy tillarning mustaqil guruhga ajralishi.

2. Eroniy tillar tarixining davrlanishi.

3. O‘rta Osiyoning oriyzabon qabilalari.

4. Umumoriyzabon qabila jamoasining parchalanishi.

5. Eroniy tillar guruhining ajralishi.

Eroniy tillarning mustaqil guruhga ajratilishi.

Eroniy tillarning tarixiy davrlanishi

O‘rta Osiyo va unga chegaradosh viloyatlarda qadim-qadimdan eroniyzabon xalqlar yashashgan. O‘rta Osiyo va unga qo‘shni Afg‘oniston ham Eron hududlari, ayniqsa, bu maydonlardagi daryo vohalari, tog‘ yonbag‘irlari aholi yashashi uchun juda qulay bo‘lgan. O‘zbekistonning janubiy hududidagi Teshik Tosh g‘orida (Boysun tog‘i) topilgan eng qadimgi (eramizdan av. 100-40 ming yillar) oid qabr yoki Xorazm vohasidagi arxeologik qazilmalar (kelt-minor madaniyati) yoki Amudaryo yoqasidagi qamish va daraxtlardan qurilgan uylar buning yaqqol misolidir. Bu yerlarda yashagan xalq qaysi tilda gapirishgani fanga ma’lum emas, lekin bu yerli aholining iqtisodiy-madaniy hayotini aks ettiruvchi lavhadir.

O‘rta Osiyoning oriyzabon qabilalari

Eramizdan avvalgi III-II minginchi yillargacha O‘rta Osiyo hududining eng qadimgi qismlarini tahlili shuni ko‘rsatadiki, Veda va Avestoni yaratgan hindiy zabon va eroniyzabon xalqlar birgalikda bir hududda yashashgan va bir-biriga yaqin qarindosh oriyzabon shevalarida so‘zlashishgan. Buni shundan ko‘rish mumkinki, ikkala epik kitoblarning mazmuni ham umumiydir. Diniy mafkura ham umumiy etnik nom (av. A’rua, ved.arua) ham umumiydir. Xatto xudolarning nomi ham bir-biriga o‘xshash. M.Avestoda shoh Ilma va uning o‘g‘li Vivaxvantni veda qaxramoni shoh Yama va uning o‘g‘li Vivasvant bilan taqqoslash ham bunga kifoya qiladi. Bunday o‘xshashliklarni ko‘plab keltirish mumkin. Eng asosiysi, Avesta tili va Veda tili (veda sanskrit) o‘zining grammatik va fonetik tuzilishi, so‘z yasalishi va siktaksisi bo‘yicha bir-biriga juda yaqindir. Yuqoridagi zikr etilgan omillar Avesta va Vedani yaratgan tillar bir umumiy til – oriy til negiziga olib keladi.

Fan yuqoridagilarga asoslanib shunday xulosaga keladiki, qadim zamonlarda hindiy zabon va eroniy zabon xalqlar oriy tilining shevalarida gapirishgan lekin, fanni ikki savol qiziqtiradi:

1. Oriyzabon xalqlar hindiy va eroniy zabon guruhlarga ajralguncha qaysi hududda yashashgan?

2. Qaysi davrda oriyzabon xalqlarni qabila jamoasi umumiy qabila jamoadan ajrala boshlagan?

Umumiy oriyzabon qabila jamoasining parchalanishi.

Eroniy tillar guruhining (oilasi) ajralishi

Umumjamoa oriy qabilasi davri juda qadim-qadimgi zamonga borib taqaladi. O‘sha davrga oid yozma yodgorliklar yo‘q. Buni keyinroq vujudga kelgan yodgorliklar va tarixiy-madaniy guvohliklar asosida o‘rganish mumkin. Tarixan (Inda) Hind vohasida yashagan va hindiy tillar va shevalarda gapirishgan qabilalar hamda eroniy tillar va shevalarda gapirishib, Eron yassitog‘liklari va O‘rta Osiyoda yashagan qabilalar va xalqlar aslan tub aholi bo‘lishmagan. Bu tillarda so‘zlashuvchi qabila va xalqlarning hammasi biz yuqorida nomlarini keltirgan yurtlarga kelgindilardir. Buning isboti shuki, Veda matnlarida oriyzabon (hindiyzabon) qabilalarning hind vodiysi tomon yurishi va er.av. III-II minginchi yillarda yuqori madaniyatni yaratgan o‘troq tub aholi bilan kurashganlari aks ettirilgan. Xuddi shunday xolatni Eron yassitog‘liklarida (ayniqsa uning g‘arbiy qismlarida) yashagan qabilalar eroniy tillar va uning shevalarida gapirishmagan tub aholini tashkil qilgan, ya’ni tor ma’noda oriy tili guruhiga, kengroq aytganda, hindevropa tillariga taaluqli bo‘lmagan. Oriy shevalarida gapirishgan qabilalarning ona yurti O‘rta Osiyo va unga yondosh hududlar bo‘lgan. Bu fikrning dalili bo‘lib Avesto kitobi ham xizmat qiladi. Chunki Avesto mualliflariga O‘rta Osiyoning topografiya va toponomikasi yaxshi ma’lum bo‘lgan. Ikkinchidan hindshunoslarning fikricha Rigvedi hind vodiysida to‘la yaratilgan bo‘lib u er.av. II minginchi yillarning o‘rtalariga mos keladi. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, umumoriyzabon qabilalarining davri er.av. III minginchi yillarning oxiri va II minginchi yillarning boshlariga to‘g‘ri keladi. Keyinroq ko‘chmanchi holatda yashovchi oriyzabon xalqlar turli siyosiy-iqtisodiy sabablarga ko‘ra ikki yo‘nalishda O‘rta Osiyodan boshqa yurtlarga ko‘chib ketganlar.

1. Sharqiy yo‘nalish:

III ming yillikning oxiri va II ming yillikning boshlarida ko‘chmanchi oriyzabon qabilalarining bir qismi ona yurti O‘rta Osiyoni tark etib, Afg‘oniston orqali Panjob va Ganga vodiysining yuqori qismlariga ko‘chib ketishgan.

2. G‘arbiy yo‘nalish:

Xuddi shu davrda oriyzabon qabilalarning bir qismi kichik Osiyo va Mesopatamiya vohalariga ko‘chib ketishi kuzatilgan.

Shunday katta territoriyaga joylashgan oriyzabon qabilalarning tillari ma’lum darajada o‘zgargan. Shevalarda ham katta o‘zgarishlar ro‘y bergan. Bu esa umumoriy jamoa tilining bo‘linib ketishiga olib kelgan. Bu yerda shuni ta’kidlash lozimki, 70-80-yillarda hind-evropa tillarining paydo bo‘lishi va uning manbai to‘g‘risida Amerika va G‘arbiy Yevropa olimlarining qarashlari bo‘yicha qator maqola va monografiyalari chop etila boshlandi. Bulardan Moskva-Tbilisi shaharlarida nashr qilingan T.V.Gamkrelidze va V.V.Ivanovlarning («Indoyevroneyskiy yazik i indoyevropeysi» I-II jild, Tbilisi 1984) nomli ikki jildlik ilmiy asarlari alohida diqqatga sazovordir. Mualliflarning fikricha, Hind-Yevropa tillarida gapirishgan qabilalar er.av. VIII-VII mingyilliklarda Mesopatamiya va Yaqin Sharq hududida yashagan va ular ham ikki yo‘nalishda hijrat qilganlar:

1. Janubiy Sharqiy yo‘nalish:

Er.av. III-II minginchi yillarda turli shevalarda so‘zlashuvchi qabilalarning bir guruhi Yaqin Sharq hududidan janubiy Kavkaz va Shimoliy Eron orqali Afg‘oniston, O‘rta Osiyo va Hindiston tomon xijrat qilganlar va keyinchalik yerlik tub aholi bilan yonma-yon yashay boshlaganlar.

2. Kichik Osiyo, Shimoliy Qora dengiz yo‘nalishi. Boshqa guruh qabilalari (Shumerlar bilan birga) Kichik Osiyoga o‘tib, undan Qora dengiz, Azov dengizi, Ural daryosi orqali Xorazm vohasigacha yetib borganlar. I.M.Oranskiyning «Vvedenie v iranskuyu filologiyu» kitobiga asoslangan holda shuni aytish joizki, O‘rta Osiyo hududidan chiqib ketgan oriyzabon qabilalar – hindiy tillari guruhi va eroniy tillar guruhiga ajralib, mustaqil rivojlanish yo‘liga kirganlar.

Tayanch iboralar

Eroniyzabon xalqlar, oriyzabon qabilalar, umumoriyzabon qabilalar, hindiyzabon xalqlar ko‘chmanchi xalqlar, o‘troq xalqlar, tub yerli aholi.

Savollar

1. Eroniy tillarning davriy bo‘linishini qanday tushunasiz?

2. Oriyzabon qabilalarning joylashish o‘rni haqida olimlar o‘rtasida qanday turli qarashlar mavjud?

IV. MAVZU

ISH REJASI:

1. Eroniy tillar tarixining davriy bo‘linishi. Eroniy tillarning umumoriy tillardan ajralib chiqishi.

2. Eroniyzabon qabilalar va eng qadimgi xalqlar (asosiy manbalar).

Eroniy tillar tarixining davriy bo‘linishi

Eroniy tillarning umumoriy tillaridan ajralib chiqishi

Eroniy tillarning oriy umumjamoa tillaridan ajralishi (taxminan er.av. II minginchi yillarning boshlanishi) eroniy tillar oilasi tarixining davriylashiga asos bo‘ladi.

Fanda Eroniy tillar tarixini shartli ravishda uch davrga ajratish qabul qilingan.

1. Qadimgi eroniy tillar davri (er.av. II minginchi yillarning boshlanishi va er.av. IV-III asrlargacha).

2. O‘rta eroniy tillar davri (er.av. IV-III asrlardan to eramizning VIII-IX asrlarigacha).

3. Yangi eroniy tillar davri (eramizning VIII-IX asrlaridan to shu kunlargacha).

Yuqorida aytganimizdek, tillarni davrlash bu shartli holatdir chunki til juda asta-sekin rivojlanadi. Jamoaning keskin o‘zgarishi bilan tildagi o‘zgarishlar bir-biriga mos kelmaydi. Shuning uchun davrlar o‘rtasida keskin chegara tortish mumkin emas.

Til tarixini davrlash esa yiG‘ilgan ko‘plab materiallarni klassifikatsiyalash va ularni sistemalashga imkon beradi. Til tarixini yaratishda asosiy material bo‘lib, yozma yodgorliklar xizmat qiladi, chunki bunda tilning grammatik strukturasi, lug‘at tarkibi va shu o‘rganilayotgan davrga oid tilning fonetikasi mujassamlashgan bo‘ladi. Goho o‘rganilayotgan tilning o‘zida yozma yodgorliklar qolmay, bir necha asr keyinroq boshqa tilda yozilgan yozma yodgorliklardan mazkur tilning grammatik strukturasi, lug‘at tarkibi va fonetikasi haqida ma’lumotlar topamiz. Masalan: Xorazm tili o‘rta eroniy til davriga xos bo‘lsa ham, undan yozma yodgorlik qolmagani uchun (hozirgi) yangi eroniy tillardan, yoki arab manbalaridan ma’lumotlar olamiz (XII-XIII asrlar).

QADIMGI ERONIY TILLAR DAVRI

(er.av. II minginchi yillarning boshlanishi er.av. IV-III asrlar)

Eroniyzabon qabilalar va eng qadimgi xalqlar

(asosiy manbalar)

Qadim zamonlarda qadimgi forsiyzabon qabila va elatlar yashagan tarixiy va tarixiy-madaniy hayotni o‘rganishdagi asosiy manba bo‘lib, Avesto va qadimgi mixxat yozuvlari xizmat qiladi.

Eroniyzabon yodgorliklarni va o‘sha davr tarixiy hayotini o‘rganishda va yoritishda qadimgi Sharq va O‘rta yer dengizi atrofida yashagan boshqa xalqlarning yozma manbalari ham qo‘l keladi. Mixxat yozuvidan foydalangan tillardagi manbalar eronzabon xalqlar tomonidan egallangan hududlar haqidagi ma’lumotlar ikki daryo oraliG‘idagi shumer va akkad (vavilion va assuriy shevalari bilan) tillaridagi yodgorliklarda birinchi bor aks etgan. Eron yassi tog‘liklarining g‘arbiy qismlari haqidagi ozgina ma’lumot er.av. III minginchi yillarning tarixi va II minginchi yillarning boshlariga oid eski akkad va shumer tillaridagi manbalarda uchraydi.[4]

Bibliya (Injil)

Middiy va Pors podshohliklarining tashkil topishi va ularning xarbiy yurishlari skif qabilalarining bostirib kelishlari bilan bog‘liq ma’lumotlar qadimgi juhudlarning yozma adabiy yodgorligi Bibliyada uchratish mumkin. Eroniy qabilalar va elatlarning tarixini yoritishda payg‘ambarlarning diniy siyosiy vazifalari: Naum (er.av. VII asr oxiri), Ieremin (er.av. VI asr boshi), Ezra va Nexemin (er.av. V asr) va boshqalar katta axamiyatga ega. Boshqa ba’zibir ma’lumotlar diniy kitoblar, jumladan Podshohlik kitobi (kniga sarstv) da uchraydi.

Yunon manbalari

Qadimgi yunon mualliflarining Eron, uning tarixi va aholisi bilan qiziqishi er.av. V asrlarda yunon-fors urushi va Iskandar Zulqarnaynning (Makedonskiy) sharqqa yurishi bilan bog‘liqdir.

Qadimgi fors mixxat yozuvlarini deshifrovka qilgunga qadar yunon mualliflarining bayozlari qadimgi eroniyzabon qabila va elatlarning tarixi va tarixiy madaniy hayotlarini aks ettiruvchi asosiy manba bo‘lib xizmat qildi va hozirgi kunga qadar ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas.

Ayniqsa, Geredotning (er.av. 425-yilda vafot etgan) «Tarix» kitobi juda ahamiyatlidir. Kitobdagi Midiy podshohlarining forslar davlati boshliqlari va Ahamoniylar sulolasi tarixi haqidagi ma’lumotlar bevosita midiy va fors qabilalarining mashhur urug‘lari namoyandalari bergan ma’lumotlar asosida yozilgan. Ayniqsa, Geredotning skiflar haqidagi ma’lumoti juda muhimdir. Yana Ktesiya (er.av. V asr oxiri – IV boshlari) va Ksenofont (er.av. 430-yilda tug‘ilgan)larning shaxsiy kuzatuvlari ham katta axamiyatga ega. Ktesiyaning «Persica» asaridan ba’zi parchalar keyingi mualliflar asarida saqlanib qolgan.

Yunon mualliflariga va mixxat yozuvchilarida O‘rta Osiyo va Sharqiy Eron hududi va uning aholisi haqida hech qanday ma’lumot bo‘lmagan.

Qadimgi Misr hududidan topilgan manbalar

Er.av. 525-yilda Misr maydoni ahamoniylar tomonidan bosib olingan. Fors podshohlarining tashqi siyosatiga bog‘liq Misr yozuvlarida bu haqda aytiladi. Bundan tashqari Misr maydonidagi mefantil xarbiy qo‘rg‘onidagi qazish ishlari olib boilmoqda Ahamoniylar hukumronlik qilgan davrni yorituvchi oromiy xujjatlari ham katta ahamiyatga ega.

Tayanch iboralar

Umumoriy til eramizdan avvalgi, miloddan avval, qadimgi eroniy tillar davri, o‘rta eroniy tillar davri, yangi eroniy tillar davri, Ahamoniylar sulolasi.

Savollar

1. O‘rta Osiyoda yashagan tub aholi kimlar bo‘lgan ?

2. Eroniy zabon xalqlarning hijrati qaysi yo‘nalishlarda borgan ?

3. Qaysi manbalarda eng qadimgi eroniyzabon xalqlar haqida ma’lumot beriladi?

V. MAVZU

ISH REJASI:

1. Qadimgi eroniy til davrida eroniyzabon qabila va elatlarning joylashishi.

2. Eroniyzabon qabila va elatlarning Eron yassi tog‘ligining g‘arbiy qismiga tarqalishi.

3. Midiylar.

4. Fors qabilalari va Ahamoniylar davlati.

5. Sak (skif) qabilalari.

QADIMGI ERONIY TIL DAVRIDA ERONIYZABON QABILA VA ELATLARNING JOYLASHISHI

O‘rta Osiyo va unga yondosh viloyatlarning eroniyzabon qabila va elatlari

Qadimgi eroniy til davri eroniyzabon xalqlarning taxminan 2000 (ikki) ming yillik tarixini o‘z ichiga oladi. Bu davrning boshlanishida oriy qabilasidan ajrab chiqqan eroniyzabon qabilalar O‘rta Osiyo, Xuroson va unga yondosh viloyatlarda yashashardi (Xuroson – XVAR-AS – kun chiqar sharq, tarixda Xuroson nomi bilan shimoldan Amudaryo va janubdan Hindqush tog‘lari va Dashti-Kabir cho‘llari orasidagi maydon nazarda tutilgan). Ularning hayoti va sharoiti haqida axborot beruvchi birinchi manba Avestodir. Avesto qadimgi eroniy tillarning eng qadimgi yodgorligi bo‘lib, u bir paytda eroniy zabon xalqlarining, yozma adabiy ijodidir. Avestoning Videvdat qismida eroniyzabon qabila va elatlarning joylashishi haqida ma’lumotlar uchratamiz. Vivedat qismining mualliflariga O‘rta Osiyo va unga qo‘shni viloyatlarning eng katta vohalari ma’lum bo‘lgan: Gava-so‘g‘diyona Zarafshon daryosi vohasida marva (yunoncha Marg‘iyon, Murg‘ob daryosi vohasida Mavr vohasi oazis, hozirgi Mariy viloyati) vaxdi (yunon. Vaqtriya, Amudaryoning yuqori va o‘rta oqimi, Shimoliy Afg‘oniston va O‘rta Osiyoning janubiy-sharqiy qismi) haraiva (areia, Xarirud daryosi bo‘ylari, Shimoliy Afg‘onistonning Hirot shahri atroflari) Xvarizm – xvarizem – Xorazm.[5]

Eron yassitog‘ligining g‘arbiy qismi (farsa viloyati – parsa qadimgi fors yozuvlarida) Avestoda umuman tilga olinmaydi.

Eroniyzabon qabila va elatlarning Eron yassi tog‘ligining g‘arbiy qismiga tarqalishi

Er.avv. I minginchi yillarning boshlaridan boshlab katta-katta eroniyzabon qabilalarning Eronning g‘arbiy qismlariga ko‘chishi kuzatiladi. Mesopatamiya va unga yondosh hududlarda qadimgi vaqtlarda hind-evropa tillar oilasiga kirmaydigan tillarda gapirishuvchi qabila va elatlar yashashardi. Bunga sabab otashparastlik dinining asoschisi Sipiytmon Zardo‘sht Xorazmlik bo‘lib u yakkaxudolikni ya’ni zardushtiylik ta’limotini keng targ‘ib qila boshlaydi. Boshliq, urug‘ va qabila boshliqlari, ko‘p xudolikka sig‘inishni targ‘ib qiladigan qoxinlar qarshiligiga duch kelgan Zardo‘sht o‘zi tug‘ilib o‘sgan Xorazmni tark etib, o‘zining yaqin maslakdoshlari bilan Eronning sharqiy viloyatlariga ketishga majbur bo‘ladi. Zardo‘shtning diniy ta’limoti Eron shohi Kavi Vishtaspga ma’qul bo‘ladi va uni davlat dini sifatida e’zozlashga farmon chiqaradi. Eronning barcha hududlarida keyinchalik Afg‘oniston va O‘rta Osiyoda otashkadalar-ibodatxonalar quriladi. Ammo Sipiytmon Zardo‘sht 77 yoshida Balx shahridagi ibodatxonada g‘oyaviy dushmanlaridan biri Bratarvaxsh tomonidan zaharli xanjar sanchib o‘ldiriladi. Qorun va Kerxda (hozirgi Xuzisbon poytaxti Suza shahri) Elam davlati hukumronlik qilgan bo‘lib, uerda rasmiy til elam tili bo‘lgan.

G‘arbiy Eronning tog‘li rayonlarida kassib va lulo‘boy tog‘li qabilalari yashashgan. Ularning tillari elam tiliga yaqin bo‘lib, balkim qarindosh til bo‘lgandir. Kaspiy dengizining janubiy-g‘arb tomonlarida qadimgi yunon mualliflariga ma’lum kaspiy va mainyat qabilalari yashashgan. Bu qabilalarning tili va uning qaysi guruhga qarashli ekanligi haqida hozircha biror hukum chiqarish qiyin.

Shunday qilib, er.avv. I minginchi yillarda Eron yassi tog‘liklariga kelib joylashgan va u yerga o‘z nomini bergan eroniyzabon qabilalar yerli tub aholi bo‘lishmagan. Eron so‘zi o‘rta eron tilida etnik nom “arua”ning roditelniy padej, ko‘plik shakldagi ko‘rinishidir. Qadimgi Eron “aruanam xsadram” (oriylar podshohligi), O‘rta Eron “Eran sahr” (Eron podshohligi). Birinchi marta bu termin yunon tarixchisi Eramosfenning kuzatuvchi daftarida “ariane” shaklida uchraydi.[6]

Haqiqatan Mesopotomiyada eroniyzabon qabilalarning ta’sir kuchi katta bo‘lib, assuriy podshohlarining yozuvlarida eroniyzabon qabila va ularning boshliqlarining nomlari, o‘z qo‘l ostiga birlashtirilgan podshohlarning nomlari zabt etilgan.

Midiy (Midiyonlar)

Assuri podshohi Shulmanu ashsharidu III ning yozuvlarida birinchi marta (er.avv. 835-y.).

Midiy – “tadai” – qabilasi eslatib o‘tiladi. Bu qabilalar er.avv. VIII-VI asrlarda Eronning shimoliy – g‘arbiy qismida quldorlik davlatini tuzganlar. Bu davlatning poytaxti qadimgi fors tilida – “hamgmatana ham” – “gmata” – hozirgi Hamadon shahridir. Ular bu mamlakatga o‘z nomlarini “mada” berdilar. Madiyon nomi Qur’onda ham uchraydi.

Midiy tilida yozma yodgorliklar yo‘q. Lekin saqlangan manbalarda midiy tilining eroniy tillar guruhiga mansubligi haqida ma’lumotlar bor. Geredot 6 ta midiy qabilalarining nomini keltiradi. Shuningdek bir necha midiy so‘zlarni ham keltiradiki, bular midiy tilining eroniy tillar guruhiga tegishli ekanligini tasdiqlaydi. Masalan: “aruazantie” – oriy qabilasi, midiy spaka avesto span qadimgi fors tilida saka, hozirgi tojik tilida “sag” hozirgi fors tilida “sag” – it, kuchuk.

Midiy qabilalari qadimgi sharqda muhim rol o‘ynashgan Midiy podshohligining ta’siri Eron yassi tog‘ligining kattagina qismini hamda Kichik Osiyogacha bo‘lgan (Kappadokiya) – Galis hozirgi Qizil irmoq daryosigacha bo‘lgan hududni o‘z ichiga olganki, mazkur daryo Qora dengizga qo‘yilgan.

Fors qabilalari va ahamoniylar davlati

Qadimgi Sharq tarixida yana bir eroniyzabon qabilalaridan biri fors qabilasi katta rol o‘ynadi (qadimgi fors – parsa). Bu termin assuriy yozuvlarida er.avv. IX asrlarda, ya’ni midiyonlar haqida birinchi ma’lumot paydo bo‘lgan paytda «parsua» shaklida uchragan. Bu davrda fors qabilalari hali kuchga ega emasdi. Bir necha asr keyinroq fors qabilalari fors qo‘ltig‘ini janubiy-g‘arbiy qismiga kelib joylashadi va shu hududga qabila nomi Parsa (parsa – qadimgi yunon – Peraus Persida, arablashgan shakli Fars, Farsistan) beriladi. Er.avv. 593-yilda birlashgan fors qabilalari hukmron Midiy davlatiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarib, midiylar davlatini ag‘darishadi va mustaqil Ahamoniylar davlatini qurishadi. (er.avv. 550-yil) Ahamoniylar davlati juda katta hudud O‘rta Osiyo va Armanistondan boshlab to janubda Habashistongacha, Egey dengizi qirg‘oqlaridan to sharqda Inda havzasigacha bo‘lgan joylarni o‘z tassarrufiga oldi.

Fors qabilalari ham o‘zlarini oriy qabilasiga mansub hisoblardilar. Masalan: Doro I o‘z yozuvida shunday yozdirgan: Man, Doro, ulug‘ podshoh, shoxlarning shohi... Vishtasp o‘g‘li, Ahamoniy, fors, fors o‘g‘li, oriy, zotidan (Dar, NR, 8-15-betlar) “arua” so‘zi fors dohiylarining ismi oldidan ham qo‘yilib talaffuz qilingan. Masalan: Doro I ning bobosining nomi “Ariuaramna” bo‘lgan.

Sak (skif) qabilalari

Er.avv. I minginchi yillarda O‘rta Osiyoning shimoliy hududlarida yashagan ko‘chmanchi qabilalarni saklar deb atashgan. Ular ham eroniyzabon qabilalardan bo‘lib, qadimgi fors yozuvlarida ularning bir necha qabila nomlari keltirilgan

1) “Saka tigraxauda” – uchli popoqli saklar, ular Sirdaryo vohasidan shimolga ko‘chib borgan qabilalardir;

2) “Saka haumavarga” – Murg‘ob daryosi atrofida yashagan saklar;

3) “Saka tuaiu para sugdaw” – So‘g‘dlarning orqa tomonidagi saklar;

4) “Saka tuaiu paradraua” – dengiz ortidagi saklar.

Bu yerda qaysi dengiz nazarda tutilgani noma’lum. Agar Orol dengizi nazarda tutilgan bo‘lsa unda ular Saklar, agar qora dengiz nazarda tutilgan bo‘lsalar unda ular skiflardir. O‘rta Osiyoning g‘arbiy qismidan to Qora dengizning shimoliy hududlarigacha bo‘lgan maydonda yashagan ko‘chmanchi qabilalar haqida yunon va lotin yozuvlarida ko‘plab ma’lumotlar uchraydi. Yunonlar bu qabilalarni skiflar va sarmatlar deb atashgan. Skiflar Bosfor bo‘g‘ozi orqali Dunay daryosiga chiqqan Doro I askarlari bilan urushishgan va uni chekinishga majbur qilishgan (Geredot. Tarix). Keyinroq antik mualliflar Strabon (eramizning boshlari) va Arian (er.avv. II asr) hozirgi Turkmaniston hududida yashagan saklar, hamda ulardan uzoqroqda yashagan massagetlar haqida ma’lumot beradilar. Ular massagetlarni Kaspiy dengizining sharqida saklardan sal chetroqda va katta tekislikda yashashganini xabar qilishadi. Massaget termini sak qabilalarining uyushmasi, ya’ni “katta, ulug‘ saklar” ma’nosini ifodalaydi. Hind va Xitoy manbalarida sak qabilalari O‘rta Osiyoning sharqiy qismi va Xitoy Turkistonida yashashgani haqida ma’lumotlar bor.

Skif tili haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Lekin yunon Qora va Azov dengizlari atrofida topilgan yozuvlarda bir necha skif so‘zlari uchraydi. Bu so‘zlar skif sarmat qabilalari va kishi nomlari. Skiflar ham o‘zlarini oriy qabilasiga mansub, deb bilardilar va eroniy tillarning shevalaridan birida so‘zlashardilar. Skif sarmat qabilalarining nomlarini qiyoslang: arii, alan, alani, skif qabilalari boshliqlari nomlari: ariantas, ariapetses, ariasamnes va h.k.

Shunday qilib, eroniyzabon qabila va elatlar – xorazmiylar, so‘g‘dlar, sak (skif)lar midionlar, forslar va boshqalar qadimgi eroniy tili davrining vakili bo‘lib, ular g‘arbdan Dunay daryosi va shimoliy Qora dengiz sharqdan Farg‘ona vodiysi va sharqiy Turkistongacha, shimoldan Sirdaryo bo‘ylaridan janubda fors qo‘ltig‘igacha bo‘lgan hududda joylashgan edilar

Tayanch iboralar

Xuroson viloyati, Dashti-Kabir cho‘llari, muqaddas Videvdat, otashkada Spiytmon Zardo‘sht, Xorazm vohasi podshoh Shulmanuasharidu III ning yozuvlari Parsa qabilasi, Ahamoniylar podshohi Doro I Sak qabilalari

Savollar

1. Eroniyzabon xalqlar oriyzabon xalqlardan ajralib chiqqach,dastlab qaerlarda yashagan?

2. Eroniyzabon xalqlarning yashash joylari haqida qaysi kitoblarda ma’lumotlar bor?

3. Sak va Midiy xalqlarining yashagan joylari haqida ma’lumotlar qaysi manbalarda mavjud?

VI. MAVZU

ISH REJASI:

1. Qadimgi eroniy til davrining yozma yodgorliklari. Avesto.

2. Avestoning kashf qilinishi va o‘rganilishi.

3. Avesto matnlarining shakllanishi va yozilishi.

4. O‘zbekistonda Avestoning o‘rganilishi.

5. Avestoning tarkibi va mazmuni.

6. Avesto tili.

Qadimgi eroniy til davrining yozma yodgorliklari

A V E S T O

Avesto eroniy tillarning eng qadimgi va eng muhim yodgorligidir. Arablar kelguncha Eronda rasmiy davlat dini otashparastlikning matnlari jamlangan Muqaddas kitobdir. Islom dini Eronga va O‘rta Osiyoga kirib kelgach, ko‘plab otashparastlar Hindistonga qochib ketganlar. Ular, asosan Bombey, Kalkutta shaharlari atrofiga va mamlakatning sharqiy qismlari Seyiston, Kermon, Mekron viloyatlariga borib joylashganlar.

Hozirgi vaqtlarda Hindistonda otashparastlarni parslar deb atashadi va ularning soni taxminan 150000 kishiga yetadi. Ularning aksariyati hind tili – gujeratini og‘zaki va adabiy til sifatida qabul qilganlar. XV asrda parslarning muqaddas kitoblari gujeratiga tarjima qilingan. Eronda, ular asosan, Yazd va Kermon shaharlarida, qisman guruh-guruh bo‘lib Tehron, Shiroz va Mekron shaharlarida yashaydilar taxminan ularning soni 20000 kishiga yetadi. Otashparastliklarni Eronda gebrlar deb atashadi.

Avestoning kashf qilinishi va o‘rganilishi

Qadimgi Eronda muqaddas kitob Avesto mavjudligi haqidagi ma’lumotlar qadimgi yunon suriya, armen, arab mualliflarining asarlarida qayd qilingan. Avesto haqida eroniyzabon xalqlarning og‘zaki ijodida va X-XI asrlarda ijod qilgan Firdousiyning «Shohnoma» asarida eslab o‘tilgan. Lekin, fanga Avestoning ayrim parchalarini aks ettirgan qo‘lyozmalar XVII-XVIII asrlarda ma’lum bo‘ldi. Notanish tilda yozilgan bu qo‘lyozmalarga XVIII asrgacha hech kimning tishi o‘tmagan. XVIII asrning ikkinchi yarmida yosh fransuz Anketil Dyuperron (1731-1805-y.) 1754-yilda Oksfordda saqlangan Avestoning bir necha varag‘i bilan tanishgach, Hindistonga borishga jazm qildi va u yerda 1755-1761-yillarda ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirib, Avestoni o‘rganishga muvafaq bo‘ldi. U yerda Anketil Dyuperron qadimgi muqaddas matnlarni o‘qishga o‘rgandi va o‘zi bilan bir qancha qo‘lyozmalarni Parijga olib qaytdi. Olib kelingan qo‘lyozmalarni obdon o‘rganib, Avestoni tarjima qildi va uni fransuz tilida izohlar berib «Zend Avesto» nomi bilan nashr ettirdi.

Shunday qilib ikki asrdan ortiqroq davrda ilmiy davrgacha qadimgi eron qo‘lyozma boyligi kirib keldiki, u hammaning e’tiborini o‘ziga jalb qilib kelmoqda. Er.avv. II minginchi yilgacha O‘rta Osiyo va unga qo‘shni hududlarda yashagan xalqlarning tarixiy va madaniy hayoti haqidagi ma’lumotlar shu qimmatli yodgorlik Avestoda o‘z aksini topgan. Lekin Anketil Dyunerron yetarli darajada filologik tajribaga ega bo‘lmagani uchun uning tarjimalarida bir qator noaniqliklar va xatolar ro‘y beradiki, ularni tuzatish uchun ko‘plab olimlar turli izohlar bera boshladilar. Xatto ba’zilar matnlarning haqiqiy ekanligiga shubha ham bildirdilar. Masalan, “Zand” so‘zining o‘zi «Bilim, ta’lim, qonun ma’nolarida o‘rta fors tilidagi Avestoning versiyalarini emas, balki asosiy Avesto matnlarini belgilash uchun ham ishlatilgan» (Bu haqda nemis olimi J.C.Tavadianing asarlariga murojat qiling).

Yana shuni unutmaslik kerakki, zand termini Avestoning o‘rta fors tiliga qilingan tarjima matni ma’nosida ham qo‘llanilgan. 1826-yilda daniyalik tilshunos Rasmus Kristian Rosk (1787-1832) qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning asoschilaridan biri Avesto tilini qadimiyligini asoslab, uning Hindistonning qadimiy tili sanskrit bilan qarindosh ekanligini asoslab berdi (Oranskiy EFK 70 bet).

XIX asrning I va II yarimlarida Avestoning ayrim parchalarini tarjima qilish va grammatik tizimlarini ayrim xususiyatlarini o‘rganish bo‘yicha bir qator ilmiy ishlar qilindi.

Avesto matnlarining shakllanishi va yozilishi

Biz yuqorida ba’zi joylarda ta’kidlab o‘tganimizdek Avestoning qismlari turli davrda turli mualliflar tomonidan O‘rta Osiyo hududida yaratilgan. Avestoning O‘rta Osiyo olimlari tomonidan o‘rganilishi X-XI asrlarda Abu Rayhon Beruniyning Avesto bilan bog‘liq tadqiqotlaridirki, u alohida qiymatga ega. Zero Beruniy Avestoni chuqur bilgan holda o‘z zamonida o‘tmishdan unga yetib kelgan xronologik, etnografik, tarixiy ma’lumotlarni tahlil qiladi. Shu munosabat bilan biz Beruniyning ilk o‘zbek avestoshunosi deb atashimiz mumkin. O‘rta asrlarda O‘rta Osiyoda islom dini mavqeining kuchayishi munosabati bilan Avestoga nisbatan mahsus qiziqishlar kuzatilmaydi. Lekin klassik adabiyotda Avesto motivlari u yoki bu tarzda uchrab turadi. Avesto bo‘yicha tadqiqotlar O‘zbekistonda XX asrning II yarmidan boshlandi. Bu ishda N.M.Mallaev, A.P.Qayumov singari olimlar xizmatini alohida ta’kidlash lozim. Xususan, «O‘zbek adabiyoti tarixi» nomli ko‘p jildlik akademik va «Istoriya uzbekskoy literaturi» kitoblarda Avesto haqidagi qismlarda ko‘pgina fikr-mulohazalar bildirildi. O‘zbekistonda avestoshunoslik, asosan, istiqlol davrida jiddiy yo‘nalish tusini oldi. Ayniqsa, 1990-yildan boshlab Mirsodiq Ishoqov va Asqar Mahkamovlar tomonidan Avestoning o‘zbek tiliga tarjimalari turli nashrlarda e’lon qilina boshlanadiki, bu ilmiy jamoatchilikning e’tiborini o‘ziga torta boshladi. Bu davrda o‘zbek olimlarining ko‘pchiligi rus tilida nashr etilgan rus eronshunoslari Ye.E.Bertels, I.S.Oraginskiylarning va ba’zan esa, ma’naviy jihatdan biroz eskirgan O.Makavelskiylarning «Avesto» kitoblaridan foydalanib tayyorlagan maqola va risolalar ham ommaviy nashrlarda e’lon qilina boshlanadi. Shuningdek, Homidiyning eronlik mashhur avestoshunos olim Pur Dovud tayyorlagan forsiy nashrlardan foydalanib yozgan maqolalari ham gazeta va jurnallarda e’lon qilina boshlandi. Keyingi paytlarda, Avestoning 2700 yilligiga bag‘ishlab, respublikamizda o‘tkazilayotgan qator tadbirlar ham avestoshunoslikka muhim hissa qo‘shmoqda.

Agar Avestoning birinchi qismi er.avv. II minginchi yillarda yaratilgan deb hisoblasak, u o‘sha davrdagi eroniyzabon qabilalar hayotini ya’ni O‘rta Osiyo hududida ko‘chmanchi chorvachilik bilan shug‘ullangan chorvadorlarning turmush tarzi, diniy qarashi va mifologiyasini aks ettiradi.

Keyinroq yaratilgan Avestoning II qismlari esa payg‘ambar Zardo‘sht (Zaroastra) va uning diniy ta’limotiga bag‘ishlangan bo‘lib, bu davrda ko‘chmanchi aholini ko‘proq o‘troq holatga o‘tib, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullangani o‘z aksini topgan.

Yanada keyinroq Ahamoniylar davrida zaraastrizm (otashparastlik) dini Eronda davlat dini darajasiga ko‘tarilib, xukumron dinga aylandi. Tabiiyki, og‘zaki nutq tarzida aytib kelingan Avestoning qadimgi gimnlari davr o‘tishi bilan turli o‘zgarishlarga uchragan, to‘ldirilgan va ba’zi sodda qismlari tashlab yuborilgan. Bu yerda bir muammo borki u ko‘pchilikni boshini garang qilmoqda. U ham bo‘lsa, Avesto matnlarining qachon, qaerda, qaysi xolatda yozilishidir. Zaroastrizm an’analariga ko‘ra Avesto Ahamoniylar davrida 9999 xo‘kiz terisiga tilla harflar bilan yozilib, Taxtijamshidda saqlash uchun qo‘yilgan, lekin Iskandar Zulqarnayn ularni o‘zi Eronga bostirib kelganda yondirib yuborishga buyurgan.[7] Bu haqda «Tarixi Balamiy» da ham aniq ma’lumotlar berilgan. Keyinroq Parfiya shohi Valkash 1 eramizning (51-78-yillarida) davrida matnni tiklash uchun urinishlar bo‘lgan.[8] Avesto o‘sha paytlarda unli tovushlarni ifodalamaydigan oromiy yozuvida yozilgan. Oromiy yozuvi finikiy yozuvining bir varianti bo‘lib, u er.avv. 1X asrdan to er.avv. VIII asrgacha Old Osiyoda keng rivoj topdi. Boshqa somiy tillaridagi kabi oromiy yozuvida ham aksariyat undosh tovushlar berilgan, unlilar esa yozuvda aks ettirilmagan, faqat cho‘ziq unli tovushlargina yozuvda ahyon-ahyonda yozilgan xolos. Bu yozuvdan eng qadimgi afsona va ma’ruzalarni diniy vaznlarni yig‘ishda foydalanishdiki, keyinchalik bular Avesto kanon (tekstlariga)lariga kiritildi. Ayniqsa Avesto tarkibini aniqlash va tahrir qilish ishlari Sosoniylar davrida keng avj oldi. Avesto ustida tadqiqotlarning muhim bosqichi uning fonetik, grammatik tarkibini muqaddas matn sifatida saqlash maqsadida yaratilgan mahsus «Avesto alifbosi»ning paydo bo‘lishidir. Bu alifboning keng qamrovligi shundaki, uning shartli harf belgilari Avesto tilining murakkab fonetik tuzilishi va turli-tuman fonologik xususiyatlarini to‘liq hisobga ola bilgan. Aniq fonetik harf – belgini uyg‘onligi sababli Avestoning allaqachon unitilgan «o‘lik» tilini saqlash imkonini yaratgan.

Avestoning eng oxirgi mukammal matni taxminan eramizning IV asrida Shopur II (310-379-y.) davrida shakllangan va uning o‘rta fors tiliga tarjimasi eramizning VI asri Xusrav I (531-579-y.) davrida amalga oshirilgan.

Avestoning tarkibi va mazmuni

Avestoning kononik matnlari haqida bizgacha saqlanib qolgan o‘rta fors tilidagi otashparastlik bayozlari xabar beradi. O‘z davrining diniy ensiklopediyasiga aylanib qolgan Denkard kitobida (er. IX asri) islomgacha mavjud bo‘lgan Avestoda 21 kitob borligi haqida ma’lumot beriladi. Har bir kitob «nask» deb atalib, u Avestoning asosiy matni va unga o‘rta fors tilida yozilgan tafsirlardan iborat bo‘lgan. Denkardda hamma nasklarning mazmuni haqida ma’lumotlar bor. Lekin matnlar bizgacha to‘liq yetib kelmagan, ularning ko‘pchiligi arablarning bostirib kelishi va islomning tarqalishi natijasida yo‘q qilib yuborilgan. Bizgacha saqlanib qolgan Avesto matnlarining eng qadimiysi XIII-XIV asrlarga borib tarqaladi. Ular ham asosiy matnni ayrim qismlari yoki parchalaridan iborat bo‘lib, to‘liq teksti borligi shu paytlargacha fanga ma’lum emas.[9] Turli qo‘lyozmalardan to‘plangan Avesto matnlarini quyidagi besh qismga ajratish mumkin:

1. Yasna (avesto tilidagi yaz- o‘qimoq egilmoq ma’nolarida) u 72 bob (ha haiti) xat-gotlardan iborat bo‘lib, ibodat paytida ijro etiladigan matnlar – Zarddo‘sht she’rlari – madhiyalaridir.

2. Yashta (yashtlar)[10] – hurmatlash. Yashta Avestoning eng qadimiy qismi hisoblanadi. Mazdaparastlarning Yazdonni madhu tavsif etadigan maxsus ohanglar asosida ijro etiladigan qo‘shiqlari hamda tabiatning kuchlari – quyosh, oy, shamol va boshqa xodisalariga bag‘ishlangan qismi.

3. Visperad (VOIF kitobida 2 bo‘lim) Bu bobda butun borliq yazdonniki ekanligi ta’kidlanadi. Ibodat matnlari, yo‘sinlari beriladi. Visperad (av.vispe ratavs hamma hudolar)ga bag‘ishlangan bo‘lib, taxminiy 24 bobdan iborat va Yasna (hot) qismining davomidir.

4. Vendidod (Videvdat) (avv.vidaeva data – devlarga qarshi qonun) Videvdat 22 bobdan iborat bo‘lib, bevosita zardo‘shtiylik udumlari, ma’rosimlari va ularni o‘tkazish davrida o‘qiladigan matnlar keng o‘rin olgan bo‘lib, Zardo‘shtning savoli va Yazdonning javobi tarzida berilgan. Videvdat bu Avestoning birdan bir bizgacha saqlanib qolgan to‘liq qismidir. Bu qismning o‘rta fors tilidagi tarjimasi yo‘q. Shuning uchun buni Vendidod-e sode ya’ni tarjima va izohi yo‘q Vendidod deb atashadi.

5. Avestodan saylanma to‘plam. Avestodagi kichik qismlar alohida duolardan iborat bo‘lib, uni «Xorda Avesto» deb ham atashadi. Avestoshunoslarning aniq ma’lumotlariga qaraganda yodgorlikning bizgacha yetib kelgan qismi 8 million 300 ming so‘zdan iborat. Bu yerda shuni alohida eslatib o‘tish lozimki, Eronda nashr etilgan Avestoning yangi 2 jildlik forsiy nashrining 1-jildi noshir Jalil Do‘stxohning muqaddimasi, mashhur avestoshunos olim Ibrohim Purdovudning batafsil tadqiqoti, qisqartmalar, ko‘rsatkichlardan tashqari Yasna, Yasht, Visparatlardan tashkil topgan. Ikkinchi jild esa Vistparadning davomi, Xorda Avesto, Vendidotlardan iborat. Har ikki jild ham «Avesto» matnining hozirgi fors tilidagi nasriy tabdilidir.

Avesto tili

Muqaddas kitob Avestoning tili Eroniyzabon tillar ichida eng qadimiysidir. Uning grammatik tuzilishi juda arxaik bo‘lib, sanskrit tili bilan deyarli barobardur. Avesto tili flektiv til bo‘lib, ot va fe’l fleksiyasi tizimi juda rivojlangan, ot va fe’l o‘zak-negizlarining ko‘plab hillari mavjud, supletiv olmoshlari ham ko‘plab uchraydi. Avesto turli davrlarda va turli hududlarda yozilgani uchun uning tili ham bir xil emas. Unda ikki dialekt borligi ko‘zga tashlanadi.

1. Xot yoki ot dialekti.

2. Kichik Avesto dialekti.

Xot dialekti nisbatan arxaikdir. Pars an’analariga ko‘ra Zardo‘sht o‘z va’zlarini qadimgi Baktriyada boshlangani uchun Avesto tilini ba’zi olimlar XIX asrda uni «Qadimgi Baqtriya tili» deb noto‘g‘ri nomlashgan.

Shuningdek ba’zilar Avesto tilini zend tili deb ham atashgan (O‘rta fors tilidagi – “zand” so‘zidan olingan va bu Avestoga izohlardan iborat bo‘lib Sosoniylar davrida o‘rta fors tiliga oiddir). Hozir paytda Avesto tili termini fan olamiga keng tarqalgan.

O‘quvchilarimizda Avesto tili haqida aniq tasavvur hosil qilish uchun eronlik tilshunos olim Parviz Notel Xonlariyning “Zabonshenosi va zabon-e forsi” kitobida arab-fors alifbosida berilgan bir baytni quyida keltiramiz:

Bag‘a vazraka axuramazda...

iya sheyyatum ada marti yahya

Hozirgi zamon fors tilida:

Axuramazda xudo – yi bo‘zurgist ke shodiro baro-yi mardum ofarid

Axuramazda shunday katta xudoki odamlarga shodlikni yaratdi.

Taqriban 25 asr davomida tilda ro‘y bergan o‘zgarishlarga e’tibor bering.

bag‘a –

ado –

vazrak –

xudo –

bo‘zo‘rg – katta ulug‘

ofaridan yo xalq kardan – yaratmoq

shiyatum va marti yaxya –

shodi va mardum – shodlik va xalq

Hozirgi fors tilida te tovushi dolga o‘zgaradi.[11]

Bag‘a (Xudo) so‘zi shuningdek, geografik nomlarda ham uchrab turadi Masalan, Afg‘onistondagi Bog‘lon va Iroqdagi Bag‘dod shaharlarining nomlari buning dalilidir.

Tayanch iboralar

Muqaddas kitob, pars qabilalari, gujarat tili, eroniy gebrlar. Zend Avesto.

Savollar

1. Avesto qanday kitob?

2. Avestoning yozma matni qachon paydo bo‘lgan?

3. Avesto qaysi tillarga tarjima qilindi?

4. O‘zbekistonda Avesto qachondan boshlab o‘rganila boshlandi?

5. Otashparastlikning asl makoni qaerda joylashgan?

VII. MAVZU

ISH REJASI:

1. Qadimiy (eroniy) fors mixxat yozuvlari.

2. Qadimiy (eroniy) fors mixxat yozuvlarining tili va uslubi (stili).

3. Qadimiy eroniy tillar davrining dialektologik munosabatlari.

4. Qadimiy eroniy tillarning dialektologik tasnifining asoslari.

Qadimgi fors mixxat yozuvlari

Shiroz shahri yaqinida joylashgan Taxti-Jamshid vayronalarida devorlarga, ustunlarga yozilgan notanish yozuvlar ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortar edi. 1621-yilda italyan sayoxatchisi Petro della Valle Taxti-Jamshiddagi yozuvlarni kopirovka qilib, Yevropaga olib ketdi. Bu xatlarning ko‘rinishiga qarab mixxatlar deb atashdi. Fors tilida xahte mixi deb ataladi. X1X asr boshlarigacha mixxat yozuvlarini o‘qishga kalid topilmagan edi. 1802-yilda Grotefend degan olim mixxatni o‘qishga birinchi bor muvaffaq bo‘ldi. Qadimgi fors mixxatlarining deshifrovka qilish eramizdan avvalgi I minginchi yillarning o‘rtalarida mavjud bo‘lgan Eron va unga qo‘shni mamlakatlarning tarixini yoritishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu tilshunoslar va tarixchi, geograflar uchun taxminan er.avv. III ming yillik voqealikni ochib berdi. Eron va hind-evropa tillarida yozilgan eng qadimgi yodgorliklar bilan fanni boyitdi.

Qadimgi fors tilining mixxat yozuvi uslubiy jihatdan sillabiydir. Bu yozuvning alohida belgilari goh unli tovushlarni ( ) goh undosh va unli tovushlarning birikmasini ( ) yoki faqat undosh tovushni ( )ni ifodalagan.

Qadimgi fors mixxat matnlarining transkripsiyasi va transliteratsiyasi

Tabiiyki bo‘g‘inli mixxat qadimgi fors tilining tovush tizimini to‘g‘ri aks ettira olmasdi. Mixxatda unlilar uchun uchta , , belgi mavjud bo‘lib, u cho‘ziq unlilarni qisqa unlilarni ifodalash uchun xizmat qilgan. Agar a-a o‘rtasidagi farq maxsus usullar bilan goho ajratilsa, va y-y lar faqat bir belgi bilan ifodalanadi. Ba’zi hollarda undoshlardan n va uchun maxsus belgilar ham mavjud emas. So‘zlarni transkripsiyasini aniqlash uchun asosiy material sifatida eron – hind – eron tillaridagi yodgorliklar (Avesto sanekrit, eroniy tillardagi so‘zlarning keyingi vaqtlardagi shakllari bilan qiyoslash ma’qul bo‘ladi).

Qadimgi fors mixxat yozuvlarining tili va uslubi

Qadimgi fors mixxat yozuvlarining tili grammatik tizimi va lug‘at tarkibiga ko‘ra Avesto tiliga juda yaqindir. Tosh yozuv tili Avesto tili kabi flektiv xarakterga ega. Ot tizimida uchta grammatik jins (rod) (mujskiy, jenskiy va sredniy) mavjudki ular kishilik qo‘shimchalari bilan farqlanadi. Turlanish tizimida sakkizta kelishik - (Bosh, qaratqich, jo‘nalish, tushum, orudniy, mestniy otlojitelniy, zvatelniy kelishik)lar borki, ular ham o‘ziga xos qo‘shimchalar bilan farqlanadi. Otlarda ko‘plik kategoriyasi mavjud (ko‘plik, birlik, ahyonan ikkilik). Olmosh tizimida ham suppletiv shakllar keng tarqalgan. Shuningdek, turli fe’l o‘zaklaridan yasalgan fe’l shakllari shaxs-son, zamon, mayl va nisbatlarga qarab turli qo‘shimchalar qabul qiladilar. Tosh yozuvlarning lug‘at fondi uncha boy emas, shuning uchun bular qadimgi fors tili leksikasi haqidagi to‘liq ma’lumot bera olmaydi. Yozuvlarda somiy va hind-evropa tillaridan qabul qilingan ba’zi so‘zlar ham uchrab turadi. Ba’zi so‘zlarning fonetik xususiyatlariga qarab, ularni midiy tilidan qabul qilingan so‘zlar degan xulosa ham chiqarish mumkin. Bu esa midiy tili va ayniqsa, uning rasmiy terminologiyasi Ahamoniylar yozuviga katta ta’siri borligini ko‘rish mumkin. Yozuv tili sodda, hashamatli bo‘yoqlarga bo‘yalmagan, xudolarga murojaat, hamdu-sanolar deyarli hamma yozuvlarda bir xil. Ba’zi olimlar yozuv xususiyatlarini o‘rganib, uning tili tarixiy, davomli adabiy an’anaga ega emas degan xulosaga kelganlar (I.M.D’yakonov, Istoriya Indii. M-l., 1956, 369-b.) Shunday qilib bu yozuvlar tilini qadimgi fors tili deb atashimizga dalillar yetarli va bu til hozirgi fors, tojik va dariy tillarining ajdodidir.

Qadimgi eroniy tillarning dialektologik tasnifining asoslari

Eramizdan avvalgi II-I minginchi yillarda eroniyzabon qabilalardan midiy, fors va boshqa qabilalar eron yassi tog‘ligining G‘arbiy viloyatlariga ko‘chib borib, u yerda o‘rtoqloshib qoldilar. Natijada ular o‘zlarining asl vatanlari O‘rta Osiyodan uzoqlashib ketdilarki O‘sha davrdagi geografik muhit ularningbir-biri bilan yaqin munosabatda bo‘lishiga imkon bermasdi. Fanda dialektlar o‘rtasidagi farqqa qarab ularni ikki guruhga ajratish qabul qilingan:

1. G‘arbiy Eron dialektlari guruhi.

2. Sharqiy Eron dialektlari guruhi.

Bu dialektlar o‘rtasidagi chegara qilib Dashti Kabir cho‘lini olish mumkin. Cho‘lning g‘arbiy qismida tarqalgan dialektlar, cho‘lning sharqiy qismiga tarqalgan dialektlar deyiladi.

Sharqiy Eron guruhiga o‘sha paytlarda va O‘rta Osiyo va unga qo‘shni hududlarida tarqalgan dialektlarga Xorazm, So‘g‘diyona, Baqtriya, Marg‘iona kirgan. Shuningdek, ko‘chmanchi sak qabilalari ham shu guruhga taaluqli bo‘lgan. Bu haqda Avestoning xot qismida ham aytib o‘tilgan.

G‘arbiy Eron dialektlari o‘z navbatida ikki guruhga ajraladi:

a) shimoliy-g‘arbiy (midiy) dialektlari. Bu dialektda gapiruvchi aholi Eron yassi tog‘liklarining shimoliy-g‘arbiy qismida joylashgan edi;

b) janubiy-g‘arbiy (fors) dialektlari. Bu guruhda gaplashuvchi qabilalar Eron yassi tog‘liklarning janubi-g‘arbiy qismida fors ko‘rfazi tomon joylashgan yerlarida ya’ni Parso viloyatida yashashardi. Qadimgi fors mixxat yozuvlari shu guruhga taaluqlidir.

Qadimgi eroniy til davridagi bu dialektal bo‘linish hozirgi kunda ham o‘z kuchini yo‘qotmagan. Chunki o‘sha paytdagi g‘arbiy Eron til guruhiga kiruvchi dialektlardan yoki sharqiy Eron dialektal guruhiga taaluqli shevalardan paydo bo‘lgan hozirgi zamon eroniy tillari qaysi hududda tarqalganidan qat’iy nazar o‘sha qadimgi guruhga kiritila beriladi. Faqat shuni ta’kidlash kerakki, qadimgi eroniy til davridagi shevalar ozroq fonetik, leksik jihatdan farq qilishsada, lekin ular bir-birlarini tushunishar edi.

Tayanch iboralar

Mixxat yozuvlari, sillabiy uslub, transkripsiya va transliteratsiya, hind-evropa tillari, G‘arbiy eron dialektlari, sharqiy eron dialektlari.

Savollar

1. Mixxat yozuvlari qaysi davrdan boshlab qo‘llanila boshladi?

2. Qadimiy mixxat matnlarining tili qanday til edi?

3. Qadimiy eroniy tillar qanday dialektlarga ega edi?

4. Qadimiy eroniy tillarning dialektologik bo‘linishiga nima asos bo‘ldi?

VIII. MAVZU

ISH REJA:

1. Eroniy tillarning qadimgi eroniy tillar xolatidan o‘rta eroniy tillar holatiga o‘tish jarayoni.

2. O‘rta eroniy tillar davri.

3. Sosoniylar sulolasi davri.

4. Sak, toxar va eftalit qabilalarining ko‘chishi Xorazmning roli.

5. Markaziy Osiyodagi turkiyzabon ko‘chmanchi qabilalar. So‘g‘dlar.

6. Eron va O‘rta Osiyoning arablar tomonidan bosib olinishi.

7. Janubiy Rusiya va shimoliy Kavkazdagi eroniyzabon qabila va elatlar.

Eroniy tillarning qadimgi eroniy tillar xolatidan

o‘rta eroniy tillar xolatiga o‘tish jarayoni

Qadimgi eroniy tillarning xarakterli xususiyatlaridan biri ularda flektiv tizimning rivojlanganidadir. Qadimgi eroniy tillarning flektiv grammatik tizimi (qurilishi) Avesto, Doro I va Kayxusrav I larning qadimgi fors yozuvlarida yorqin namoyon bo‘ladi. Ammo qadimgi eroniy til davridayoq fleksiya tizimining buzilishi boshlangan edi Masalan, so‘z oxirida keluvchi grammatik qo‘shimchalar kelishik va rod (jins) qo‘shimchalari asta-sekin reduksiya xodisasi natijasida yo‘qolib, qadimgi flektiv tizimining parchalanishiga olib kela boshladi. Bu tizimning parchalanishi qadimgi eroniy tillardagi silovoe (kuchli) urg‘uning qonuniyatlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu qonunga binoan urg‘u so‘z oxiridan ikkinchi bo‘g‘ingacha, agar u cho‘ziq bo‘lsa, tushardi. Agar ikkinchi bo‘g‘in qisqa bo‘lsa, urg‘u so‘z oxiridan uchinchi bo‘g‘inga tushardi. Masalan: parsa (Persiya), parsahya (rod.pod., qaratqich kelishigi, birlik son parsa pers) asmanam (tushum kelishigi, birlik son asmana – osmon) va h.z. Urg‘u tushmagan bo‘g‘inlar o‘z-o‘zidan kuchsizlanib, reduksiyaga uchrab, tushib qolavergan. Flektiv tizimning asosiy elementlari so‘z oxiriga jamlangani uchun (kelishik, rod va boshqalar) ular talaffuz qilinmay tushib qolavergan va asta-sekin fleksiyaning buzilishiga olib kelgan. Qadimgi fors tili bandakanam – o‘rta fors tili bandaran (qul); qadimgi fors tili parsahyaz o‘rta fors tili pars (ye) (fors), fleksiyaning tuzilishi bilan kelishik qo‘shimchalari o‘rtasidagi va muj.jens. va sred. rod, hamda birlik va ikkilik sonlari o‘rtasidagi qadimgi farqlari yo‘qolib ketdi. Qadimgi fors tilidagi martiya mard, odam so‘zini qiyoslab ko‘ramiz:

qadimgi fors tili o‘rta fors tili

| |Birlik |Son |

|Bosh kelishik |martiya |marb (a) |

|Qaratqich kelishik | | |

|Jo‘nalish kelishik |martiyahya |marb – marb |

|Tushum kelishigi |martiyam |marb |

|Atov kelishik |martiyam |marb |

Fleksiyaning tuzilishi analitik vositalarning (predlog, poslelog, qo‘shma fe’llarning yasalishi va h.k.) rolini oshirishiga olib keldi, flektiv morfologik struktura (qurilma)larning buzulishi va analitik shakllarning rolini oshishi Qadimgi Eron til holatidan O‘rta Eron til holatiga o‘tish jarayoni asosiy omillardan hisoblanadi.

O‘rta Eron tillar davri

O‘rta Eron til davri eroniy tillar tarixidan qadimgi va yangi eroniy tillar davrini bog‘lovchi bo‘g‘in hisoblanadi. Bu davr eroniy tillarining qadimgi umumjamoa holatdan uzoqlashishi bilan xarakterlanadi. O‘rta eroniy til davrida Markaziy Osiyo va eroniy xalqlari tarixida ikki muhim tarixiy voqe’alik ro‘y bergan.

1. Davrning boshlanishi Aleksandr Makedonskiyning sharqqa yurishi va Ahamoniylar sulolasining yemirilishi.

2. Davrning tugashi – arablarning bostirib kelishi va Eron va Markaziy Osiyoning arab xalifati tarkibiga kirishi va islom dinining tarqalishi.

Ahamoniylar sulolasini ag‘darib tashlagan Iskandar Zulqarnayn sulolasi ham uzoq yashamadi. Iskandar vafotidan (er.avv. 323-y.) so‘ng uning lashkarboshlari mustaqil davlatlar tuza boshladilar. Eron va Markasiy Osiyoda Selekv boshchiligida Selevkidlar davlati barpo etildi.

Slevkidlar ham bunday katta hududda uzoq hukumronlik qila olmadilar. Er.av. 250-yilda bu hududda Baqtriya va Parfiya kabi ikki katta davlat vujudga keldi. Unchalik kuchli markazlashmagan Baqtriya davlati hududida Grek-baqriya podshohligi yuzaga kelib, unga Markaziy Osiyoning So‘g‘d, Marg‘iyona, hozirgi Afg‘onistonning Ariya, Araxoziya, Drangiona va Hindistonning shimoliy-g‘arbiy qismlari bo‘ysundirildi.

Eron va Markaziy Osiyoda muhim rol o‘ynagan davlatlardan biri Parfiya edi. Bu davlatning barpo bo‘lishida O‘rta Osiyolik yerlik daha qabilasining boshlig‘i Arshakning kelgindilarga qarshi qo‘zg‘oloni sabab bo‘ldi. Natijada u Arshakidlar sulolasiga asos soldi. Arshakidlar podshohligi parfyanlar sulolasiga taqriban besh asr boshchilik qildi. Ular eramizdan avvalgi I asrlarda Selevkidlar va Grek-baqtriya podshohligiga qarshi muvaffaqiyatli urushlar olib borib, deyarli tamom Eron hududini Mesopotamiya past tekstligining anchagina qismini o‘zlariga bo‘ysundirdilar. Parfiya davlatining birinchi poytaxti Ashxabod shahridan 8 km narida joylashgan Nisa shahrida edi. Parfiyanlarning g‘arbga qarab yurishi natijasida er.avv. II asr o‘rtalarida Tigr daryosi bo‘yida ulkan harbiy lager qurildiki, uning avvalgi nomi Ekbatan edi. Keyinchalik bu shaharning nomi Bag‘dodga aylantirildi. Xitoy, Hindistondan tortib O‘rta yer dengizigacha bo‘lgan savdo yo‘li aynan shu Parfiya davlati hududidan o‘tar edi.

Sososniylar sulolasi

Parfiya hukmronligi eramizning III asrlarida fors viloyatidan chiqqan Sosoniylar sulodasi tomonidan yo‘qotildi. qudratli Sosoniylar to‘rt asrdan ortiq hukumronlik qildi. Sosonidlar davlati o‘zining eng gullagan davrida (VI asr o‘rtalari) Ahamoniylar davlatiga qarashli hamma yerlarni o‘ziga bo‘ysundirgan edi. Shuning uchun Sosoniylar podshohlari o‘zlarini “Sah-i eran yb aneran” ya’ni «Sar Irana i ne Irana» (Eron va g‘ayri Eron podshohi) deb ataganlar. Shunday qudratli davlatning asosi bo‘sh edi, chunki bunday katta maydonda yashagan turli tillarda so‘zlashuvchi xalqlar bir birlari bilan ittifoq bo‘lmay, o‘zaro nizolashib turardilar. Bu esa arablarning 651-yilda Eronni osongina bosib olishiga imkon yaratib berdi.

Sak, toxar va eftalit qabilalarining kuchayishi. Xorazmning roli

Markaziy Osiyoda shu paytda tarixiy voqealar boshqacha tus olgan edi. Er.avv. II asr o‘rtalarida janubiy-g‘arbdan gunlarning tazyiqi ostida eroniyzabon sak va tohar qabilalari Amudaryoning yuqori va o‘rta oqimi bo‘ylariga joylashib Grek-baqtriya podshohligini yemirilishida ishtirok etadilar (er.avv. 130-yillarda). Grek-baqtriya hududiga ko‘chib borgan sak va toxarlar bu yerlarga o‘z nomlarini berib, uni Toxariston deb ataganlar. Sak qabilalarining ayrim guruhlari janubga tomon yanada ichkari kirib, Xolmad daryosi va Homun ko‘li bo‘ylarigacha yetib borganlar. Bu viloyatning nomi Svistan – sistan (qadimgi Darangiana) hozirgacha bu etnik nomini saqlab qolgan (sakastan – sejestan – seistan). Bu qabilalar ichida yirik Kushon sulolasi vujudga kelib, u eramizning I-II asrlarida O‘rta Osiyo hozirgi Afg‘oniston, Kashmir va Hindistonning shimoliy-g‘arbiy qismlarini o‘z ichiga olgan.

O‘rta Osiyoning siyosiy hayotida Xorazm ham muhim rol o‘ynagan, u eramizning III asrida Kushon davlatidan butunlay ajrab chiqib, o‘z mustaqil siyosatini yurgiza boshlagan.

Markaziy Osiyodagi turkiy zabon ko‘chmanchi qabilalar. So‘g‘dlar

O‘rta Osiyoda eftalitlarning hukumronligi bir asrdan ko‘proq davom etadi. Eramizning 563-567-yillari Janubiy Sibir, Mo‘g‘uliston, Markaziy Osiyoda turk xoqoniyatini o‘rnatgan turkiyzabon ko‘chmanchi qabilalar tomonidan eftalitlar davlati ag‘darib tashlandi. Shu davrda O‘rta Osiyoda iqtisodiy va madaniy hayotda muhim rol o‘ynagan So‘g‘dlar Xitoydan Vizantiyaga o‘tuvchi «Buyuk ipak yo‘li»da savdo ishlarini rivojlantirishda muhim hissa qo‘shdilar. Ma’lumki, «Buyuk ipak yo‘li» Xitoydan Yettisuv, Sharqiy Turkiston va Farg‘ona orqali o‘tgan, Ikkinchi yo‘l Pamir tog‘lari orqali ham bo‘lgan. So‘g‘dlar O‘rta Osiyoda avval eftalitlar, so‘ngra Turk hoqoniyati hukm surgan bo‘lsa ham ular asosan iqtisodiy va diplomatik sohalarda ilg‘orlikni qo‘lda saqlab qoldilar. O‘rta Osiyoda olib borilgan arxeologik qazishmalar shu davrda madaniy hayot qanchalik yuqoriligidan dalolat beradi.

Eron va O‘rta Osiyoning arablar tomonidan bosib olinishi

VII asrning boshlarida Arabiston yarim orolida vujudga kelgan Arab xalifatligi shu asrning oxirida Sosoniylar Eronini zabt etgach, bir necha o‘n yilliklar davomida O‘rta Osiyoni ham bosib olishdi. Islom dini huddi Erondagidek O‘rta Osiyoda ham keng tarqaldi.

Janubiy Rossiya va shimoliy Kavkazdagi eroniyzabon qabilalar

Shimoliy Qora dengiz va Kavkaz oldi hududlariga eramizdan avvalgi I ming yilliklarda ko‘chib borgan eroniyzabon qabilalarning taqdiri O‘rta Osiyoda qolgan qardoshlariga nisbatan boshqacha bo‘ldi. Eramizning I asr boshlarida skif-sarmat qabilalari janubiy Rossiya va shimoliy Kavkazga ko‘chib borib, uerda juda qiyin tarixiy voqealikni boshdan kechirishdi. Ayrim skif-sarmat qabilalari (Tarixiy manbalarda ularni alanlar deb ataganlar) etnik qabilalarning ko‘chishi davrida Armaniston va Midiyada (eramizning I-II asri) Qrimda (eramizning III asridan boshlab) Dunay daryosi vohalariga (eramizning IV asri) va asrimizning V asrida Ispaniya va Shimoliy Afrikaga yetib borganlari haqida antik manbalarda ma’lumotlar bor. Shunday katta maydonga tarqab ketgan bu qabila a’zolari tezda yerlik aholi bilan assimilatsiyalashib, o‘zlarining eroniy tillarini yo‘qotib yuborganlar. Ayrim manbalarda ta’kidlanishicha, Don daryosi atroflarida va shimoliy Kavkaz yerlarida yashovchi ayrim (alan) skif qabilalari eroniy dialektlarda gapirishishni davom ettirganlar. Bular Sharqiy Yevropaning tarixida muhim rol o‘ynaganlar. Bu haqda rus, arman, gruzin manbalarida ma’lumotlar bor. Ularda alanlar asa, yasa, o‘sa nomlari bilan tilga olindilarki, bular hozirgi osetinlarning ajdodlaridir. Buni akad. V.F.Miller va boshqalar o‘z ilmiy asarlarida isbotlaganlar.

Tayanch iboralar

Flektiv tizim, grammatik qo‘shimchalar, reduksiya holati, morfologik struktura (qurilma).

Savollar

1. Qadimiy eroniy tillar qanday grammatik xususiyatga ega edi?

2. O‘rta eroniy tillarning soddalashuviga nima sabab bo‘ldi?

3. O‘rta eroniy tillar davrida qanday tillar mavjud edi?

4. O‘rta eroniy til davrining boshlanishi nima bilan xarakterlanadi?

IX. MAVZU

ISH REJASI:

1. Tarixiy yozma manbalar.

2. Oromiy yozuv.

3. Hind yozuvi.

4. Yunon yozuvi.

5. O‘rta eroniy tillarning yodgorliklari.

Tarixiy yozma manbalar

Eron va O‘rta Osiyoning iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotiga oid ma’lumotlar eroniyzabon xalqlardan boshqa yunon, lotin, armen, suriya, xitoy, qadimgi hind qadimgi turk va arab yozma manbalarida uchraydi.

O‘rta eroniy til davrining yozma yodgorliklari

O‘rta eroniy til davri yodgorliklarining yozuv turi xilma xildir. U davrda uch yozuv turidan foydalanishgan:

1) oromiy alifbosi asosidagi yozuv;

2) hind alifbosi asosidagi yozuv;

3) yunon alifbosi asosidagi yozuv.

Bu davrning aksariyat yodgorliklari oromiy yozuvi asosidagi alifboda yozilgan. Oromiy yozuvi va oromiy tili Ahamoniylar sulolasi davrida devonxonalarda ham qo‘llanilgan. Bu sulolaning yemirilishi natijasida mixxat ham to‘la iste’moldan chiqdi. O‘sha davrda oromiy yozuvining variantlaridan Eron, O‘rta Osiyo, Baqtriya, Hindistonning shimoliy-g‘arbiy maydonlari, Zakavkaze (Armaniston, Gruziya) Kichik Osiyo va Misr hududlarida keng foydalanishgan. Ko‘pgina mamlakatlarda yerli xalq tillarini (parfyan, so‘g‘d, xorazm, qadimgi arman, qadimgi gruzin) aks ettirish uchun ham qo‘llanilgan. Albatta, bunda oromiy yozuvining asl nushasiga turli qo‘shimcha elementlar qo‘shilgan. Xatto toshga, tangaga yozilgan yozuvlarda xarflar ko‘rinishi ham turlicha bo‘lgan. Parfyanlar podshohligi davrida Avesto ham shu oromiy yozuvining biror variantida yozilganiga asos bor, lekin bu nusha yo‘qolib ketgan. Shu alifbo asosida Sosoniylar davrida keng rivoj topgan o‘rta fors yozuvi ham maydonga kelgan. O‘rta fors yozuvidan tosh, tanga idishlar va asosan, otashparastlarning diniy kitobi Avestoni va badiiy adabiyotini yozuvda aks ettirishda foydalanishgan. Bu yerda shuni alohida ta’kidlash kerakki o‘rta fors yozuvi va o‘rta fors tilini ko‘pkina sharq olimlari va ularga ergashgan g‘arb olimlari ham odatda pahlaviy yozuvi va pahlaviy tili deb noto‘g‘ri atashadi. Chunki pahlaviy so‘zi parfiyan so‘zidan kelib chiqqan (Qadimgi fors tilida pardava parfiya yo parfiyaviy – o‘rta fors tilida pahlav. Bundan nisbiy sifat yasalsa o‘rta fors tilida pahlavik pahlavir – pahlavi – hozirgi fors tilida pahlavi). Pahlaviy nomi ostida balkim parfyan tili va parfyan yozuvi tushunilgan bo‘lib, asta-sekin o‘rta fors tili va o‘rta fors yozuvi Eronda keng tarqalgandan so‘ng «pahlaviy» termini shu ma’noda qo‘llanilgan bo‘lsa kerak. Arablar iste’losidan keyin o‘rta sharq olimlari, Firdavsiy, Ibn-al-Mukaffa, Istaxri, Ibn Xardak va boshqalar arab tiliga qarama-qarshi o‘laroq «pahlaviy» terminini qadimgi fors tili va qadimgi fors yozuvi o‘rnida qo‘llashgan. O‘rta asr qomuslarida «pahlaviy» terminiga turlicha talqinlar berilgan.

Oromiy yozuvi asosidagi yozuvlar asta-sekin Amu-daryo va Zarafshon vohalariga ham tarqalgan. Buning asosida Xorazm va So‘g‘d yozuvlari ham yaratilganki, u arablarning bostirib kelgunga qadar iste’molda bo‘lgan. So‘g‘d tili «Buyuk ipak yo‘li»da asosiy ish tili bo‘lgani uchun So‘g‘d yozuvlari Mo‘g‘ulistongacha yetib borgan. Xatto uni sharqiy Turkistonda yashovchi uyg‘urlar ham qabul qilishgan. So‘g‘d yozuvlari yo‘nalishini o‘zgartirib, uni avval mo‘g‘ullar keyin manjurlar ham qabul qilishgan. Agar So‘g‘d yozuvi o‘ngdan chapga gorizantal yozilgan bo‘lsa, mo‘g‘ul va manjurlar vertikal holatda tepadan pastga yozishgan. Natijada, So‘g‘d yozuvi O‘rta yer dengizidan to Tinch okean qirg‘oqlarigacha yetib borgan.

Hind alifbosi asosidagi yozuv

Eroniy tillarni vasf qilishda hindiy yozuvlardan braxmi alfaviti qo‘llanilgan. Xotandan topilgan sak tilidagi matnlar shu alifboda yozilgan. Hind alifbosining Xitoy Turkistoniga tarqalishi eramizning I minginchi yillarining oxirgi asrlarida budda dinining kirib kelishi bilan bog‘liqdir.

Yunon alifbosi asosidagi yozuv

Yunon alifbosi Iskandar Zulqarnayn yurishidan keyin Parfiya davlatida ish yuritish qog‘ozlarida, keyinroq esa Grek-baqtriya davlatida qo‘llanila boshladi. Keyinroq bu alifbodan uluG‘ Kushon podshohligida hamda Eftalit-xionitlar davlatida ham foydalanishgan.

1950-60-yillarda janubiy Tojikistonda bronzadan yasalgan qo‘ng‘iroq va loydan yasalgan idish topildiki uning yozuvlari yunon alifbosi asosida edi.

Janubiy Rossiya va Kavkaz oldida yashovchi eroniyzabon qabilalardan alanlarga eramizning V asrida Vizantiya va Gruziyadan xristian dini o‘tib keldi, shu qatori din bilan birga yunon alifbosi ham asta tarqala boshladi.

O‘rta fors tillarining yodgorliklari

O‘rta fors tilining boshlang‘ich davridan (er.av.VI-IV asrlar) to eramizning III asri o‘rtalarigacha bu tilning rivoji haqida birorta manba qolmagan. Fors tili taraqqiyotining deyarli 6 asri xujjatsiz qolyapti. Faqat Sosoniylar sulolasi o‘rnatilgandan so‘ng turli toifadagi manbalar yozilinib, ba’zilari bizgacha yetib kelgan. O‘rta fors tili yodgorliklarini biz quyidagi guruhlarga ajratishimiz mumkin:

1) tosh yozuvlar;

2) muhr, idish, tangaga yozilgan yozuvlar;

3) o‘rta fors tilidagi kitobiy va diniy adabiyotlar (otashparastlar tomonidan saqlanganlari);

4) moniy matnlari;

5) turli papiruslar.

Tayanch iboralar

Oromiy yozuv va oromiy tili pahlaviy yozuvi, pahlaviy tili, hind yozuvi, Xitoy Turkistoni, Sharqiy Turkiston, Grek-Baqtriya davlati, Eftalit-xionit davlati

Savollar

1. Oromiy yozuvi qaysi davrlarda va qaysi sulolalar hukumronligi vaqtida qo‘llanilgan?

2. Hind va yunon yozuvlari asosida yozilgan qanday yozma manbalarni bilasiz?

3. O‘rta fors tilining qanday yozma adabiyotlari mavjud?

X. MAVZU

ISH REJASI:

1. O‘rta fors adabiyoti.

2. Diniy va badiiy adabiyotlar.

3. Moniy matnlari.

4. Pahlaviy papiruslari.

5. Parfiyon, so‘g‘d tillari yodgorliklari.

6. Sak (xotan) va Xorazm tillari yodgorliklari.

O‘rta fors (kitobiy pahlaviy) adabiyoti

O‘rta fors tili adabiyotini (kitobiy-pahlaviy) o‘zining mazmuniga ko‘ra ikki asosiy guruhga ajratish mumkin:

1) diniy (otashparastlar-zaroostriylar) adabiyoti;

2) badiiy adabiyotlar.

Bu yodgorliklarning aksariyati oromiy yozuvining biror variantida yozilgan bo‘lib (kitobiy-pahlaviy), keyinchalik parsik alifbosining yaratilishiga asos bo‘lgan. Bu adabiyotlarning ko‘pchiligi Sosoniylar davlati (eramizning III-VII asrlari) davrida yozilgan. Shunday boy adabiyotdan ma’lum bir qismigina bizgacha yetib kelgan. U ham bo‘lsa, Hindiston va Eronda o‘z dinini saqlab qolgan fors jamoalarining qo‘lida turli davrda ko‘chirib yurgan va avloddan avlodga o‘tib kelgan qo‘lyozmalari tufaligina xolos. Bular ham XIV asrdan nariga o‘tmaydi.

Diniy adabiyot

Biz Avesto qismida aytib o‘tganimizdek Avesto Sosoniylar davrida o‘rta fors tiliga tarjima qilinib, unga o‘rta fors tilida izohlar (zend) berilgan edi. Mazkur tarjima va izohlar diniy adabiyotning ma’lum qismini tashkil qiladi. Bundan tashqari diniy falsafiy xarakterga ega boshqa yodgorliklar ham yaratildi. Bulardan «Ardaviraz nomav» – Ardaviraznoma, Denkard Denkard (Deyanie veri), Bundahish Bundaxish (Sozdanie osnovi), Zaratusht pandnomasi (Pandnamav Zaratust), Minok-i xrat (dvux razoma) kabi asarlarni ko‘rsatish mumkin. Bu kitoblar ichida Denkard otashparastlikning o‘ziga xos diniy ensiklopediyasidir.

Bu kitobning ahamiyati tilshunoslar uchun shundan iboratki u o‘rta fors tili bo‘yicha boy leksik va grammatik material beradi. Tarixchilar esa o‘sha davrning ideologiyasi, diniy dunyoqarashi tabiiy ilmiy xususiyatlari haqida bu kitobdan ma’lumotlar oladilar. Umuman bizgacha yetib kelgan adabiyotlar yordamida Avesto kitobini asl matnini tiklash mumkin. Turfonda topilgan forsiyzabon xristianlarning o‘rta fors tili (pahlaviy tili) va pahlaviy (o‘rta fors) yozuvidagi tarjima fragmentlari bor.

O‘rta fors badiiy adabiyoti

Sosoniylar davri va arablar istilosining birinchi asrlarida Eron va O‘rta Osiyoda diniy adabiyotlar bilan bir qatorda badiiy adabiyotlar ham paydo bo‘lgan. Bizgacha yetib kelgan badiiy adabiyotlar ichida eng qadimgisi Vadgar-i Zareran (Zareran yodgorliklari) bo‘lib, unda xioniylar podshosi Arjaspning Eron podshosi Vishtasp bilan olib borgan jangi vasf qilingan. Bu kitobda parfyan tilining leksik elementlari ko‘proq uchragani uchun ba’zi olimlar uni dastavval parfyan tilida yozilgan, so‘ngra o‘rta fors tiliga tarjima qilingan deb hisoblaydilar.

Melodning VI asri oxirlariga oid «Kar-namag-i Ardaxsir-i Pabagan» “Ardashir Papakanning kornomasi” nomli tarixiy povest, o‘rta fors tilida yozilgan bo‘lib, unda parfyanlar podshosi Arshakidlar sulolasining yemirilishi va Sosoniylar sulolasining asoschisi Ardashir Papakanning (er. 224-241-y.) taxtga o‘tirishi bayon qilingan. Tarixiy-xronikal asarlar Sosoniylar saroyining kutubxonasida ko‘plab saqlangan. Shoxrux Mirzoning o‘g‘li Boysunqor tuzdirgan «Shohnoma» ham Sosoniylarning oxirgi podshosi Yazdigard III ning podsholik davri bilan tugagan. (1425-1426). O‘rta fors tilida yaratilgan xronikal asar «Hvaday-namag» (Podshohlar xaqida kitob) VIII asrning o‘rtalarida chiqib kelishi fors bo‘lgan Ibn-al-Mukaffa (721-757-y.) tomonidan arab tiliga tarjima qilingan. Afsuski, na o‘rta fors tilidagi asl nushasi va na arabiy tarjimasi bizgacha yetib kelmagan. Lekin bu asarning ayrim arabiy parchalari bizning davrimizgacha saqlangan xolos. X-XI asrlarda esa bu asarning original nushasidan mashhur arabiyzabon tarixchi at-Tabariy o‘zining «Tarix» kitobida (923-yilda vafot etgan) va eng yirik forsiyzabon shoirlardan Firdavsiy o‘zining mashhur «Shohnoma» asarida keng foydalangan. Shohnomaning mazmuni «Kornome» va «Yodgore Zareron» kitoblarining mazmuni bilan to‘la mos keladi. Xalq og‘zaki ijodi asosida munozara shaklida yozilgan Draxt-i asuriv u buz (Assuriy daraxti (palma) va bo‘z (echki) dostoni ham o‘sha davrda avval parfyan tilida yozilgan, so‘ngra o‘rta fors tiliga tarjima qilinib, forsiylashtirilgan. Kitobda echki va palma daraxti insonga qaysi biri ko‘proq foyda keltirishi haqida baxs boradi. O‘rta fors tilida yozilgan adabiyotlardan bizgacha yetib kelgan yodgorliklardan «Madiayn-i catrang» (Shaxmat haqida qissa), Xusrav-i Kavadan ud redag Xusrav Kabadan (Povest o xosrove Kabauane i yego panjs) va kichik matn «Abdih ud sahigih-i Sakastan» (Dikovini i dostoprimechatelnosti strani Sakastan) va boshqalarni ko‘rsatish mumkin, yana ayollarning o‘rni va nikoh aqdi haqida ham kichik matnlar bor. Bundan tashqari didaktiv adabiyotlardan «Pand-noma» va «Andarznamak» larni keltirish mumkin yana «Xeskarih-i redovan» o‘smirlarning murojaatlari va «Andarz-i kodaga-n» (Bolalarga nasihat) kitoblari ham bizgacha yetib kelgan. Ushbu kitoblarda tarbiya masalalari va yurish-turish qoidalari ko‘tarilgan. Arab geografi Ma’sudiyning guvohlik berishicha Sosoniylar davrida «Oynoma» nomli bir necha ming varaqdan iborat nizom ham mavjud bo‘lib, u yuridik, xarbiy va siyosiy xarakterga ega bo‘lgan. Al-Mukaffa uni arab tiliga tarjima qilgan. Bizgacha uning ayrim arabiy tarjimalari yetib kelgan. Yana shunday muhim kitoblardan biri Madagan-i hazar dadasta-n (Ming qonun kitobi) (Kniga tisyacha ustanovleniy) bo‘lib, bu kitobda savdo, qulchilik, nikoh, sud ishlariga oid huquq masalalarini yorituvchi to‘plam ham mavjud bo‘lgan, qachon yozilgani ma’lum emas, lekin kitob mazmuniga ko‘ra bu kitob ham Sosoniylar davrida yozilgan. Shu davrda qadim hind hikoyalarini tarjima qilish ham boshlangan. Butun musulmon olami va Yevropaga ma’lum bo‘lgan «Kalila va Dimna» asari shular jumlasidandir. «To‘tinoma» ham o‘rta fors tiliga tarjima qilingan hind ertaklaridandir.

Moniy matnlari

XX asrning boshlarida Sharqiy Turkistonda arxeologik qazishmalar natijasida topilgan turli tillarga oid eng qadimgi yozuv va san’at yodgorliklari jahon ilmiy ahlini xayratga soldi. Bular Xitoyda Tan sulolasi xukumronlik qilgan davrda (618-907-y.) sharqiy Turkistonda keng tarqalgan budda, moniy va xristian diniga oid xujjatlar va bayonlar edi. Moniy diniga oid xujjatlar payG‘ambar Moniyning Sosoniylar davrida Erondan sharqiy Turkistonga (216-276-y.) badarg‘a qilinishi bilan bog‘liq edi. Uning tarafdorlari er. III-IV asrlarida o‘z faoliyatlarini sharqqa qarab, Xuroson, O‘rta Osiyo va sharqiy Turkistonga ko‘chirdilar. Turfondan topilgan Moniy matnlari O‘rta fors tilida yozilgan bo‘lib, ular oromiy-Suriya yozuvining o‘zgargan moniy shrifti asosida yozilgan edi. Moniy tomonidan yaratilgan yozuv pahlaviy matnlariga nisbatan yaxshiroq bo‘lib, unda tovush tarkibi va o‘rta fors tilining grammatik tuzilishi ham aniqroq berilgan edi. Bundan tashqari Moniy yozuvlarida idiogrammalar umuman yo‘q.

Pahlaviy papiruslari

Misrning Fayum viloyatida o‘rta fors tilida yozilgan alohida bir guruh pahlaviy papiruslari XIX asrning oxirida topilgan bo‘lib, bular eramizning VII asriga oid edi, kursiv yozuv bilan yozilgan va aftidan ish qog‘ozlari bo‘lsa kerak. Ularni o‘rganish juda sust ketayapti.

Parfyan tili yodgorliklari

Turfondan topilgan moniy matnlari ikki dialektda yozilgani ma’lum bo‘ldi. Bir matnlar o‘rta fors tilida, ikkinchi bir matnlar qandaydir o‘rta Eron dialektida yozilgan. Bu parfyan (pahlavik) tili ekan. Parfyan tilida tosh yozuvlar tanga pullar, moniy matnlari yozilgan. Turkmanistonning Ashxabod yonidagi Nisa shahri atrofida olib borilgan arxeologik qazishmalar parfyan tilidagi xujjatlarni fan olamiga taqdim etdi.

So‘g‘d tili yodgorliklari

Xitoy Turkistonida topilgan ko‘plab qo‘lyozmalar ichida alohida shrift bilan yozilgan xujjatlar ham bor edi. Agar Suriya xati bilan xristian dini mazmunidagi, moniy yozuvi bilan moniy dini mazmunidagi va uchinchi xat so‘g‘d yoki keyinchalik «milliy so‘g‘d» nomi bilan mashhur bo‘lgan buddiy dini mazmunidagi bitiklar edi. Topilgan xujjatlarning tili deyarli bir xil bo‘lib, ular eroniy tillar oilasiga mansub edi. So‘g‘d yozuvlari, shuningdek, O‘rxun daryosining chap qirg‘og‘idagi uyg‘urlarning qadimgi poytaxti Qorabolg‘asunda (shimoliy Mo‘g‘uliston) ham topilgan. So‘g‘d yozuv yodgorliklari Zarafshon vodiysida mug‘ tog‘i g‘orlaridan ham topilgan. Topilgan qog‘ozlarning biri arab, uchtasi xitoy, qolgan hammasi so‘g‘d tilida edi. Bu yerdagi so‘g‘d shriftlari Xitoy Turkistonidan topilgan so‘g‘d yozuvlariga aynan o‘xshash edi.

Sak (xotan) tili va sak toxar dialektlari yodgorliklari

XX asr boshlariga qadar eramizdan avvalgi II asrlarda Amudaryoning yuqori oqimi Baktriya, Drangiana, Araxoziya viloyatlarini egallagan va keyinchalik shimoliy-g‘arbiy Hindistonga o‘z hukumronligini o‘tkazgan sak va tohar qabilalari haqida hech qanday ma’lumot yo‘q edi. Shuningdek, xionit-eftalit qabilalari haqida ham fan hech qandan ma’lumotga ega emasdi. Bular Xitoy Turkistonidan O‘rta Osiyo va Baktriyaga to‘rt-besh asr keyinroq kelgan qabilalar edi. Bular haqida asosiy manba bo‘lib, tanga pullar xizmat qildi. Ma’lumki, Ulug‘ Kushon va Eftalit podshohlari pul tanga zarb etib, yunon alifbosidan foydalanishgan. Shohlar nomini aks etgan bu tangalarda «Saunaku sa» «Shohanshoh» va «Sah» «Shoh», «xiatay» «podshoh» so‘zlari bor ediki, bularning o‘zi ham bu tillarning eroniy tillar guruhiga kirishiga dalolat beradi. Lekin keyingi yillargacha tohar tili deganda qaysi tilni tushunish kerak degan savol turardi. Hozirgi paytda tohar tili VIII-IX asrlarda Xitoy Turkistonida tarqalgan sharqiy Eron tillaridan sak xujjatlari tiliga tenglashtiriladi.

Xorazm tili yodgorliklari

O‘rta Osiyodan chiqqan, asli xorazmlik bo‘lgan Abu Rayhon Beruniy va az-Zamaxshariylar qadimgi Xorazmda alohida til borligini qayd qilib o‘tishgan. Beruniy o‘zining «Al-asar al-baqiyan al-kurun-al-xaliya» (avvalgi ajdodlardan qolgan izlar) kitobida bir bobni xorazmliklarning bayramlari, taqvimlarini bayon qilishga ajratgan. Zamaxshariyning «Muqaddimatul – adab» nomli arabcha-forscha lug‘atida bir necha fikxga oid formulalar xorazm tilida tarjimasiz berilgan, shuningdek 40 ga yaqin xorazm so‘zlari (13 ta fraza) ham lug‘atda keltirilgan.

XII asrda yashagan xorazmlik huquqshunos al-Qazminiyning «qiyat-al-munya» nomli arabcha qo‘lyozmasida nikoh, taloq, qullarni ozod qilish, qasam, xarom va axloqqa oid boblar berilgan. Asarni o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, bayozda xorazm tilidan olingan, alohida so‘zlar, frazalar, xatto butun-butun dialoglar arab harfida, arabcha matn bilan paralel berilgan. Bu qo‘lyozmaga bir daftar ham ilova qilinib, unda bayozda keltirilgan xorazmcha so‘zlarning ma’nolari keltirilgan. Kitobda keltirilgan har bir fraza arab yoki fors tiliga tarjima ham qilingan. Bu bayoz hozircha xorazm tili haqidagi eng mukammal manba sifatida hisoblanib kelinmoqda.

30-yillar oxirida S.P.Tolstov boshchiligidagi ekspedisiyaning arxeologik qazishmalari ham xorazm tili haqida katta ma’lumot berdi.

Tayanch iboralar

Kitobiy-pahlaviy diniy adabiyot, badiiy adabiyot, didaktiv adabiyot, moniy matnlari, pahlaviy papiruslari, parfiyon (pahlaviy) tili, so‘g‘d tili, xorazm tili, sak-tohar dialektlari.

Savollar

1. O‘rta eroniy tillar adabiyoti qanday xususiyatlarga ega?

2. Parfiyon tili va xati fanda qanday nom bilan paralel qo‘llaniladi?

3. So‘g‘ tili qaysi asrlarda yo‘qolib ketgan?

4. Hozirgi kunda xorazm tilidan olingan qanday so‘zlarni bilasiz?

XI. MAVZU

ISH REJA:

1. O‘rta eroniy tillar davrining dialektologik munosabatlari:

a) g‘arbiy-eroniy tillar;

b) sharqiy-eroniy tillar.

2. So‘g‘d va xorazm tillari.

O‘rta eroniy til davrining dialektologik munosabatlari

XX asrda eronshunoslikda ochilgan yangi kashfiyotlar ilgari fanga ma’lum bo‘lmagan uch eroniyzabon tillar – so‘g‘d, sak (xotan) va xorazm tillari bo‘yicha qimmatli materiallarni berdi. Bu esa o‘rta fors tili davriga oid sharqiy eron dialektlari guruhiga kiruvchi uchta tilni eronshunoslarga ma’lum qildi. Bu asrda tarixiy dialektologiyaga oid ishlar tez taraqqiy eta boshladi. Ilmiy izlanishlar shuni ko‘rsatadiki, qadimgi eroniy tillar davridagi dialektologik farqlar unchalik sezilmaydi. O‘rta eroniy til davrida esa yaqqol ko‘zga tashlanib, keskin farqlanadigan bo‘ldi. Buning ustiga yangi differensiatsiyalar paydo bo‘la boshladi. G‘arbiy va sharqiy eroniy tillar orasidagi farqlar chuqurlasha boshladi. Bu yerda farqlar faqat fonetik va leksik jihatdan emas, balkim grammatik struktura (morfologiya va sintaksis) bo‘yicha ham keskin sezila boshlandi. Mazkur ikki asosiy eroniy til guruhi qadimgi eroniy til davrining oxiri va o‘rta eroniy til davrining boshlanishida bir xilda taraqqiy etmaganini ko‘ramiz. G‘arbiy eroniy guruhga oid tillardagi flektivlik xarakteri sharqiy guruhdagi tillarga nisbatan tezroq yo‘qolgan. Yana o‘rta fors tilida rod va kelishik qo‘shimchalari butunlay yo‘qolgan bo‘lsa, o‘sha davrdagi so‘g‘d, sak (xotan) tillarida bu qo‘shimchalar keng iste’molda edi. Morfologiyada ham (sintaksisda aniqlovchi va aniqlanmish o‘rtasidagi bog‘lanish) o‘rtasida farqlar yaqqol ko‘zga tashlandi.

G‘arbiy eroniy tillar

Qadimgi eroniy til davridagi dialektal bo‘linish o‘rta eroniy til davrida ham davom etdi. (Dashti kabirning g‘arbiy qasmida yashovchi fors va midiylar). Moniy matnlarini o‘rganish o‘rta fors tili davrining ikki dialektini aniqlashga imkon berdi. Bular g‘arbiy eron guruhining janubiy-g‘arbiy qismiga oid o‘rta fors tiliga aynan o‘xshash persik bo‘lib, ikkinchisi pahlavik tiliga teng parfyan tili edi. Bular shimoliy-g‘arbiy qismiga tegishlidir. Parfyan tili deganda fan Xuroson, O‘rta Osiyoning janubiy-g‘arbiy, Eronning shimoliy va shimoliy-g‘arbiy qismida tarqalgan o‘rta eroniy dialektlarning katta qismini tushunadi. Parfyan tiliga ko‘plab qadimgi arman va er.av. oxirgi asr hamda eramizning birinchi asrlaridagi eroniy dialektlaridagi leksikalar iqtibos qilingan.

Sharqiy eroniy tillar

Sharqiy eroniy tillar guruhiga o‘rta eroniy til davridagi so‘g‘d, Xorazm sak (xotan) tillari kiradi. Dialektologiya nuqtai nazardan So‘g‘d tili xorazm tiliga juda yaqin turadi. So‘g‘d va xorazm tillari o‘rtasidagi farqlardan biri shuki xorazm tili so‘g‘d tiliga nisbatan taxminan 500 yil yoshroqdir, Xorazmda qazish ishlari olib borgan S.P.Tolstov buni isbotlab bergan. So‘g‘d va xorazm tillari o‘zining bir qator fonetik va morfologik xususiyatlariga ko‘ra skif (sarmat) tillariga yaqin turadi. Eramizning III-IV asrlaridan boshlab tarixiy manbalarda skif va sarmat terminlari uchramaydi. O‘rta asrlarda eron (skif) dialektlari alan tiliga birikib ketgan va bular janubiy Rossiya (Don daryosining sharqiy qismi) va shimoliy Kavkazda yashagan hozirgi osetinlarning ajdodlaridir.

Tayanch iboralar

Dialektal farqlar, aniqlovchi va aniqlashmish o‘rtasidagi bog‘lanish, skif, sarmat tili, alan tili.

Savollar

1. Sak (xatan), so‘g‘d va xorazm tillari xaqida yangi ma’lumotlar fanga qachon ma’lum bo‘ldi?

2. Qaysi til guruhida flektivlik xususiyati oldinroq yo‘qolgan?

3. Alan tili qaysi til bilan birikkan?

XII. MAVZU

ISH REJA:

1. Yangi eroniy tillar davri.

2. Ba’zi eroniy tillarning qo‘shilib ketish jarayoni.

3. Eroniy va g‘ayrieroniy tillarning qo‘shilib ketish jarayoni.

4. Yangi eroniy tillar davrida eroniyzabon xalqlarning yozuvi va yozma adabiyoti.

Yangi eroniy tillar davri

(IX-X asrdan shu kunga qadar)

Yangi Eron til davri deganda ko‘pchilik eron tillari tarixini arab alifbosi asosida yozilgan manbalarga qarab tushunadi. Albatta, bunga hozirgi zamon fors, dari, afg‘on va boshqa tillar kiradi, lekin sobiq ittifoq davrida arab alifbosidan majburan, chetlatilgan hozirda krill va lotin yozuvidan foydalanayotgan tojik, tolish, pomir tillari, hamda Kavkazda eroniy tillar guruhiga kiruvchi osetin, tat tillari ham shular jumlasidandir.

Ba’zi eroniy tillarining o‘zaro chatishib ketishi jarayoni

Arablar istilosiga qadar fors dialektlari parfyan va boshqa eroniy dialektlar bilan chatishib, butun Xuroson vohasiga tarqalgan edi. Buni Ibn al-Mukaffa (721-757), Muqaddasiy (X asr) va at-Tabariy (838-923) o‘z asarlarida yozib qoldirgan edilar. VII asrda jonli fors tili Marv viloyatida ham tarqalgan edi. O‘rta Osiyodagi so‘g‘d va tohar tillarining fors tili bilan qo‘shilib ketishi jarayoni uzoq vaqt davom etdi. Arablar istilosidan keyin ham so‘g‘d tili fors tiliga o‘z o‘rnini tezda bo‘shatib bermadi. Lekin iqtisodiy omillar hayotda o‘z hukmini o‘tkazib, shaharlik so‘g‘d va toharlar rasmiy til sifatida fors tilini qabul qilganlar. Buni tarixchi Buxari Nershahiy (X asr) tasdiqlaydi. Fors tilining O‘rta Osiyoga keng tarqalishida arablarning qo‘shinlari ham katta rol o‘ynagan. Chunki arab qo‘shinlari tarkibida ko‘pchilikni xurosonliklar tashkil qilardi. Arablar ularni «mavali»lar deb atardilar. IX-X asrlarda Movarannahrda shu jumladan, Buxoro va Samarqand kabi yirik shaharlarda yerli aholi to‘la fors tilida gapirishga o‘tgan edi. Zarafshon vohasining qishloq joylarida so‘g‘d tili butun o‘rta asr davomida saqlanib qoldi, uning dialektlaridan biri hozir ham Yag‘nob daryosi bo‘ylarida mavjud. Lekin tojik tili uni sikib chiqaryapti, natijada ular hozirgi kunda ikki tillikdir.

Aynan shu usulda sharqiy eron til guruhiga kiruvchi Toharistonning tog‘li rayonlarida yashovchi aholi va Pomir tog‘ining baland joylarida yashovchi shug‘non, ravshan yazg‘ulom va boshqa tillarda gapirishuvchi xalqlar ham tojik tilini qabul qilib, hozirda ular ham ikki tillikdirlar. Bu tillardagi toponimlar hozir ham tojik tilida saqlanib qolgan.

Eroniy va g‘ayri eroniy tillarning qo‘shilib ketishi jarayoni

Ahamoniylar yozuvi va yunon tarixchilarining asarlarida bayon qilinishicha Eron va O‘rta Osiyoda eramizdan avvalgi I minginchi yillarda yerlik aholi eroniy tillarda gapirishgan. Bu hududlarga turkiyzabon qabilalar eramizning boshlang‘ich asrlarida Markaziy Osiyoning ichki maydonlaridan va Xitoy chegaralaridan aholining katta ko‘chish jarayonida kelib qolganlar. Ular avval O‘rta Osiyoga, so‘ngra asta-sekin Eron hududlariga kirib borganlar. Turkiyzabon qabilalar G‘arbga ko‘chish jarayonida avval Xitoy Turkistoniga kelib, bu yerga o‘z nomlarini berganlar. Turkiy qabilalar kelgan paytda sharqiy Eron dialektlarida gapiruvchi sak-tohar qabilalari yashardi. Ikkinchi bir qismi esa Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida va Toharistonda xionit-eftalit nomi bilan eramizning IV-V asrlarida yashardi. VIII-IX asrlarda bu qabilalar budda diniga e’tiqod qiladilar. Keyinchalik eroniyzabon qabilalarning taqdiri boshqacha bo‘ldi. O‘troq eroniy qabilalar turk qabilalari bilan qo‘shilib turkiyzabon bo‘lishdi.

O‘rta Osiyoda turkiyzabon aholining soni VI asrning 60-70-yillaridan boshlab, Turk hoqonati davrida, X-XI asrda Qoraxoniylar davrida va XI asr o‘rtalarida Saljuqiylar davrida anchagina ortdi. Eroniy tilda so‘zlashuvchi aholini turkiyzabon xalqlarga qo‘shilib ketishi keyingi davrlarda Farg‘ona, Shosh, Zarafshon va Qashqadaryo vohalarida ham ro‘y berdi. Ayniqsa, bu jarayon Yettisuv vohasida tez avj oldi. Chunki to‘rt atrofdan turkiy xalqlar bilan o‘ralgan so‘g‘d qabilalari to‘la turk tiliga o‘tishdi. Bu haqda XI asrda yashagan asli turk, lekin arab tilida ijod qilgan mashhur lug‘atnavis Mahmud Koshg‘ariy so‘g‘d tilida gapirishgan oxirgi qabilalarni ko‘rgan va ularni avval ikki tillik bo‘lgani va keyinchalik o‘z ona tillarini unutganliklarini yozgan.

O‘rta Osiyoning boshqa viloyatlarida ham turkiylashtirish deyarli shu usulda bordi. Al-Beruniyning guvohlik berishicha, uning ona tili xorazm tili bo‘lgan, u yoshligida xorazm tilida so‘zlashuvchi kishilarni ko‘rgan. Lekin Xorazmning to‘la turkiylashtirilishi XIII asrda tugallangan.

O‘rta Osiyoda eroniy tillardan tojik tilining siqib chiqarilishi keyingi davrlarda ham davom etdi. Bu asosan, Farg‘ona, Chirchiq, Zarafshon, Qashqadaryo va Surxondaryo vohalariga xosdir. Prof. I.N.Zarubinning guvohlik berishicha turklashtirish (o‘zbek) masalan, Urgut tumanida shu kungacha davom etib kelmoqda. Buxoro, Samarqand shahar va shahar atroflarida aksariyat aholi ikki tillikdir. Saljuqiylar davrida (XI-XII asr) turkiyzabon qabilalar Eron yassi tog‘ligining shimoliy-g‘arbiy qismlarida paydo bo‘lishdi. Shu davrda janubiy Ozarbayjondagi eroniyzabon aholining turkiy qabilalar bilan birikishi boshlandi. Turkiy qabilalarning migratsiyasi kuchaygan sari bu maydonda turkiy tilning rolini oshira bordi. Mahalliy aholining ko‘pchiligi turkiy tilni (Ozarbayjon) qabul qildi. Ba’zilar esa (tat va tolishli) o‘z tillarini ham saqlab qolib, hozirgi kunda ular ikki tillikdir. Eroniy tillar hamisha biz tilga olgan hududda o‘z o‘rnini turkiy tillarga bo‘shatib beravermagan, baraks o‘zini turk deb atagan Kulob viloyatidagi kishilar hozir to‘la tojik tiliga o‘tganlar. N.Magidovichning yozishicha XX asrning 20-yillarida Buxoro amirligiga qarashli qishloq joylarining 23 foiz (%)i o‘zlarini turkiy qabilalardan biriga tegishli deb bilganlar. Lekin kundalik turmushda esa tojik tilidan foydalanganlar.[12]

Hozirgi kunda O‘zbekiston hududidagi tojik millatiga mansub kishilarning aksariyati ikki yoki uch tillikdir. Huddi shu hol Eronning g‘arbiy va janubiy-g‘arbiy qismida ham ro‘y berayapti. Shu kunlarda ham to‘la eroniyzabon bo‘lgan kishilar an’anaga ko‘ra o‘zlarini turkiy avlodga mansub deb hisoblaydilar.

Afg‘onistonda tojik tilining turkiy va mo‘g‘ul tillari bilan qo‘shilib ketishi va natijada tojik-fors tilining g‘olib chiqishi hammaga ma’lum. Masalan: Afg‘onistonning shimoliy-g‘arbiy qismida yashovchi yarim ko‘chmanchi chor aymoq qabilasi avvalda turk, mo‘g‘ul tillarida so‘zlashgan bo‘lsalar, hozirgi kunda ular tojikzabon bo‘lib ketishgan. XVIII asrda shimoliy Erondan Hirot va Kobul taraflariga ko‘chib o‘tgan qizilboshlar Afg‘onistonda hukumronlik qilgan mo‘g‘ul avlodlari – hazoriylarga qo‘shilib ketganlar. XIX asrda ham hazoriylarning ayrim guruhlari mo‘g‘ul tilining dialektlarida gapirishardi. Hozirgi kunda hazoriylar to‘la tojikzabondir.

Eron va O‘rta Osiyodagi ayrim arab guruhlari (masalan: Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridagi) hozirgi kunda ikki-uch tillikdirlar. Bularning hammasi siyosiy vaziyatning o‘zgarishi va iqtisodiy munosabatlar bilan bog‘liq. Bu yerda biror tilni ortiq yoki kam ko‘rish xato bo‘lur edi.

Afg‘onistondagi eng katta qabilalardan biri gilzaylar X asrlarda turkiyzabon edilar. XVI asrga kelib, ular pashtu tilini qabul qildilar va o‘z tillarini butunlay unutdilar. Huddi shunday hollar hind-eron tillaridan kashan, Belujistondagi dravid tilidagi belujlarning pashtu va eroniyzabon belujlar bilan qo‘shilishi kuzatilgan. O‘rta Osiyo va Afg‘onistonda turli siquvlardan jon saqlab qolgan tillar bor, ular o‘zlari tarqalgan joylardan siqilib, tog‘li yerlardan joy olganlar. Bularga Zarafshon vohasidagi so‘g‘d tilining davomchisi yaG‘nob tili, Pamir tog‘larida ravshanlar, vaxtanlar, ishkashim, yozg‘ulom tillari, Afg‘onistondagi munjon tili kiradi. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, mazkur tillarni o‘rganish, eron tilshunosligi uchun qanchalik katta axamiyatga ega. U til xaritasini ko‘rsatish va eroniy va g‘ayri eroniy tillarning qo‘shilishi, paydo bo‘lishi va ikki uch tillik xodisalarni o‘rganishga imkoniyat yaratib beradi.

Yangi eroniy til davrida eroniyzabon xalqlarning yozuvi va yozma adabiyoti (IX-XV asrlar)

Hozirgi zamon tirik eroniy tillarini tarixga nazar tashlasak, ularni yozuvga ega va ega emasligiga ko‘ra quyidagi guruhlarga ajratishimiz mumkin.

1. Qadimgi yozma adabiyotga ega bo‘lgan xalqlar. Bularga forslar, tojiklar va dariyzabon xalqlar kiradi, ular deyarli 2,5 ming yillik yozuv va adabiyotga ega.

2. Keyinroq yozma adabiyotga ega bo‘lgan xalqlar. Bularga XV asrda yozuv va yozma adabiyotga ega bo‘lgan afg‘on (pashtu)lar kiradi.

3. Yaqin o‘tmishda yozuv va yozma adabiyotga ega bo‘lgan xalqlar. Bularga osetin xalqi mansub. Ular XVIII asrda yozuvga ega bo‘lib, o‘z adabiyotini yaratmoqdalar. Buxoro juhudlari ham XX asr boshlarida kirill alifbosi asosida o‘z yozuvlariga ega bo‘ldilar.

4. O‘z yozuviga umuman ega bo‘lmagan xalqlar. Bularga Erondagi lur va baxtiyor qabilalari, Afg‘onistondagi munjonlar va O‘rta Osiyo lo‘lilari kiradi. Lur va baxtiyor qabilalarining folklorini arab yozuvi asosida olimlar tomonidan o‘rganishga urunishlar bo‘lgan. O‘rta Osiyoda, asosan, O‘zbekistonda Buxoro lo‘lilari uchun o‘zbek, tojik va rus tillaridagi maktablar eshigi hamisha ochiqdir.

Shunday qilib yangi eron tillarini o‘rganish manbalari va bu tillarda yaratilgan adabiyotlarni ikki guruhga ajratamiz:

1) original yozuvlar yodgorliklari: nasr va nazmdagi badiiy adabiyotlar, ilmiy va tarixiy bayozlarni o‘z ichiga olgan o‘rta asr qo‘lyozmalari, yangi va eng yangi davrdagi litografiya, ko‘paytirish vositalarining nashr mahsulotlari va matbuot;

2) tadqiqotchilarning yodnomalari (til, folklor, etnografiya, hozirgi davrda maxsus ilmiy maqsadlarni nazarda tutgan). Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, hozirgi zamon eroniy tillar davrini ikki qismga ajratib o‘rganamiz:

a) o‘rta asr yodgorliklari (mumtoz fors-tojik adabiyoti IX-XVI asrlar);

b) hozirgi zamon eroniy tillar (XVI-XVII asrlardan to shu kunlargacha).

Tayanch iboralar

Jonli fors tili, «mavali askarlar», yag‘nob (tili) shevasi. Zarafshon vohasi, Ahamoniylar yozuvi, budda dini, Qoraxoniylar sulolasi, Turk xoqonligi, Saljuqiylar davri

Savollar

1. Yangi eroniy tillar davri qaysi davrdan boshlanadi?

2. Eroniy tillarga qaysi G‘ayri eroniy tillar qo‘shilib ketdi?

3. Eroniy tillarda gapirishuvchi qaysi millatlar turkiy tillarni qabul qildi?

XIII. MAVZU

ISH REJASI:

1. Yozuv.

2. Juhud alifbosi.

3. Lotin alifbosi.

4. Kirill (rus) yozuvi asosidagi yaratilgan alifbolar.

5. O‘rta asrlarda fors (tojik) tilida yaratilgan yozma adabiyot (IX-V asrlar).

6. Arablar istilosidan keyingi birinchi asrlardagi eroniy tillarning yozuvi.

Yozuv

Yangi eron til davrining aksariyat yodgorliklari arab alifbosida yozilgan. Arab alifbosining O‘rta Osiyo, Eron, Afg‘oniston va ularga qo‘shni davlatlarga tarqalishiga asosiy sabab islom dinining shu mamlaktlar xalqlari tomonidan qabul qilinishidir. Arab yozuvi xuddi oromiy yozuviga o‘xshab finikiy yozuviga borib taqaladi. Arab alifbosida 28 belgi bor. Yozuv o‘ngdan chapga qarab yoziladi. Xarflar bir-biriga qo‘shilganda ularning alohida ko‘rinishini o‘zgartiradi. Arab tilida bir xarf yozilish xolatiga qarab (alohida, so‘z boshida, so‘z o‘rtasida va so‘z oxirida) 2 va 4 ko‘rinishga ega bo‘ladi. Fors tilida arab tiliga xos bo‘lmagan 4 tovushga P-, Ch-, G-J- harflar moslashtirildi. Arab-fors alifbosini boshqa eroniy tillarga, masalan,osetin tiliga ham qo‘llashga xarakat qilingan.

Pushtu va Xorazm tiliga S- (saranduy, sarandvol) harfi qo‘shilib tillarning fonetik xususiyati imkon boricha aks ettirilgan. O‘rta Osiyoda joylashgan sobiq turkiyzabon va forsiyzabon xalqlar XX asrning 20-30-yillarigacha arab alifbosidan foydalanishgan. Keyinroq ular lotin va kirill alifbosiga o‘tishgan.

Juhud alifbosi

Arab alifbosi bilan bir qatorda ba’zi eroniy tillarni sabt etishda juhud alifbosidan ham foydalanishgan. Juhud alifbosidan Ahamoniylar davridayoq Eronda yashagan musaviy mazhabidagi kishilar foydalanishgan. Ular Xuroson orqali Afg‘oniston va O‘rta Osiyoga o‘tib qolgan musaviy mazhabiga tobe Buxoro juhudlari va Kaspiybo‘yi orqali Kavkazga kelib qolgan tog‘li xalq – totlardir. Tarixda ko‘plab juhud-fors alifbosi nomi ostida yozilgan adabiy asarlar uchrab turadi. Shuningdek diniy yo‘nalishdagi Injil (Bibliya)ga berilgan izohlar kitobi ham juhud alifbosida yozilgan.

Lotin alifbosi

XX asrning 20-30-yillarida sobiq Ittifoq hududida yashagan eroniyzabon xalqlar osetin, tojik, shug‘non, tolish va tatlar uchun lotin alifbosi tavsiya qilingan edi. Bu alifbo mazkur tillarning fonetik xususiyatlarini nazarda tutgan alifbo bo‘lib, arab alifbosiga nisbatan ma’qul edi, chunki u faqat tillarning tovush tarkibini emas, balki eron tillari morfologiyasini ham yaxshi aks ettirardi. Lekin turli ob’ektiv sabablarga ko‘ra lotin alifbosi eroniyzabon xalqlar tomonidan qabul qilinmay, undan faqat transkripsiya maqsadida foydalanilyapti xolos.

Rus (kirill) yozuvi asosidagi alifbolar

Lotin alifbosidan eroniy zabon xalqlar taxminan 10 yilcha foydalanishdi.

1939-40-yillarda lotin alifbosi har bir tilga moslashtirilgan kirill (rus) alifbosi bilan olmoshtirildi. Bu qarorni asosiy maqsadi boshqa xalqlar qatori eroniyzabon xalqlarni ham tezroq rus tiliga o‘rgatish va rus tili orqali rus madaniyatini boshqa xalqlarga singdirish edi.

O‘RTA ASRLARDA FORS (TOJIK) TILIDA YARATILGAN

YOZMA ADABIYOT VA YOZUV

(IX-XU ASRLAR)

Arablar istilosidan keyingi birinchi asrlardagi eroniy tillardagi yozuv

Yangi eroniy til davrining ibtidosi fors (tojik) tilida yozilgan ilmiy va badiiy adabiyotning gullab-yashnashi bilan belgilanadi. Bu davrda fors (tojik) tilida yozilgan adabiyotlardan boshqa biror eroniy tillarda yozilgan manbalarni ko‘rmaymiz. Ma’lumki, Xuroson va Movaronahrda fors tili axolining jonli tiliga aylangan edi. Biroq fors tilining yozuv tili yozma adabiyot tili va ish yuritish tiliga aylanib yanada kattaroq hududga tarqalganini ta’kidlab o‘tishimiz zarur. Agar VIII-IX asrlarda fors (tojik) tili Eronning janubiy-g‘arbiy qismi, Xuroson va Movaronahrda aholining jonli tili bo‘lib xizmat qilgan bo‘lsa, adabiy til sifatida esa Ozarbayjon, Kurdiston, Kichik Osiyo, Hindiston va Xitoy Turkistoniga tarqalgan edi. Ya’ni fors adabiy tilidan faqat fors-tojiklar emas, balki kurdlar, afg‘onlar, hindlar, ozarbayjonlar va deyarli hamma turkiyzabon xalqlar foydalanishgan. Bu yerda shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, kurd tilida badiiy adabiyot XII asrning o‘rtalarida, afg‘on (pashtu) tilida esa XV-XVI asrlarning boshlarida yaratilgandir. Arablar istilosidan keyingi birinchi asrlarda fors tilida yozilgan adabiyotlar arablar istilosigacha bo‘lgan davrga nisbatan kam yaratilgan edi. Bu davrda fors tilida diniy (aksariyat zaroastriy, moniy va nasroniy) adabiyotlar yaratish yoki ko‘chirib yozish va tarjima qilish ishlari davom etardi. Albatta bunday asarlar otashparastlar, moniychilar va nasroniy jamoalarida yaratilardi. O‘z dinlariga sodiq qolgan bunday jamoalarning sonlari asta-sekin kamayib borardi. Bu mavzuda yaratilgan asarlar arab lashkarboshilari va keyinchalik yerlik hokimlar tomonidan yoqib yuborila boshlandi. Shunday usul bilan ko‘plab O‘rta Osiyo va Eronda yaratilgan asarlar yo‘q qilinib yuborildi. Bunday xolatlar shu kunlarda Afg‘onistonda ham uchrab turibdi. Afg‘onistonda vaqtincha hukumronlik qilib turgan Tolibonlar xarakatining rahbari Mulla Umar va uning safdoshlari fatvosi bilan Afg‘onistonning shimoliy qismidagi budda dinining san’at asarlari va haykallari yo‘q qilib yuborildi. Arab alifbosida yaratilgan adabiyotlar masalasiga kelsak, arab alifbosi arablar istilosidan so‘ng darrov fors tiliga moslashtirilmadi. VIII asrning o‘rtalarigacha Xurosonda fors alifbosidan (pahlaviy alifbosi asosida) foydalanib kelishgan va xat yozuvchi mirzalarni «magamiy»lar deb atashgan. Ular eronliklar bo‘lishib, islom dinini qabul qilmaganlar. Bu haqda al-Jahshiyoriyning (942-yilda vafot etgan) guvohlik berishicha forslar faqat 742-yildagina fors (pahlaviy) xatidan voz kechib, arab alifbosiga o‘tganlar. Va shu yildan boshlab arab tili va arab yozuvi Xuroson va Mavoranahr hududida idora ishlarida majburiy ravishda qo‘llanila boshlandi.

Tayanch iboralar

Arab yozuvi, finikiy yozuvi, musaviy mazhabi, juhud-fors alifbosi, nasroniy adabiyotlar.

Savollar

1. Arab yozuvining asosi qaysi yozuvga borib taqaladi?

2. Juhud alifbosidan qaysi davrda va qaysi joylarda foydalanilgan?

3. Kirill va rus alifbosidan fanning qaysi sohalarida foydalanilgan?

XIV. MAVZU

ISH REJASI:

1. Arab istilosidan so‘ng arab xalifatligi hududida arab tili va uning o‘rni.

2. Somoniylar davrida fors-tojik tilida yaratilgan badiiy va ilmiy adabiyot.

3. Mumtoz fors adabiy tilining dialektologik asosi.

Arab istilosidan so‘ng arab xalifatligi hududida arab tili va uning o‘rni

Hijriy 81-yil, milodiy 700/707-yildan boshlab arab tili davlat tili deb e’lon qilingan edi. VIII asrga kelib xalifat tarkibiga kiruvchi Xuroson va Movarannahr maydonida arab tilidan faqat xalifat vakillari emas, balkim yerlik hukumronlar ham foydalana boshlashdi. VIII-XI asrlarda arab tilidan faqat ish yuritish uchun foydalanibgina qolmay, balkim adabiy til sifatida ham foydalanildi. Shu davrda yashagan yerlik olimlar: matematik Al-Xorazmiy (780-847-y.); farg‘onalik astronom Al-Farg‘oniy (1X asr); faylasuf Al-Farobiy (X asr;) mashhur tilshunos Mahmud Koshg‘ariy (X1 asr); Ibn Xo‘rdodbeh (820-912-y.); ensiklopedist alloma Al-Beruniy (973-1048-y.) va alloma-tabib Ibn-Sino (980-1037-y.)lar o‘z asarlarini arab tilida yaratganlar. Qaerda islom dini tarqagan bo‘lsa o‘sha yerda arab tilidan foydalanishgan va arab tili Yaqin va O‘rta sharq mamlakatlarida huddi lotin tili o‘rta asrlarda Yevropada xalqaro til vazifasini bajargandek, bu yerda u ham huddi shu vazifani bajara boshladi. Lekin Eron va O‘rta Osiyoda yerlik aholining tillarida ham adabiyotlar yaratilaverdi, ammo ular bizgacha yetib kelmagan.

IX asrga kelib arab tili asta-sekin yerli til fors-tojik tili tomonidan siqib chiqarila boshlandi, chunki yerli aholining aksariyati shu tilda gapirashar edi. Fors tilini zabt etish uchun arab alifbosi qachon birinchi marta qo‘llanilgani shu paytgacha noma’lum. Tarixiy sharoitlardan kelib chiqib, IX-X asrlarda Eronning g‘arbiy viloyatlarida va O‘rta Osiyoda fors tilida yozma adabiyotni yaratish, buning uchun esa yozuv zvrurligi sezildi. Bu haqda «Tarix-e Seiston»da eslatib o‘tilgan.

Somoniylar davrida fors tojik tilida yaratilgan badiiy va ilmiy adabiyot

Arab xalifaligi bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan feodal davlatlar. Tohiriylar (821-873); Saffariylar (873-903); Somoniylar (875-999) davrida fors adabiyoti arab alifbosi asosida yaratila boshlandi. Ayniqsa, Somoniylar davrida yozma adabiyot gullab-yashnadi.

Bu davrda fors-tojik tili Somoniylar davlatining rasmiy tiliga aylandi. Uning poytaxti Buxoro shahrida fors yozma adabiyotining yulduzlari Rudakiy (IX asr oxiri va X asr boshi), Abul Xasan Shahid Balxiy, Abu Mansur Muhammad Ibn Ahmad Daqiqiy va Abu Shukur Balxiylar yashab ijod qildilar. Dunyoning eng ulug‘ shoirlaridan biri Abul Qosim Firdavsiy (933/934 – 1020/1025) ham Somoniylar sulolasi bilan bevosita bog‘liqdir.

Fors (tojik) adabiy tilining siyosiy va madaniy hayotga kirib kelishi va arab tilining asta-sekin siqib chiqarilishi

Arab tili, eng avvalo, she’riyatda (poeziya) o‘z o‘rnini fors tiliga bo‘shashib berdi. Chunki shoirlar o‘z hukumronlarini madh etib, tevarak atrofga uni ko‘z-ko‘z qilar va o‘z navbatida hukmronining raqibini haqoratlab, uni masxara qilar, shu bilan feodal hukmron sinfga bevosita xizmat qilganlar. Masalan, Mahmud G‘aznaviy davrida saroyda «Malik(a) ul-shu’aro» boshchiligida mahsus shoirlar xizmati bo‘limi bor edi. Arab tili esa ilmiy adabiyotlar tili bo‘lib xizmatini davom ettiraverdi. Masalan, Beruniy, Ibn Sino kabi allomalar shu davrda o‘z ilmiy ishlarini arab tilida yozganlar. Lekin, shu bilan bir qatorda, arab tilida yozilgan ba’zi diniy, tarixiy, falsafiy asarlarni fors tiliga tarjima qilish ishlari boshlandi. Masalan, Somoniy amirlardan biri shunday degan: «farmud ki in kitob-ro va parsi boyad kard to sass va amm-ra manfaat buvad». Tarjima qilingan asarlar qatoriga «Tafsir»lar, «Tarixi Tabariy»larni kiritish mumkin. “Tarixi Tabariy”ni Somoniylar sulolasida vazir bo‘lib ishlagan Abu-Ali Muhammad Bal’amiy arab tilidan mumtoz fors tiliga tarjima qilgan. Amir Mansur Ibn Nuhning farmoniga ko‘ra «Tafsir» fors tiliga (parsi-yi dari-yi rahi rast) tarjima qilingan. O‘rta Osiyoda ham shunday ahvolni ko‘ramiz. 933-934-yillarda Nurshahi tomonidan arab tilida yozilgan «Tarixi-Buxaro» 1128 yilda fors tiliga tarjima qilingan va 1178-yilda qayta tahrir bilan yana tarjima qilingan.

Arab alifbosi asosida Tus hokimi Abu Mansurning farmoniga ko‘ra yerli aholining og‘zaki nasriy ijodi bir to‘plam sifatida kitob holiga keltirilgan. Muallifi noma’lum bo‘lgan «udud al-a’lam». 982-983-yillarda Guzgan (Afg‘onistonning shimoliy-g‘arbiy qismida) maydonga kelgan. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Mumtoz fors adabiy tilining dialektologik asosi

G‘arbiy Erondan tortib to sharqiy Turkistongacha bo‘lgan maydonga tarqalgan fors tili o‘z-o‘zidan hududiy shevalarga bo‘lingandi. X asrda yashagan arabiyzabon geograf Muqaddasiy Xuroson, Seyiston va Movarannahrni yaxshi bilagan. U bu viloyatlarda fors (tojik) tilining Nishopur, Bust, Mavr, Balx, Hirot, Buxoro, Samarqand, Shosh, Farg‘ona shevalari mavjudligini ta’kidlab o‘tgan. Uning yozishicha, Tus va Nisa shevalari bir-biriga juda yaqin, Seraxs va Obivaod shevalari esa Marv shevasiga o‘xshash. Bomiyon, Tohariston, Termiz shevalari Balx dialektiga yaqin turadi. Marv va Balh shevalari orasida muomalada bo‘lgan Juzjon shevasi har ikki dialektga yaqin turadi. Asosiy farqlar fonetika va leksik qatlamlarda uchraydi. Bu degan so‘z forsiyzabon xalqlarda umumzabon yo‘q degan xulosaga olib kelmaydi. Lekin fors tojik adabiy tilining dialektal bazasi qaysi dialekt asosida shakllangan degan savolga javob bera olmaydi. Rus eronshunoslaridan K.G.Zaleman «Kratkaya grammatika novopersidskogo yazika», V.A.Jukovskiy «Novopersidskiy pismenniy yazik», I.M.Oranskiy «Vvedenie v iranskuyu filologiyu», eronlik olimlardan Malik ush-Shuaro Bahor «Sabkshenosi» va Parviz Notel Xonlari «Zabonshenosi va zabone forsi» asarlarida mumtoz fors adabiy tili Xuroson, Seyston va Movarannahr shevalari asosida shakllanganini ta’kidlab o‘tishadi. Mumtoz fors adabiy tili o‘zining leksik, semantik fonetik va grammatik til normalariga ega edi. (YE.E.Bertels).

XV asrgacha fors va tojik adabiy tillarining til xususiyatlari bo‘yicha keskin chiziq tortish mumkin emas. Shuning uchun ilmiy adabiyotlarda XV-XVI asrgacha faqat fors termini ishlatilmay ko‘pincha fors-tojik termini qo‘shib ishlatilmoqda (SH.Shomuhammedov).

Tayanch iboralar

Davlat tili, xalqaro til, Somoniylar sulolasi, fors tojik adabiy tili, Xuroson dialekti. Fors-tojik tilining normalari.

Savollar

1. Arab tili qachon xalqaro til darajasiga ko‘tarilgan?

2. Fors tojik tilidagi yozma adabiyot qaysi davrda gullab yashnadi?

3. Mumtoz fors-tojik tilining dialektologik asosi haqida eronshunos olimlarning qanday fikrlari mavjud?

XV. MAVZU

ISH REJASI:

1. Hozirgi zamon (tirik) eroniy tillar. hozirgi zamon eroniy tillarning joylashish o‘rni.

2. Hozirgi zamon eroniy tillarning tasnifiy muammolari.

3. Hozirgi zamon fors tili.

4. Hozirgi zamon tojik tili.

HOZIRGI ZAMON (TIRIK) ERONIY TILLAR

Hozirgi zamon eroniy tillarning joylashish o‘rni

Eroniy tillar va shevalar hozirgi kunda dunyoning juda katta maydonini egallagan: g‘arbda Tigr daryosidan tortib to sharqda Hind daryosi havzasi, Xitoy Turkistonigacha, shimolda Kavkaz tog‘laridan to janubda Fors ko‘rfazi va Arab dengizigacha bo‘lgan yerlarda eroniy tillardan yoki shevalaridan birida kishilar gapirishar edi. Bu degan so‘z biz yuqorida zikr etgan yerlarda hamma xalqlar shu tillarda gapirishar edi degan so‘z emas. Eroniy tillarda gapirishuvchi xalqlar bilan bir qatorda, semit, turk, iberiy-kavkaz, hind tillarida so‘zlashuvchi xalqlar ham ular bilan birga yashardi.

Xatto rasmiy davlat tili fors, dariy, tojik bo‘lgan Eron, Afg‘oniston va Tojikiston kabi davlatlarda ham aholining ko‘pchiligini eroniy bo‘lmagan boshqa tillarda so‘zlashuvchi xalqlar tashkil qiladi. Hozirgi kunda eroniy tillarda so‘zlashuvchi aholining aniq hisobini aytish qiyin. Chunki Old va Markaziy Osiyo davlatlarida demografik statistika bo‘yicha aniq, ishonarli ma’lumotlar yo‘q.

Hozirgi zamon eroniy tillarning tasnifi muammolari

Eroniy tillar oilasida shunchalik shevalar, lahjalar ko‘pki, ularning ichidan mustaqil tillarni ajratib olish muammodir. Bu muammo shundan iboratki, birinchidan, eroniy tillar ichida yozuvga ega bo‘lmagan shevalar anchagina, ikkinchidan, bu tillar va dialektlar yetarli darajada o‘rganilmagan, uchinchidan eroniy tillar va dialektlar o‘rtasida aniq kriteriy yo‘q. Masalan, Afg‘onistonda pashtu tilining mahalliy shevalaridan hisoblangan Qandahor dialekti asosida pashtu adabiy tili shakllangan. Pokistonda esa Peshovar viloyatida halil-momand dialekti asosida adabiy til yuzaga kelgan. Bu ikki adabiy tilning shakllari bir-birlaridan fonetik, morfologik xususiyatlari bilan sezilarli darajada farqlanadi. Biz shu kunda pashtu tilida mustaqil ikki adabiy til mavjud deb ayta olamiz. O‘zbekistonda Buxoro yahudiylari va yerlik lo‘lilar yashaydi. Yahudiylar o‘z tillariga ega, lekin uni mustaqil til deb atash mumkinmi? Yo‘q, albatta. Mahalliy lo‘lilar ham o‘z tillariga ega. Lekin u yozuvga ega bo‘lmagan til. Bu tillar bilan juda oz kishi shug‘ullangan xolos.

Mazkur tillar ko‘pchilik shevashunos olimlarning fikricha tojik tilining shevalaridan biridir xolos. Yahudiy tilida adabiyotlar nashr etilgan. Lekin ular yaxudiy tilining adabiy normalari asosida yozilganmi yoki tojik adabiy tili mezonlari asosida nashr etilganmi? Buni olimlar chuqurroq o‘rganishi kerak. Eronshunoslikda eroniy tillar va shevalarni tasniflash bo‘yicha qabul qilingan yagona mezon yo‘q. Shuning uchun bu ma’ruzada hozirgi zamon eroniy tillar va shevalar haqida gapirar ekanmiz, yuqorida aytilgan kamchiliklarni nazarda tutmaymiz va sharq mamlakatlarining ko‘pchiligida qabul qilingan odatga ko‘ra shevalarni ularning geografik joylashishiga ko‘ra nomlaymiz.

Hozirgi zamon fors tili

Hozirgi zamon fors tili, asosan, Eron hududida tarqalgan. Fors tili Eronda rasmiy davlat tili hisoblanadi, chunki forslar Eron aholisining deyarli yarmini tashkil qiladi. Forsiyzabon aholining aksariyati Eronning markaziy va janubiy viloyatlarida istiqomat qilishadi. Forslar asosan katta shaharlarda yashashadi. Forslarning ayrim guruxlari Iroqda, Saudiya Arabistonida va Baxrayin orollarida yashashadi. Shuningdek, o‘zlarini «eroniy»lar deb atovchi fors guruhlari O‘zbekistonda (Buxoro, Samarqand, Jizzax va Katta qo‘rg‘on shaharlarida), Turkmanistonda (Ashxabod, Marv shaharlarida) va Zakavkaze (Kavkaz orti) mamlakatlarida yashashadi. O‘rta Osiyodagi eroniylar bular eski Marv shahrining aholisi bo‘lib, ular Buxoro amirining (XVIII asr oxiri XIX asr boshlari) farmoni bilan Buxoro va Samarqand shaharlari atrofiga zo‘rlik bilan ko‘chirib kelinganlar. Ular diniy e’tiqodi bo‘yicha shia mazhabiga mansub bo‘lib, sunniy mazhabiga tegishli atrofdagi kishilardan ajralib turadilar. Sobiq Ittifoq davrida diniy odatlarning taqiqlanishi natijasida ular tojik aholisi bilan qo‘shilib ketdilar. Eroniylarning ko‘pchiligi ikki-uch tillikdir.

Hozirgi zamon fors tili va hozirgi zamon tojik tilining chiqib kelishi bir bo‘lsada ularning mumtoz adabiy tili Xuroson dialekti asosida shakllangan bo‘lishiga qaramay, ularning geografik xolati, siyosiy ahvoli va iqtisodiy jarayonlar tufayli alohida-alohida mustaqil tillarga ajrala boshladilar. Hozirgi fors adabiy tili o‘zining dialektal bazasini Tehron dialekti asosida shakllantirib tez rivoj topa boshladi. Malik-ush-shuaro Bahor o‘zining «Sabkshenosi yo to’rix tatavur-e forsi» kitobida shunday yozgandi: «Kami namiguzarad ke tamom-e mardo‘m-e eron be zudi be lahje-ye tehron xarf mizanad», haqiqatan, hozirgi zamon fors adabiy tili Tehron dialekti asosida shakllanib, o‘zining standart til normalariga ega bo‘ldi va shu asosda ko‘plab badiiy, ilmiy asarlar yaratildi va yaratilmoqda. Eron yozuvchi va shoirlaridan Sayid Nafisiy, Kozimiy, Sodiq Xidoyat, Bo‘zurg Alaviy va boshqalarning asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Hozirgi fors yozuvi arab yozuviga asoslangan bo‘lib unga qo‘shimcha harflar kiritilgan. Eronda yashovchi forsiyzabon juhudlar esa fors tilida yozish uchun juhud alifbosidan foydalanib kelishmoqda.

Hozirgi zamon tojik tili

Tojiklar asosan, O‘rta Osiyoda yashashadi. Tojikiston Respublikasida tojiklar aholining asosiy qismini tashkil qiladi. Undan tashqari O‘zbekiston Respublikasining quyidagi tumanlarida zich yashashadi:

1) Farg‘ona vodiysida: a) Namangan viloyatining Pop, Chust, Kosonsoy tumanlarida; b) Farg‘ona viloyatining So‘x, Rishton tumanlarida;

2) Qashqadaryo viloyatida: a) Qashqadaryo daryosi yuqori oqimda; b) Shahrisabz va Qarshi tumanlarida;

3) Buxoro viloyatida: a) G‘ijduvon, Nurota, Karmana tumanlarida; b) Buxoro shahrida;

4) Samarqand shahrida;

5) Surxondaryo viloyatida: a) Sherobod daryosi yuqori oqimida; b) Boysun tumanida; v) Sariosiyo tumanida;

6) Toshkent viloyatida: a) Chirchiq daryosi yuqori oqimi bo‘ylab; b) Chatqol va Pskom daryolari oqimi bo‘ylab; v) Bo‘stonliq tumanining tog‘liq (Burchmulla), Bog‘iston hududlarida.

Tojiklar shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod va O‘sh viloyatlarida ham yashashadi. Shuningdek ular Turkmaniston respublikasining O‘zbekiston bilan chegaradosh hududlarida ham yashashadi. O‘rta Osiyo hududlarida tojik tilida so‘zlashuvchi ba’zi etnik guruhlar ham bor. Bular O‘rta Osiyo yoki Buxoro juhudlari (ular o‘zlarini «ivri» yoki yahudiy, deb atashadi) bo‘lib, O‘zbekistonda Buxoro, Samarqand Kattaqo‘rg‘on va Farg‘ona vodiysidagi shaharlarda yashashadi. Shunday guruhlardan yana biri O‘rta Osiyo lo‘lilaridir. Ular O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysi, Samarqand viloyatida, Tojikistonning Hisor vodiysi va Kulob viloyatlarida yashashadi. O‘zbekistonda Qashqadaryo, Buxoro va Samarqand viloyatida guruh-guruh bo‘lib qishloqlarda arablar ham yashaydiki, ularning bir qismi tojikcha, bir qismi o‘zbekcha gapirishadi. Ko‘pchiligi esa ikkitillikdir. Bulardan tashqari, tojik tilida Afg‘onistondan chiqqan jamshidlar, hozarlar (bular asosan, Turkmanistonda yashashadi) gapirishadi. O‘zbeklarning ko‘pchiligi ham tojik tilini bilishadi. Tojik va tojikzabon xalqlarning ko‘pchiligi Afg‘onistonda ham yashashadi. Shimoliy Afg‘onistonda tojiklar aholining taxminan 50 foiz (%)ini tashkil qiladi. Afg‘oniston janubida Qandahor viloyatida, g‘arbiy qismi Hirot viloyatida ham ko‘plab tojiklar yashaydi. Afg‘oniston poytaxti Kobulda esa boshqa xalqlar qatori tojiklar ham yashaydi va bu shahar shevasi adabiy til darajasiga ko‘tarilib, u «Kabuliy», «Forsiy kabuliy» nomlari bilan ilmiy adabiyotga kirib keldi. Afg‘onistonda shuningdek, bir necha guruhlarga bo‘linib ketgan chor-aymoqlar ham yashaydiki, ular to‘la tojik tilida gapirishadi. Bu qabilalar – firuzquhlar, jamshidlar taymaniylar va hazoriylardir. Bularni Afg‘onistonda turk tatarlari deyishadi.

1. Firuzkuhlar – yarim ko‘chmanchi qabila bo‘lib, Murg‘ob daryosi bo‘ylab yashashadi. E’tiqodi bo‘yicha musulmon sunnitlar. Ular Amir Temur davrida Erondan bu yerlarga ko‘chirilganlar.

2. Jamshidlar ham yarim ko‘chmanchi holda hayot kechirishadi va Xirot viloyatining shimoliy-g‘arbiy qismi, Kushka va Xarirud daryosi bo‘ylab joylashishgan. Ularning bir qismi Eronda ham bor. Afg‘oniston bilan chegaradosh sharqiy Xurosonda zich joylashishigan. Ularning vatani Seyiston bo‘lib, Amir Temur ularni XIV asrda shimol tomonlarga ko‘chirgan. Erondagi jamshidlar shia mazhabiga, Afg‘onistondagi jamshidlar esa sunniy mazhabiga e’tiqod qiladilar.

3. Taymaniy yoki teyminiylar Hirotning janubiy-sharqiy qismida Farrah rud daryosining yuqori oqimida yashashadi. Dehqonchilik, yarim ko‘chmanchi holda chorvachilik bilan shug‘ullanishadi. Sunniy mazhabiga mansub. Chingizxon davrida O‘rta Osiyoga kelib qolgan mo‘g‘ullar bo‘lib, ular keyinchalik tojikzabon bo‘lib qolishgan.

Hazora-hazoriylar, asosan, Afg‘onistonning Kobul va Maydonshor, Bomiyon Xirot shaharlari orasida yashashadi. Shuning uchun bu hududlarni azarejot deb atashadi. Ular Afg‘oniston Turkistonining tog‘li hududlarida va Badahshon viloyatining janubiy qismida ham yashashadi. Ular ikki guruhga bo‘linadi. Qalayi-nav va Kattag‘on hududlarida yashovchi hazoralarni «deh-i-ziynat», qolgan joylarda yashovchi hazoralarni «barbariy»lar deb atashadi. Sunniy mazhabiga mansub bo‘lib, hammalari ko‘chmanchi holatda yashashadi va chor-aymoq guruhiga mansubdirlar. Ko‘pchiligi shia mazhabiga mansub. Shia mazhabiga mansub bo‘lganlarning soni Afg‘onistonda taxminan 1 mln. kishiga yaqin. Hazoralar Eronda, Turkmanistonda va qisman Tojikiston davlatlarida ham yashaydilar.

Hazoriylar Chingizxonning yurishida qatnashgan askarlarning avlodlari bo‘lib, hazora so‘zining o‘zi hazor – ming so‘zidan olingandir. Zahiriddin Muhammad Boburning guvohlik berishicha XVI asrda ham mo‘g‘ul qo‘shinlarining bir qismi o‘z tilini saqlab qolganlar (Kobulning g‘arbiy qismida, tog‘li tumanlarda yashovchi qismi). Lekin XIX asrga kelib, ular ham deyarli o‘z tillarini yo‘qotib, tojik tilini qabul qilganlar.

Fors tojik tilining turli shevalarida temuriylar yoki teymuriylar (Xirotning janubiy qismida), beluj ko‘chmanchi qabilalari (Xuroson hududida) hamda Xuroson arablari (Seraxs, Birjanda) hududlarida tojik tilida gaplashishadi. Tojik tili Tojikiston respublikasida davlat tili deb e’lon qilingan. Tojik adabiy tili standart til darajasiga ko‘tarilib bormoqda. Uning shakllanishida mashhur yozuvchi va shoirlardan Sadriddin Ayniy, Mirza Tursunzoda, S.Ulug‘zoda, Sulaymon Loyiq va boshqalarning xizmatlari katta. Tojik tilining yozuvi ham huddi turkiy xalqlar kabi bir necha alifbolarga asoslangan. 1928-29-yillargacha tojiklar arab alifbosidan foydalanishgan bo‘lsa, 1928-29/1939-40-yillarda lotin alifbosidan foydalanishdi. 1940-yildan boshlab (kirill) rus alifbosidan foydalanishmoqda. Unga 6 ta qo‘shimcha harf kritilganki, ular faqat tojik tilining o‘ziga xos tovushlarini ifoda etadi.

Tayanch iboralar

Tirik tillar. Buxoro yahudiylari, o‘zlarini eroniy deb atovchi guruh, geografik joylashishi, diniy odatlar, standart til, ikki tillik, ko‘p tillik

Savollar

1. Hozirgi zamon eroniy tillar dunyoning qaysi hududlariga joylashgan?

2. Hozirgi zamon eroniy tillarning tasnifida qanday muammolar mavjud?

3. Hozirgi zamon fors adabiy tili qaysi sheva asosida shakllangan?

4. Hozirgi tojik adabiy tilining normasi qaysi dialektga asoslangan?

XVI. MAVZU

ISH REJASI:

1. Afg‘on tili.

2. Osetin tili.

3. Kurd tili.

4. Beluj tili.

Afg‘on tili (pashto)

Afg‘on tili yoki pashto tili, asosan, Afg‘oniston va Pokistonda tarqalgandir. pastun ko‘p.sh. pastana so‘zi afg‘onlarning nomidir. Bundan pasto tilning nomi kelib chiqqan. Afg‘onlar o‘z tillarini, pashto deb atashadi. Pashtu so‘zi ingliz tilidagi pusitu so‘zining buzilgan shaklidir (transletirratsiya shakli).

Afg‘on (pashtu) tilida hammasi bo‘lib 12-14 mln. aholi gapirishadi, shu jumladan 5-6 mln. kishi Pokistonda yashaydi. Savr inqilobi davrida va ayniqsa, «tolibon»lar xarakati davrida juda ko‘plab pashtunlar Pokistonga o‘tib ketishdi. Shuning uchun pashtunlarning aniq sonini belgilash qiyin. Ularning aksariyati hali ham qabila shaklida yashab, asosan, chorvachilik bilan shug‘ullanishadi. Kupsonli afg‘on qabilalaridan durroniylar (Qandahor va Farrah viloyatlarida) va gilzaylar (G‘azni viloyatida) XVIII-XIX asrlarda feodal tizimga o‘tganlar. qolgan qabilalar esa boshlang‘ich qabila udumiga amal qilib, siyosiy va iqtisodiy masalalarni oqsoqollar kengashida (jirg‘a, Luy jirg‘a) hal qiladilar.

1. Afg‘on tili ikki katta dialektga ega. G‘arbiy yoki janubiy-g‘arbiy. Ulardan eng asosiysi Qandahor dialekti bo‘lib, bu dialektda gapirishuvchilarni pashtunlar deb atashadi. Afg‘onistondagi pashtu adabiy tili shu dialekt asosida shakllanmoqda.

2. Ikkinchi dialekt sharqiy yoki shimoliy-sharqiy bo‘lib, asosiysi bu Peshovar dialektidir. Bu dialektda gapirishuvchilarni paxtunlar deb atashadi. Bu dialektda so‘zlushuvchilarga, asosan, Pokistonda yashovchi pashtunlar kiradi va bu dialekt adabiy til darajasiga ko‘tarilmagan. Sharqiy afg‘on adabiy til standarti (paxto)ning asos tayanchi Yusufzay qabilasining tilidir. Bu dialektda gazeta va jurnallar nashr etiladi.

Afg‘on tilining bunday ikki dialektga bo‘linishiga sabab g‘arbiy afg‘on dialektidagi «Z, S» tovushlarining sharqiy afg‘on dialektiga “X, D” tovushlariga mos kelishidir. M.Qandaxor dialektida tiza tosh – Peshavor dialektida tida; shunga o‘xshash: pasto pashtu tili – paxto-paxto tili. Shundan ilmiy adabiyotlarda pashto va raxto terminlari uchrab turadi.

Afg‘on yozuvi arab alifbosiga asoslangan bo‘lib, unga bir qator belgilar kiritilgan. Afg‘on tilida badiiy adabiyot XVI-XVII asrlarda vujudga keldi.

Afg‘on tili 1933-yildan Afg‘onistonda rasmiy davlat tili hisoblanadi. Ungacha fors tili davlat tili vazifasini bajarardi.

Osetin tili

Osetinlar Kavkaz ortida yashashadi. Ular Rossiya tarkibiga kiruvchi Shimoliy-Osetin muxtor respublikasi hamda Gruziya davlati tarkibiga kiruvchi Janubiy-Osetin muxtor viloyatida istiqomat qiladilar.

Osetin tili ikki yirik dialektga ega:

1. Sharqiy dialekt yoki iron dialekti.

2. G‘arbiy dialekt yoki digor dialekti.

Aholining taxminan 75 foiz (%)i Eron dialektida gapirishadi. Digor dialekti o‘zining tarixiy-lingvistik xususiyatlarga ko‘ra qadimiyroqdir. Osetin adabiy tili iron dialekti asosida shakllangan. Digor dialektida ham biroz adabiyotlar va vaqtli nashriyotlar mavjud.

Eron dialektida so‘zlashuvchilar 1923-yildan boshlab to 1938-yilgacha lotin alifbosidan foydalanishgan bo‘lsa, 1938-yildan boshlab rus alifbosidan, digor dialektida gapirishuvchilar esa 1923-yildan 1938-yilgacha lotin alifbosidan, 1939-yildan to 1956-yilgacha gruzin alifbosidan va 1957-yildan to shu kungacha rus alifbosidan foydalanib kelishmoqda.

Osetinlarning ajdodlari alanlar (yunon manbalarida), osi, yasi (rus va gruzii manbalarida), qadim zamonlarda Azov va Qora dengizning shimoliy qirg‘oqlarida hamda shimoliy Kavkaz tog‘lari atroflarida yashashgan. Ular skif-sarmat qabilalarining bevosita davomchilaridir. XIV-XV asrlarda bir qism osetinlar Kavkaz orti hududlariga ko‘chib o‘tishgan. Osetin tilining grammatik tuzilishi unchalik ko‘p o‘zgarishga uchragani yo‘q. Faqat tildan flektiv xususiyat yo‘qolib, agglyunativ tip rivojlanmoqda. Fonetika qismida eroniy tillarga oid bo‘lmagan va Kavkaz tillariga xos bo‘g‘iz tovushlari “K, T, F, C”lar bor.

Kurd tili

Kurdlar hozirgi vaqtda to‘rt davlat: Turkiya, Eron, Iroq va Suriya hududlarida yashashadi. Bular yashagan maydon Kurdiston deb ataladi. Kurdlar shuningdek, Armanistonda, Ozarbayjonda, Gruziya va Turkmaniston respublikalarida ham yashaydilar. Kurdlarning umumiy soni 21-22 mln kishi. Kurdlar, asosan, chorvachilik bilan shug‘ullanishadi. XIX asrdan boshlab Eron, Iroq va Turkiyada kurdlarning ko‘pchiligi o‘troq holatga o‘tib, dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lmoqda. Turli davlatlarda yashovchi kurdlar o‘sha davlatning yozuvidan foydalanib kelishmoqda. Masalan, Turkiya va Suriyada lotin alifbosidan, Eron va Iroqda arab alifbosidan. Ozarbayjon, Gruziya, Armaniston va Turkmanistonda rus alifbosidan foydalanishadi.

Kurd tilida bir qancha dialektlar mavjud. Bulardan eng kattalari:

1. Shimoliy-g‘arbiy (kurmanji) dialekti.

2. Janubiy-sharqiy dialekt.

Shunday katta hududga tarqalgan kurdlar turli lahjalarda, masalan, guraniy, zaza, lahjalarida gapirishadiki, bu lahjalar uzlarining fonetik-grammatik xususiyatlariga ko‘ra mustaqil til darajasigacha ko‘tarilgan. Guraniy lahjasida, xatto yozma adabiyot ham mavjud. Kurmanji dialektida rod (jins) kategoriyasi mavjud, huddi pushtu tiliga o‘xshash ergativ konstruksiya bor.

Beluj tili

Beluj yoki baluchi tilida beluj (baluch, baluj)lar gapirishadi. Ular Eron va Pokiston o‘rtasida joylashgan Belujiston hududida yashashadi. Bundan tashqari belujlar Turkmaniston va Afg‘onistonda istiqomat qiladilar. Belujlarda qabila tizimi mavjud. Pokistonda rind, marri buchti, magasi kabi qabilalar ham bor. E’tiqodi bo‘yicha belujlar sunniy mazhabiga xosdirlar. Beluj tili ikki katta dialektga asoslangan:

1. Shimoliy yoki shimoliy-sharqiy.

2. Janubiy yoki janubiy-g‘arbiy (mekron).

Beluj tilida yozma adabiyot rivojlanmagan. Faqat keyingi paytlarda Pokistonda gazeta va jurnallar chiqayapti. Belujlarning aksariyati ikki tillidir. Beluj tili bilan birga fors tilini ham o‘z ona tilidek bilishadi. Pokistonda urdu yozuvidan ham foydalanishadi.

Tayanch iboralar

Pashtu-pushtu tili, afg‘on qabilalari, feodal tuzum, Qandahor dialekti, Peshovar dialekti, Iron dialekti, Digor dialekti, Kurmonjiy dialekti, Mekron dialekti.

Savollar

1. Afg‘on tilida badiiy adabiyot qachon paydo bo‘lgan?

2. Osetin adabiy tili qaysi dialekt asosida shakllangan?

3. Kurd tilida qaysi alifbodan foydalanishadi?

4. Belujlar yozma adabiyotga egami?

XVII. MAVZU

ISH REJASI:

1. Tat tili.

2. Tolish tili.

3. Eronning Kaspiy bo‘yi dialektlari.

4. Gilyon tili.

5. Lur va baxtiyor dialektlari.

6. Lar tili.

7. Fors dialektlari.

8. Markaziy Eron dialektlari.

Tat tili

Tatlar Ozarbayjon Respublikasining Apsheron yarim orolida va Rossiya federatsiyasining Dog‘iston muxtor respublikasida yashashadi. Ozarbayjon respublikasida yashovchi tatlar musulmon, Dog‘iston muxtor respublikasida yashovchi tatlar (iudey)lar musavviylardir. Tat tilida tub tat xalqidan tashqari tog‘ juhutlari ham gapirishadi. Ular (dag‘-juft) e’tiqodi bo‘yicha musaviylardir. Adabiyotda ularning shevasi juhud-tat lahjasi deb nomlanadi.

Ozarbayjondagi tatlar, asosan, ikki tillik bo‘lib, musulmonlardir. Ular uchun XIX asrning 20-30-yillarida yozuv yaratilgan, lekin o‘quvchilarning kamligi uchun foydalanilmagan. Shuning uchun tatlar ozarbayjon tilidan foydalanishadi. Dog‘istonda esa tatlar 1928-1938-yillarda lotin, 1939-yildan rus alifbosidan foydalanishadi. Ona tilida darsliklar mavjud.

Tat tili ikki dialektga ega:

1. Ozarbayjon tat shevasi (Osnovi iranskogo yazikoznaniya kitobida musulmon va xrestianlar shevasi – janubiy deb ataladi).

2. Tat – juhud shevasi. Tatlar Kavkaz hududiga eramizning IV-VII asrlarida Sososniylar sulolasi davrida Erondan chegaralarni qo‘riqlash uchun ko‘chirilgan askarlarning avlodlaridir. Eronda, V.Ivanovning guvohlik berishicha, eronliklarning o‘zlari-o‘zlarini boshqa-turk, kurd va arab millatlaridan ajratish uchun tatlar deb ataydilar. Qazvin viloyatidagi dehqonlar o‘zlarining tatlar deb atashadi. V.Ivanov boshqa eronshunoslar qatori (I.N.Beryozin, B.V.Miller, V.B.Bartold) tat terminini tojik terminiga bog‘laydi. (W.Jvanow The Dialest of go zarkhon in Alamut (AO.Vol. IX 1931. P.253)

Alisher Navoiy o‘zining «Muhokamatul-lug‘atayn» kitobida fors tilini sart tili deb ataydi. Biz sart va tat terminlari o‘rtasida hamohanglikni ko‘ramiz. Balkim bu bir terminning ikki xil fonetik ko‘rinishidir. Tatlarning umumiy soni 17000 kishini tashkil qiladi (Naseleniya SSSR, 1970).

Tolish tili

Ozarbayjonda yana bir eroniy tillardan tolish tili ham mavjud. Ular asosan, Lenkoran pastekisligida zich bo‘lib yashashadi. qisman Eronning Astra daryosi bo‘ylab va Ardabil shahri atrofida yashashadi. Tolishlar va tolish etnik termini to‘g‘risida o‘rta asr adabiyotlarida hech qanday ma’lumot yo‘q. Tolishlarning bir qismi shia mazhabiga tegishli bo‘lib (asosan Ozarbayjonda) qolgani sunniy mazhabiga mansubdir. Tolishlar ikki tillikdir. Ozarbayjon tili tolishlar uchun adabiy til hisoblanadi. B.V.Miller, Talishskiy yazik M., 1953. 30-yillarda tolish tili uchun yozuv yaratish xarakati samarasiz bo‘ldi.

Eronning Kaspiy bo‘yi dialektlari

Eronning Kaspiy bo‘yi dialektlari bo‘yicha ilmiy ish olib borgan olimlar, masalan V.Geyger bu guruhga quyidagi til va dialektlarni kiritadi: tat, talish, gilyon (dilaki), mozandaron (mazandaroni), va semnon (semnani) «Osnovi iranskogo yazikoznaniya» kitobida kaspiybo‘yi tillariga gilyon va mozandaron tillari hamda ularning dialektlari shamerzodi va velatru dialektlari kiritilgan.

Gilyon tili

Gilyon tilida so‘zlashuvchilar Eronning Gilyon viloyatida yashashadi. Gilyon viloyatining markazi Resht shahridir. 130 ming aholisi bor. Ular o‘zlarini gilek (gileklar) deb, tillarini esa gileki deb atashadi. Ularning umumiy soni 700 ming kishi atrofida.

Mozandaron tili

Mozandaron tilida so‘zlashuvchi aholi Eronning Mozandaron viloyatida yashashadi. Bu viloyatning yirik markazlari Sari, Babul, Shahi, Galus, Shohsevar shaharlari hisoblanadi. Ularning umumiy soni 600 ming kishi atrofida. Mozandaron tili ikki dialektga ega. Biri shamerzodi deb nomlanib u Shamirzod qishloG‘i nomi bilan atalsa, ikkinchisi Velatru nomi bilan fanga ma’lum. Bu Velatru qishlog‘i nomi bilan ataladi, bu ikki dialektda so‘zlashuvchi aholining soni aniq hisobga ega emas. Mozandaron va gilyon tillari hamda ularning dialektlari o‘z yozuvlariga ega emas. Shuning uchun bular hali to‘la olimlar tomonidan o‘rganilgan emas. Bu tillarda so‘zlashuvchi aholining aksariyati ikki tillikdir. Ularga fors tilining ta’siri juda kuchli bo‘lib, leksik qatlamida ham fors tilidan kirgan so‘zlarning salmog‘i ancha kattadir.

Bu tillar va dialektlarni o‘rganish bo‘yicha quyidagi adabiyotlar mavjud.

1. OIYA. Novoiranskie yaziki M., 1982, 447-554 str.

2. V.Geyger «Kleinere Dialekte und Dialektgruppen» v kn. «Grundrise der iranischen philologie», Bd 1, Abt 2.

3. Gilyanskiy yazik, 1971.

Lur va Baxtiyor dialektlari

Lur va baxtiyor qabilalari Eronning g‘arbiy va janubiy -g‘arbiy hududida ya’ni Luriston, Huziston va Zogros tog‘lari atrofida ko‘plab qabilalarga bo‘lingan holda ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi holatda yashashadi. Ularning shevalari eroniy tillarning janubiy-g‘arbiy guruhiga mansub bo‘lib, fors tiliga juda yaqindir. Lur va baxtiyorlar yozuvga ega emas, lekin ularning folklor ijodi arab yozuvida aks ettirilgan. Mazkur dialektlar bilan O.Mann. (1910) va V.A.Jukovskiylar (1922) shug‘ullanishgan.

Lar tili

Eronning janubiy qismida Lariston viloyatidagi tog‘li joylarda lar tilida so‘zlashuvchi kishilar yashaydi. O.Mann va Romaskevich hamda eronlik tilshunos olim A.Eqtedoriy lar tilini dialekt sifatida ko‘radilar. O.N.YA kitobida YE.K.Molchanova uni mustaqil til sifatida bayon qiladi. Lar termini Tabariy asarida birinchi bor tilga olinadi. Ular Rey va Mazandaron hududlaridan ko‘chirilgan bo‘lib, Larijan «larijan» so‘zidan olingandir.

Larlar yozuvga ega emas. Ular arab-fors alifbosidan foydalanishadi. Fors tilini ta’siri juda kuchli. Shuning uchun lar tili leksikasida boshqa tillar (arab, fors, turk, kurd) ta’siri katta. A.Eqtedoriyning «Lug‘ati lar» kitobiga 5000 ta so‘z kiritilib, ular turli izohlar bilan berilgan (1955-y.). 1979-yilda yaponiyalik tadqiqotchilar K.Kamioka va M.Yamadalar 1000 ta so‘zni o‘z ichiga olgan lug‘at tuzganlar va u Yaponiyada nashr etilgan.

Fors dialektlari

Eronnning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan fors viloyatida fors tilining ko‘plab dialektlarida so‘zlashuvchi aholi yashaydi.

Ular, birunchiniy, so‘mguniy, masarli, panuniy dialektlarida so‘zlashadi. Bu dialektda so‘zlashuvchilar o‘zlarini tojik tojik, tillarini esa tajiki - tojikiy deb atashadi. Tarixan bir tildan chiqib kelgan bu aholining dialektlari hozirgi paytda fors va tojik tillarida fonetik leksik, leksik va grammatik tizimda ancha farq qiladi. Bu dialektlar bilan O.Mann, V.S.Rastorgueva va A.A.Kerimovalar shug‘ullanishgan. O.I.YA. 316-364-b.

Markaziy Eron dialektlari

Eron yassi tog‘liklari hududidagi viloyatlarda yashovchi eroniy (forsiy emas) dialektlarda so‘zlashuvchi aholining tili umumlashib, geografik jihatdan yaqin joylashgani uchun shu nom bilan ataladi. Bu dialektlar o‘zlarining geografik joylashishiga ko‘ra quyidagicha nomlanadi:

1. Koshon dialektlari, Bunga xunsari (yoki xunsariy), vonishuniy, tijuniy va kohrudiylar kiradi.

2. Isfahon dialektlari: sedeiy, giyaziy va isfahoniy.

3. Yazdiy yo gabriy. Yazd va Kermon shaharlari va ularning atrofida yashovchi parslarning dialekti. Ba’zi ilmiy adabiyotlarda eronlik parslarning dialekti «dari» termini bilan ham nomlanadi. Eronlik musulmonlar shu kungacha otashparastlik diniga e’tiqod qiluvchi parslarni gebralar deb atashadi. Shundan kelib chiqib dialektning nomini gabriy deb atashadi.

4. Nainiy dialekti – Isfahon va Yazd shaharlari orasidagi Nain shahri aholisining tiliga aytiladi. Bu dialekt Yazd otashparastlari dialektiga juda yaqin turadi.

5. Natanziy dialekti – Koshon va Isfahon shaharlari orasida joylashgan. Natanz tumanida yashovchi aholining tili.

6. Uriy dialekti – Ur va Mehrjon tumanlarida yashovchi aholining tili.

7. Semnon dialekti – Tehronning shimoliy qismida joylashgan Semnon shahri aholisining tili. Shu atrofda lasgerdiy, surxeiy, shemerzadiy, sengiseriy kabi dialektlarda so‘zlashuvchi aholi ham yashaydi. Bu dialektlarning hammasi o‘zining til xususiyatlari bo‘yicha Koshon, Isfahon va Mozandaron dialektlariga yaqin turadi.

Tehron shahri atroflaridagi dialektlar

Bu dialektlarda so‘zlashuvchi aholining soni juda ozdir. Tajrish qishlog‘i aholisining dialekti, Gozerxon qishlog‘i aholisining dialekti. Tehron shahri dialekti, hozirgi zamon fors adabiy tilining dialekt manbayi bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu haqda Malik-ul-shuara Bahor, M.Vohidiy va L.S.Peysikovlarning ilmiy ishlari mavjud.

1. M.Bahor. Tarix tatavur-e zabon-e forsi. Tehron.

2. L.S.Peysikov. Tegeranskiy dialekt. M., 1947.

Tayanch iboralar

Musulmon tatlar, juhud tatlari, shia mazhabi, Mozandaron tili Shamirzod dialekti, Velatru dialekti, Lur va baxtiyor qabilalari.

Savollar

1. Eronning Kaspiy bo‘yi dialektlari soni nechta?

2. Lar mustaqil tilmi yoki dialekt?

3. Eronda o‘rganilgan fors dialektlari bo‘yicha yozilgan ilmiy asarlar mualliflari kimlar?

4. Eronda o‘lib borayotgan dialektlar bormi?

XVIII. MAVZU

ISH REJASI:

1. Pomir tillari:

a) sho‘g‘non-ravshan guruhi;

b) yazg‘ulom tili;

v) ishkashim tili;

g) vahan tili;

d) yag‘nob tili

2. Munjon tili.

2. Ormuriy tili.

3. Parachi tili.

4. qumzoriy dialekti.

Pomir tillari

Pomir tog‘ining g‘arbiy qismida yashovchi eroniy tillarda so‘zlashuvchi mahalliy aholining tillari. Eronshunoslikda shu nom bilan ataladi. Bular Tojikistonning Tog‘li – Badaxshon muxtor viloyatida yashashadi. Bu xalqlarning xammasi yozuvga ega bo‘lmagan va adabiy til sifatida tojik tilidan foydalanishadi. Shunga binoan o‘zlarini turli xujjatlarda tojik deb ko‘rsatishadi. Pomir tillari guruhiga quyidagi tillar kiradi:

1. Sho‘g‘non-ravshan tillar guruhi.

2. Yazg‘ulom tili.

3. Ishkashim tili.

4. Vaxan tili.

Mazkur tillar bir-birlaridan shunchalik farqlanadilarki, bir vohada yashovchi bu xalqlar bir-birlarini o‘z tillarida gapirishganda tushunmaydilar. Shuning uchun tojik tili bular uchun umumiy til bo‘lib xizmat qiladi.

Sho‘g‘non-ravshan guruhi. Bu guruhga quyidagi tillar kiradi:

a) sho‘g‘non tili (boju dialekti bilan birga);

b) ravshan tili (xuf dialekti bilan);

v) bartang tili;

g) o‘ro‘sho‘r tili;

d) sariko‘l tili.

Bu tillarning hammasi bir-biriga juda yaqin bo‘lgani uchun ularni bir tilning dialekti deb qarash mumkin. Sho‘g‘non tilida ko‘pchilik so‘zlashadi. Sho‘g‘non tilida so‘zlashuvchilarning bir qismi Afg‘onistonda ham yashaydi. Panj daryosining yuqori qismida ravshan tilida so‘zlashuvchilar yashashadi. Ular Afg‘oniston hududida ham yashaydilar. Ularning umumiy soni 10000 kishi atrofida. Bartang tilida Bartang daryosi oqimi bo‘ylab joylashgan qishloqlarda yashovchi kishilar so‘zlashadi. Ularning soni 5000 kishi atrofida.

Sariko‘l dialekti. Bu dialektda asosan Xitoyning Sinszyan muxtor viloyatida, Sariko‘l vohasida yashovchi aholi so‘zlashadi. Bu dialekt shuG‘non dialektiga juda yaqin turadi.

Yazg‘ulom tili. Yazg‘ulom daryosi bo‘ylab yashovchi aholining tili. Ular o‘zlarini zgamik (zgamik) deb ataydilar. Keyingi paytlarda yazg‘ulomliklarning ko‘pchiligi Kulob viloyatiga ko‘chirilgan. Yazg‘ulom tilining dialektlari yo‘q.

Ishkashim tili. Hozirgi vaqtda ishkashim tilida so‘zlashuvchilar Panj daryosining yuqori oqimida Ishkashim daryosi bo‘ylarida joylashgan ikki-uch qishloqda yashashadi. Ular o‘z tillarini «ishko‘shimiy» deb atashadi. Bu tilning ikki dialekti mavjud. Zebak va Sangin dialektlarida so‘zlashuvchilar asosan, Afg‘oniston hududida yashashadi.

Vahan tili. Panj daryosining boshlanish manbai Vaxan vodiysida yashovchi aholining tili. Ular o‘z tillarini xekzik o‘zlarini esa Wix deb atashadi.

Ular shuningdek Afg‘oniston hududida Panj daryosining chap irmog‘i Vaxan daryosi bo‘ylab yashashadi. Shuningdek ular Hindistonning Jammu va Kashmir knyazliklarida ham yashaydilar.

Yag‘nob tili. Tojikiston Respublikasining Yag‘nob daryosi vohasida yashovchi aholining tili. Yag‘nob tili yozuvga ega emas. Ikki dialektga: sharqiy va g‘arbiy dialektlarga ega Yag‘nob tili qadimgi so‘g‘d tilining bevosita davomchisidir. Fan yag‘nob tili yangi So‘g‘d tilining dialekti sifatida shu kungacha davom etib kelayotganini tasdiqlaydi.

Munjon tili. Munjon tili Afg‘oniston Badaxshonining janubiy-sharqiy qismida joylashgan Munjon hududida tarqalgan. Munjon tilida bir yidga dialekti mavjud. Bu dialektda gapirishuvchilar o‘zlarini (iaev ko‘p son. iave) deb atashadi. O‘rganilmagan til, yozuvga ega emas.

Ormuri tili. Ormuri tili kichik bir xalqning tili bo‘lib, u adabiyotlarda baraki, bargista nomlari bilan uchrab turadi. Ularning bir qismi Afg‘onistonning Log‘ar hududida, ikkinchi qismi esa Pokistonning Kapinguram hududida yashashadi. Ular dekhqonchilik, hunarmadchilik va savdo bilan shug‘ullanishadi. Omuriylar haqida tarixda birinchi bor Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z yodnomasida tilga olgan va ularning yashash joylari haqida ma’lumot bergan. Hozirgi paytda Bobur zikr etgan joylarda ormuriylar yashamaydi va ular ikki tillik bo‘lib, tojik yoki pashtu tillarida so‘zlashadi. Log‘ar va Koniguram dialektlari orasida sezilarli farqlar bor. Ormuriy tili yozuvga ega emas.

Parachi tili. Afonistonning Panjshir daryosi vohasida Kobul shahrining shimolida Kurob qishlog‘ida parachi tilida so‘zlashuvchi aholi yashaydi. Ular haqida «Boburnoma»da ma’lumotlar keltirilgan. Parachilar ikki tillik bo‘lib ular o‘zlarini tojiklar deb atashadi. Yozuvga ega emas.

Qumzori dialekti. Arabiston yarim orolining Ormurz ko‘rfazi janubiy qismidagi Musandam yarim orolida yashovchi beduinlarning tili. Qumzori dialekti Fors ko‘rfazining janubidagi birdan-bir fors tilining dialektidir.

Tayanch iboralar

Umumiy til, sariko‘l dialekti, «zdamik» tili, Kulob viloyati, «ishko‘shimiy» tili, Yag‘nob daryosi, yangi So‘g‘d tili dialekti, baraki, bargista tili, yozuvga ega bo‘lmagan xalqlar

Savollar

1. Pomir tillarida so‘zlashuvchi xalqlar qaysi davlatlarda yashaydilar?

2. Pomir tilida so‘zlashuvchi xalqlar uchun tojik tilining ta’siri qanday?

3. Pomir tilida so‘zlashuvchi xalqlarning migratsiyasi qay usulda olib borilayapti?

Hozirgi zamon eroniy tillarning tarixiy-dialektologik tasnifi

Hozirgi zamon eroniy tillarning tarixiy-dialektologik tasnifi ularning tarixiga asoslangan. Tasnifning eng muhim kriteriyasi bo‘lib qadimgi eroniy dialektlar orasidagi tasnifdir. Qadimgi davrda g‘arbiy eroniy dialektlarning sharqiy eroniy dialektlardan ajratish usuli hozirgi eroniy tillarning tasnifiga asos bo‘ladi. Hozirgi eroniy tillar ham ikki guruhga ajratiladi: 1. G‘arbiy eroniy tillar. 2. Sharqiy eroniy tillar. Qadimgi eroniy tillar davrida g‘arbiy eroniy til (dialekt)lar guruhiga kirgan tillar hozirgi eroniy tillar davrida ham shu guruhga kiradi. Sharqiy eroniy tillar guruhiga kirgan tillar hozirgi paytda ham sharqiy eroniy tillar guruhiga kiradi.

G‘arbiy eroniy tillar ham o‘z navbatida ikki kichik guruhlarga bo‘linadi:

1) shimoliy-g‘arbiy eroniy tillar;

2) janubiy-g‘arbiy eroniy tillar.

Shimoliy-g‘arbiy eroniy til (dialekt)lar qadimgi Midiya va Parfiya hududlarida yashagan xalqlarning tiliga borib taqaladi. Ular Eron yassi tog‘liklarining shimoliy va shimoliy-g‘arbiy hududlarida yashashgan. Bularga: a) kurd tili va kurd qabilalarining dialektlari (gurani, zaza va b.); b) beluj tili; v) talish tili; g) gilyon va mezondaron dialektlari; d) markaziy Eron dialektlari (qisman fors viloyati dialektlari); ye) ormuri; yo) parachi kiradi.

Janubiy-g‘arbiy eroniy til (dialekt)lar Eron yassi tog‘liklarining janubiy-g‘arbiy qismi (parsa viloyati)da mavjud bo‘lgan qadimgi eroniy dialektlarga bog‘lanadi. Hozirgi janubiy-g‘arbiy eroniy tillar ichida fors va tojik tillarining mavqei balandroq. Ularning har ikkisi fors (tojik) klassik tilini (parsi, farsi) shahobchalaridir (IX-XVI asr). Mazkur til o‘rta fors tilining davomidir. Bu o‘rta fors tili esa parsa viloyatida yashagan aholi tilining davomidir. Janubiy-g‘arbiy eroniy tillar tarkibiga tat, lur va baxtiyor dialektlari hamda yerli fors shevalari va kumzari dialekti kiradi.

Sharqiy eroniy tillar

Sharqiy eroniy tillar Dashti Kavirdan boshlab sharqqa qarab O‘rta Osiyo va Afg‘oniston hududida qadimiy eroniy dialektlarga bog‘lanadi. Bu guruhga Qora dengiz atrofida yashagan skif qabilalarining dialektlari kiradi.

Hozirgi zamon sharqiy eroniy tillar guruhiga:

1) afg‘on tili (pashtu);

2) osetin tili;

3) pomir tallari;

4) munjon tili;

5) yag‘nob tili kiradi.

Sharqiy eroniy tillar ham o‘z navbatida ikki kichik guruhga ajraladi: a) shimoliy-sharqiy tillar; b) janubiy-g‘arbiy tillar kiradi.

Shimoliy-sharqiy (skif) guruhi. Bu guruhga hozirgi eroniy tillardan osetin va yag‘nob tillari kiradi. Osetin tili Qora dengiz atrofidagi qadimgi skif dialektlari o‘rta asrlardagi alan tilining davomchisi bo‘lsa, yag‘nob tili esa shu kungacha davom etib kelayotgan so‘g‘d dialektining variantidir.

Bu guruhga XIII-XIV asrlarda iste’moldan chiqib ketgan xorazm tili ham kiradi. Osetin va yag‘nob tillarining bir qator o‘xshash xususiyatlari bor.

Janubiy-sharqiy guruh. Hozirgi eroniy tillarda bu guruhga quyidagi tillar kiradi: a) afg‘on; b) munjon; v) pomir. Bu tillarning hammasi qadimda (er.avv. II asrlarda) sak va tohar qabilalari yashagan hududda tarqalgan bo‘lib, qadimgi baqtriya va sak-tohar dialektlarining davomidir. O‘rta eroniy til davrida bu guruhga baqtriya va sak-xotan tillari kirgan.

Sharqiy-eroniy tillarning g‘arbiy-eroniy tillardan farqlanuvchi xususiyatlari haqida

Sharqiy-eroniy tillar g‘arbiy-eroniy tillardan fonetika, morfologiya, sintaksis va leksikada bir qator muhim xususiyatlari bilan farqlanadi:

1. Sharqiy eroniy tillarda affrikatlar mavjud, g‘arbiy eroniy tillarda esa yo‘q.

2. Sharqiy eroniy tillarda so‘z boshidagi jarangli undoshlarning affrikativ holatda bo‘lishi, g‘arbiy eroniy tillarda esa odatda ular saqlanadi.

3. Sharqiy eroniy tillarda son kategoriyasida h tovushi beqaror bo‘lib, g‘arbiy eroniy tillarda esa u barqarordir.

4. Sharqiy eroniy tillarning grammatik tizimida aniqlovchi aniqlanmishdan oldin keladi. G‘arbiy eroniy tillarda esa aniqlanmish – izofa aniqlovchi va h.k.

Umuman olganda hozirgi zamon eroniy tillarning fonetik, grammatik va leksik xususiyatlarining farqlanishi qadimgi eroniy tillar davridagi eroniy tillarning xususiyatlari bilan chambarchas bog‘liq.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. I.M.Oranskiy «Vvedenie v iranskuyu filologiyu» M. 1960, 1988.

2. Osnovi iranskogo yazikoznaniya M., 1979, 1981, 1982.

3. Gamkrelidze T.V.Ivanov Vch.Vs. «Indoyevropeyskiy yazik i indoyevropeysi» tom I-II, Tbilisi, 1984.

4. Naselenie SSSR M, 1976.

-----------------------

[1] Osnova iranskogo yazikaznaniya M., 1979, 1981, 1982.

[2] Doktor Muxammad Muinning yozishicha sak kabilalari Axmoniylar davrida va undan oldin xam Eron atrofida yashaganlar... Saklar O‘rta Osiyoning ichkari kismida ya’ni Xitoy Turkistonidan to Orol dengizigacha, Eronda va Eronning o‘zidan boshlab to Don daryosigacha va bu daryodan to azim daryo Dunaygacha tarkalgan edi.

[3] Eron tillari oilasiga kiruvchi ulik tillarga shular kiradi.ha tarkalgan edi.

[4] Eron tillari oilasiga kiruvchi ulik tillarga shular kiradi. Balkim yana boshka tillar xam mavjuddir, lekin fan xozircha shular xakida ma’lumotga ega.

[5] Qarang: I.M.Dyakonov, Assira-vavilonskie istochniki po istorii Urartu, VDI, 1951 № 2-4, yana Istoriya Midii, M-L., 1956».

[6] Xorazm suzi Avestoda fakat bir marta uchraydi.

[7] Bu haqda qarang: O.Tomson, Istoriya dreyney geografii. M., 1953 g. C. 200-201.

[8] Avestoning tibbiyot, nujum, ilmu hikmat sohalariga oid matnlarini yunon tiliga tarjima qildirib, qolganini yondirib yuborishga buyurgan.

[9] Abu Rayhon Beruniyning guvohlik berishicha, zamonamizgacha oshib kelgan «Avesto» matni aslining boshda ikki qismi va zardo‘sht tomonidan og‘zaki ijod sarchashmalarining kohinlar xotirasida saqlangan eng qadimgi «Gohlari» Shopur Sosoniy hukumronligi davrida (milodning III asrida) Mugupat Kartir tomonidan yozib olingan. Xusrav I xukumronligi davrida esa (eramizning 531-573-y.) Avesto pahlaviy tiliga tarjima etilib, bu «Zand Avesto» (Avesto shahri) nomi bilan mashhur bo‘ldi. Olimlarning fikricha, Avesto Xorazm, So‘g‘d va Baqtriya yozuviga yaqin, Yunon va parfiya yozuvlarining isloh qilingan shaklida yozilgan bo‘lib, bu Avesto yozuvi deb, madaniyatimiz tarixiga kirgan.

[10] Hindistonning Bombey shahrida zardushtiylik udumini o‘rganadigan Koma ilmiy markazi mavjud. Ana shu ma’naviyat o‘chog‘ida Ardasher I davrida ko‘chirilgan Avesto nushalari shuningdek, Sankt-Peterburgdagi Saltikov – Shedrin nomidagi Davlat kutubxonasining Sharq qo‘lyozmalari bo‘limida Avestoning bir qo‘lyozmasi mavjud.

[11] Hamidjon Hamidovning “Avestoning ilmiy va adabiy qimmati” maqolasida ikkinchi bob qilib berilgan (O‘zbek tili va adabiyoti jurnali, 2000-yil, 3-son, 7-15-b. “Vvedenie v iranskuyu filologiyu” kitobida esa 4 bob qilib berilgan 78-79-betlar).

[12]

[13] Materiali po rayonirovaniyu Sredney Azii Kn. №1, chast 1, Buxara-Tashkent, 1926 g. 23 s.

................
................

In order to avoid copyright disputes, this page is only a partial summary.

Google Online Preview   Download